O‘zbekiston | 15:20 / 19.04.2022
22179
3 daqiqa o‘qiladi

«Islomga bag‘ishlangan umr» – shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning ibratli hayot yo‘li haqida film

Filmda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning bolalik yillari va ta’lim olishi, mamlakatni tark etishi va qaytishi tarixi, shuningdek, buyuk ilmiy merosiga oid ma’lumotlar aks etgan.

Joriy yilning 16 aprel kuni «Hilol nashr» nashriyotida fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahullohning ibratli hayot yo‘li haqida hikoya qiluvchi «Islomga bag‘ishlangan umr» nomli hujjatli filmning targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, film butun umrini, kuch-quvvatini Islom diniga, mo‘min-musulmonlarga, el-yurt tinchligi, vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilishga bag‘ishlagan buyuk olimning sinov va mashaqqatlarga to‘la shonli hayoti haqida hikoya qiladi.

Filmning birinchi qismida marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining tavalludlaridan boshlab bolalik va maktab davrlari, madrasa va xorijda ta’lim olishi, ilmiy faoliyati va xalq xizmatida yurgan vaqtlari aks etgan.

Ikkinchi qismda esa shayx hazratlarining O‘zbekistondan chiqib ketishi, keyinroq vatanga qaytib qilgan ulkan mehnatlaridan to vafotlarigacha bo‘lgan davr yoritiladi.

Ijodkorlar, ulamoning yaqinlari va shogirdlari filmda umuman badiiy to‘qimalardan foydalanilmagani, balki barcha sahnalar shayx hazratlarining hayotida bo‘lgan ibratli voqealar ekanini ma’lum qildi. Ijodiy jamoa filmning bir necha yil davomida O‘zbekistonning ko‘plab hududlari hamda Turkiya, Liviya, Misr kabi bir qancha xorijiy davlatlarda olinganini ta’kidladi. Filmda asosan arxiv kadrlardan foydalanilgan, kadrlar yetishmagan voqealar aktyorlar yordamida sahnalashtirilgan.

Shuningdek, tadbirda «Islomga bag‘ishlangan umr» nomli hujjatli filmning tasvirga olish jarayonlari aks etgan «film haqida film» katta ekranda taqdim etildi. Ushbu videolavhada ijodiy guruhning uyushtirgan safarlari, tayyorlanish jarayonidagi chekkan zahmatlari, shayx hazratlarining oila a’zolaridan olingan tavsiya maslahatlarini ko‘rish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 9 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv jarayonida Chilonzor tumanida barpo etiladigan masjidga shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomini berish tashabbusini ilgari surgan edi

Shuningdek, prezident shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida tan olingan olim ekanligini e’tirof qilib, u kishining ilm va hayot yo‘li, boy merosini o‘rganish va xalqimizga yetkazish barchaning burchi, ekanligini ta’kidlagan

Keyinroq Prezident matbuot xizmati tarmoqlarida va «O‘zbekiston 24» telekanalida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning hayot va ilmiy yo‘li haqida hikoya qiluvchi hujjatli film ham efirga uzatilgan. 

Mavzuga oid

E`lonlar