Jahon | 15:51
1308
5 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: YeI va AQSh bosimi bo‘lmasa, Putin muloqotga bormaydi

Ukraina prezidenti Zelenskiy Yevropa yetakchilarini siyosiy irodani namoyon etishga va Ukrainaga ko‘mak uchun RFning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish haqida qaror qabul qilishga chaqirdi. Uning aytishicha, Kreml diplomatiyani istamaydi.

Foto: Reuters

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralarga Kremlni majbur qilish uchun Moskvaga YeI va AQSh tomonidan sezilarli bosim zarur, deb hisoblaydi. U 18 dekabr, payshanba kuni Bryusseldagi YeI sammitiga yo‘l olganida jurnalistlar bilan suhbatda shunday dedi: agar Yevropa Ittifoqi Ukrainaga keyingi moliyalashtirish masalasida kelisha olmasa, bu Kiyev uchun yanada ojiz pozitsiyani va diplomatik yo‘l bilan hal etishga tahdidni anglatadi.

Zelenskiyning ishonch bildirishicha, agar ushbu sammitda Ukrainaga yordam uchun muzlatilgan Rossiya mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha qaror qabul qilinmasa, Rossiya prezidenti Vladimir Putin muzokaralar stoliga o‘tirmaydi. “Va bu mutlaqo tushunarli: u aniq diplomatik yo‘lni istamaydi. Hech qanday diplomatiyani, hech qanday muloqotni aniq istamaydi”, — deya “Yevropeyskaya pravda” uning so‘zlarini keltiradi.

Zelenskiy ta’kidlashicha, Ukraina zaifroq pozitsiyada — chunki urushni davom ettirish uchun mablag‘ yetishmayapti. “Putinda bizni egallash istagi kuchayyapti, chunki biz shunday ahvoldamizki, hayot uchun ham, qurol uchun ham pul yetishmaydi. U biz yanada kuchsiz va himoyasiz bo‘lishimizni tushunadi”, — dedi u.

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, mamlakati urushni diplomatik yo‘l bilan yakunlash uchun bor kuchini sarflayapti, ammo mudofaa ehtiyojlari uchun ham mablag‘ kerak. “Agar bu — urush bo‘lsa, bizga bu pullar kerak. Armiyamiz va mudofaa ishlab chiqarishimizni qo‘llab-quvvatlash uchun shunday qaror kerak. Albatta, yevropaliklar tomonidan ham, AQShdan havo mudofaasi uchun raketalar ham”, — deb tushuntirdi u.

Zelenskiy muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi yevropaliklarning siyosiy irodasiga bog‘liq, deb ishonishini bildirdi. “Men barcha yetakchilar bilan gaplashaman, dalillarimizni keltiraman va ijobiy qaror olishimizga juda umid qilaman. Busiz Ukraina uchun katta muammo bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, Zelenskiy fikricha, agar Rossiyaga qarshi sanksiyalar haqiqatan amal qilsa va AQSh Kremlga bosim o‘tkazsa, Moskva urushni odatdagi hajmda moliyalashtira olmasligi ehtimol. “Putin berayotgan signallar biz uchun mutlaqo yangi emas. Men doimo u urushni tugatishni istamaydi, deb aytganman. Savol — u uni davom ettira oladimi? Bu esa hamkorlarimizga, ularning bosimiga bog‘liq”, — dedi u jurnalistlarga.

Zelenskiy, bir vaqtning o‘zida, 19–20 dekabr kunlari Floridada Ukraina va AQSh delegatsiyalari o‘rtasida yangi muzokaralar bo‘lishini tasdiqladi. Ularning mavzulari AQSh taklif qilayotgan tinchlik rejasi, xavfsizlik kafolatlari va Rossiya tajovuziga qarshi mudofaalanayotgan Ukrainani tiklash masalalari bo‘ladi. Uning aytishicha, Ukraina delegatsiyasi allaqachon yo‘lga chiqqan.

Volodimir Zelenskiy YeI sammitida ishtirok etishi aytilgandi. Sammitning asosiy masalasi — Yevrokomissiya taklif qilgan, Ukrainaga kredit berishning murakkab sxemasi. U Ukraina uchun “reparatsion kredit”da muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanishni, shuningdek YeI davlatlarining milliy kafolatlarini nazarda tutadi. Rossiyaga pullarni qaytarish faqat urush tugagach, Rossiya Ukrainaga reparatsiyalar to‘lagan taqdirdagina mumkin bo‘ladi.

YeI Kengashi 12 dekabr kuni muzlatilgan aktivlardan mablag‘larni RFga qayta o‘tkazishni vaqtincha taqiqladi. Taqiq YeIda Rossiya harakatlari natijasida urush kontekstida “iqtisodiy vaziyat yanada jiddiy yomonlashib ketishi xavfi saqlanib turgan” barcha vaqt mobaynida kuchda qoladi. Xuddi o‘sha kuni RF Markaziy banki Moskva sudiga Euroclear’ga qarshi da’vo arizasi kiritgan.

Avvalroq Germaniya va YeIning boshqa davlatlari ko‘pchilik ovoz bilan Rossiyaning YeIda muzlatilgan mablag‘larini qaytarishga nisbatan muddatsiz taqiq joriy etishga qaror qilgan edi. Bu qadam YeI davlatlariga aktivlarni muzlatish masalasini har olti oyda, avvalgidek, qayta ovozga qo‘ymaslik imkonini beradi.

Mavzuga oid