Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniya 535 nafar afg‘onistonlikni qabul qiladi
Pokiston hukumati ilgari Germaniya bundesveri va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilgan afg‘onistonliklarni deportatsiya qilish bilan tahdid qilmoqda. Germaniya ularga boshpana va’da qilgan edi, ammo Mers hukumati bu qarorni qisman qayta ko‘rib chiqqan.
GFR ichki ishlar vaziri Aleksander Dobrindt Germaniya yil oxirigacha gumanitar sabablar bilan mamlakatda bo‘lishga ruxsat olgan 535 nafar Afg‘oniston fuqarosini qabul qilishga tayyor ekanini bildirdi. U bu haqda 18 dekabr, payshanba kuni Redaktionsnetzwerk Deutschland (RND) mediaguruhi nashrlariga bergan intervyusida aytdi.
Gap 2021 yil avgustda “Tolibon” harakati Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olganidan keyin Pokistonga qochgan odamlar haqida ketmoqda. Ular Germaniya bundesveri va boshqa davlat tashkilotlari bilan hamkorlik qilgani uchun o‘z xavfsizligiga tahdid bo‘lishidan qo‘rqqan. Ular orasida inson huquqlari himoyachilari va ayollar huquqlari uchun kurashuvchi faol ayollar ham bor.
Aleksander Dobrindtning aytishicha, Germaniya hukumati bu afg‘onistonliklarni “imkon qadar tezroq” qabul qilishdan manfaatdor. Ilgari Pokiston hukumati Germaniyadan afg‘onistonliklarni dekabr oxirigacha qabul qilishni talab qilgan, aks holda ularni vataniga deportatsiya qilish bilan tahdid solgandi.
AFP keltirgan Amnesty International va Pro Asyl huquq himoya tashkilotlari ma’lumotlariga ko‘ra, Pokistonda Germaniyaga evakuatsiyani kutib turgan taxminan 1800 nafar afg‘onistonlik bor. Ularning ko‘pchiligi Germaniyaning davlat, nohukumat va madaniy tashkilotlarida ishlagan. “Tolibon” hokimiyatga kelgach, o‘sha paytdagi Germaniya hukumati ularni Germaniyaga olib chiqishga va’da bergan va hatto ayrimlariga tegishli hujjatlar ham bergan.
Biroq Mers boshchiligidagi yangi federal hukumat gumanitar asoslarda uchinchi mamlakat fuqarolarini qabul qilish bo‘yicha barcha dasturlarni, jumladan Afg‘oniston fuqarolarini qabul qilishni ham sezilarli darajada cheklashga kelishib olgan. Ayrim shaxslarning Germaniyada bo‘lishi to‘g‘risidagi qarorlar bekor qilingan.
AFP'ning GFR Ichki ishlar vazirligiga tayangan holda bildirishicha, Germaniya hukumati “Tolibon”ga qarshi chiqqan afg‘on fuqarolik jamiyati faollarini qabul qilishdan bosh tortgan. Dekabr boshida ular Germaniya hukumatidan “qabul qilishda siyosiy manfaat yo‘q” degan asos bilan yakuniy rasmiy rad javobini olgan, deb yozadi AFP.
250 dan ortiq nemis tashkiloti Germaniya federal hukumatiga ochiq xat yo‘llab, gumanitar sabablar bilan Germaniyada bo‘lishga ruxsat olgan afg‘onistonliklarni qabul qilishga chaqirgan. “Vaqt tugayapti — har kun hisobda. Agar bu odamlar Afg‘onistonga qaytarilsa, ularning hayoti xavf ostida qoladi”, — deya tashkilotlar bayonotidan iqtibos keltiradi AFP.
Mavzuga oid
17:37 / 09.06.2026
Afg‘onistonda davlat xizmatchilariga smartfondan foydalanish taqiqlandi
10:40 / 09.06.2026
Yevropaning yangi avlod jangovar samolyoti loyihasi to‘xtatildi
11:20 / 08.06.2026
O‘zbekiston fuqarolarini Germaniya mehnat bozoriga jalb etish kengaytiriladi
08:40 / 06.06.2026