O‘zbekiston | 13:50 / 18.12.2025
2434
3 daqiqa o‘qiladi

“Oq oltin balosi” - yilning eng yaxshi hujjatli filmi deb topildi

Jahongir Ahmedov rejissyorligida yaratilgan “Oq oltin balosi” hujjatli filmi “Oltin Humo – 2025” milliy kinotaqdimotida “Eng yaxshi hujjatli film” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Kun.uz hamkorligida yaratilgan ushbu filmda SSSR davrida O‘zbekistonning amalda paxta plantatsiyasiga aylantirilishi, shu siyosatning ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik oqibatlari, bu jarayonlar mustaqillikdan keyingi o‘n yilliklargacha qanday ta’sir ko‘rsatgani va nihoyat paxta qulligiga qanday barham berilgani haqida so‘z yuritiladi.

Filmda SSSR davrida O‘zbekistonning amalda paxta plantatsiyasiga aylantirilishi, shu siyosatning ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik oqibatlari hamda bu jarayonlar mustaqillikdan keyingi o‘n yilliklargacha qanday ta’sir ko‘rsatgani haqida so‘z yuritiladi.

Kun.uz hamkorligida suratga olingan hujjatli filmda taniqli ekspertlar ishtirok etib, O‘zbekiston qachon va qanday qilib paxta yetishtirishga ixtisoslashgan mamlakatga aylanib qolgani, paxtachilik oqibatida aholi qanday azob-uqubatlarga duch kelgani, shuningdek, bu sohaning mamlakat xo‘jaligi va genofondiga qoldirgan asoratlari haqida fikr bildirishgan.

2000–2016 yillar oralig‘ida paxtaning iqtisodiyotdagi ulushi qisqargan bo‘lsa-da, u siyosiy hokimiyatni mustahkamlash va jamiyat ustidan nazoratni saqlab qolishning asosiy vositalaridan biri bo‘lib qolgan. Sovet davrida ta’lim tizimida majburiy mehnat amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani va bu holat mustaqillikdan keyin ham davom etilgani, yoshlar ta’lim olish o‘rniga arzon ishchi kuchi omiliga aylangan.

Filmda, shuningdek, o‘tgan asr o‘rtalariga qadar dunyodagi eng yirik ko‘llardan biri bo‘lgan Orol dengizining SSSRda amalga oshirilgan paxta siyosati natijasida qurib borgani haqida ham tarixiy dalillar keltirilgan.

“Oq oltin balosi” hujjatli filmi jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Milliy kinotaqdimotda eng yaxshi hujjatli film sifatida e’tirof etilishi buni yana bir bor tasdiqladi.

Mavzuga oid