Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tanqiddan so‘ng: taftish instansiyasi ajrimi bilan Akmal Shukurov qamoqqa qaytarildi
Apellyatsiya sudi Akmal Shukurovga tayinlangan 8 yil-u 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirib, uni qamoqdan ozod etib yuborgandi. Oradan 9 kun o‘tib, ish taftish instansiyasida qayta ko‘rildi va Shukurov qamoqqa qaytarildi: u endi 6 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Foto: IIV
Bezoriligi uchun 8 yilga qamalgan va apellyatsiya sudi tomonidan ozodlikka chiqarib yuborilgan Akmal Shukurovga oid jinoyat ishi taftish instansiyasida qayta ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar prokuraturasi taftish tartibida protest kiritib, A.Shukurovga nisbatan apellyatsiya sudi tomonidan 2025 yil 9 dekabrda chiqarilgan ajrimni bekor qilishni so‘ragan.
Protestda JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudining hukmini o‘zgartirib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan tayinlangan jazoni o‘zgartirish hamda 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “ye” bandi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘zgarishsiz qoldirish so‘ralgan.
Jinoyat ishi Toshkent shahar sudining 3 nafar sudyadan iborat taftish hay’ati tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, prokuratura protesti qanoatlantirilgan. E’lon qilingan ajrimga ko‘ra birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgartirilgan hamda apellyatsiya instansiya sudining ajrimi bekor qilingan.
Akmal Shukurovga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat doirasida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanganligi sababli ushbu kodeksning 57-moddasini qo‘llagan holda ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “ye” bandi bilan tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan tayinlangan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi aslicha qoldirilishi belgilangan.
Shu tariqa, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan Akmal Shukurovga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Uning qamoqda saqlangan kunlari tayinlangan jazodan chegirilib, o‘tash uchun 5 yil 3 oy 12 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilgan.
Toshkent shahar sudining ushbu ajrimi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga taftish tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilingan.
Akmal Shukurov ishi
Akmal Shukurov 2025 yil 16 mart kuni tunda Yakkasaroy tumanidagi “The Tower” mehmonxonasi yonida restorandan chiqqan ayolga tegajog‘lik qilgan. Ayolning turmush o‘rtog‘i xotinining sha’nini himoya qilganida Akmal Shukurov erkak va ayolga, shuningdek, voqea joyida bo‘lgan yana bir erkakka zarba bergan. Buning oqibatida ular yengil tan jarohati olishgan.
Bundan tashqari, Akmal Shukurov o‘sha kuni “The Tower” mehmonxonasi yonida uning bezorilik harakatlariga chek qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqaroning yuziga musht tushirib, unga hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazgan. Buning oqibatida 35 yoshli erkak bosh miya jarohati, o‘ng yuzidan lunji yirtilgan jarohati va spirtdan zaharlanish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Yaqinlari unda tezkor ravishda 5 soatlik miya trepanatsiyasi operatsiyasi o‘tkazilganini, so‘ngra sun’iy komaga tushirilganini aytgan.
Voqea joyidan qochib yashiringan Akmal Shukurov ko‘p o‘tmay Qozog‘istonda qo‘lga olingan va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2025 yil 24 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, Akmal Shukurovga juda ko‘p miqdorda firibgarlik, bezorilik hamda bezorilik oqibatida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatlarini sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudining 9 dekabrdagi ajrimi bilan esa 8 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirilib, Akmal Shukurov darhol sud zalidan qamoqdan ozod qilingan edi.
Mavzuga oid
14:47 / 18.12.2025
8 yilga qamalib, apellyatsiyada ozodlikka chiqqan Akmal Shukurov ishi bugun taftishda ko‘riladi
21:44 / 17.12.2025
Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha strategiya ishlab chiqildi
19:46 / 17.12.2025
Qalovini topsa, qor ham yonadi: bezoriligi uchun 8 yilga qamalgan Akmal Shukurovni apellyatsiya sudi ozodlikka chiqarib yubordi
22:09 / 13.12.2025