Jahon | 09:41 / 20.12.2025
2101
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Suriyada IShID obektlariga zarba berdi

Pentagon ma’lum qilishicha, AQSh Suriyada IShIDga tegishli 70 dan ortiq obektga zarba bergan. Hujumlar Damashq bilan muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilgan.

Foto: Reuters

AQSh harbiylari shanbaga o‘tar kechasi, 20 dekabr kuni Suriyadagi IShID terroristik guruhining obektlariga zarba berdi. Hujumlar IShID jangchilariga, shuningdek guruhning infratuzilma obektlari va qurol-aslaha omborlariga qaratilgani haqida AQSh mudofaa idorasi rahbari Pit Hegset X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

Zarbalar Suriyaning markaziy hududlarida joylashgan nishonlarga berilgan, jami 70 dan ortiq obekt yo‘q qilingan, deb yozadi AFP agentligi Pentagon vakiliga tayanib. Al Hadath telekanali ma’lumotiga ko‘ra, AQSh bazalaridan biridan raketalar Deyr-az-Zor, Raqqa va Homs viloyatlari tomon uchirilgan. Zarbalar qiruvchi samolyotlar va zarbali vertolyotlar yordamida ham amalga oshirilgan.

Pentagonda o‘tkazilgan operatsiya Hawkeye Strike deb nomlangan. Bu AQShning so‘nggi oylarda Yaqin Sharqdagi mazkur mamlakatda o‘tkazgan yagona operatsiyasi emas — Amerika qo‘shinlari bunday hujumlarni Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan keyin mamlakatni boshqarayotgan vaqtinchalik Suriya hokimiyati bilan muvofiqlashgan holda amalga oshirib kelmoqda.

Hegsetning aytishicha, AQSh hujumi 13 dekabr kuni Palmira shahrida IShID jangarisining Suriya xavfsizlik xizmatlari va amerikalik harbiylar ishtirokidagi qo‘shma patrulga qilgan hujumiga javob bo‘lgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, o‘shanda AQSh armiyasining ikki nafar harbiy xizmatchisi, shuningdek tarjimon — u ham AQSh fuqarosi — va ikki nafar suriyalik halok bo‘lgan. Yana uch nafar amerikalik harbiy yaralangan. Patrulga uyushtirilgan pistirmani yakka tartibda harakat qilgan jangari tashkil qilgan, u javob o‘qi bilan o‘ldirilgan.

“Bu urushning boshlanishi emas — bu qasos e’loni… Biz o‘sha vahshiy hujumdan keyin darhol aytganimizdek, agar qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, dunyodagi istalgan joyda amerikaliklarga hujum qilsangiz — qolgan qisqa, xavotirli umringizni AQSh sizni ovlashini, topishini va ayovsiz o‘ldirishini bilib o‘tasiz”, — dedi Hegset IShIDga qarshi zarbalar haqida izoh berib.

Bundan avval AQSh prezidenti Donald Tramp guruhga hujum uchun “juda jiddiy” javob berishini va’da qilgan edi. U, shuningdek, Vashington Damashq bilan aloqada ekanini aytgan — uning bayonotidan Suriya hokimiyati AQShning IShID harakatlariga javob choralariga to‘sqinlik qilmasligi kelib chiqadi.

16 dekabr kuni Tramp AQSh hududiga kirish to‘liq taqiqlanadigan davlatlar ro‘yxatini kengaytirdi. 2026 yil 1 yanvardan kuchga kiradigan yangi cheklovlar 20 ta davlat va hudud fuqarolariga taalluqli bo‘ladi — ular orasida Suriya ham bor, shuningdek Falastin milliy ma’muriyati tomonidan berilgan hujjatlarga ega bo‘lgan falastinliklar ham kiritilgan.

Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddatida ham suriyaliklar uchun AQShga kirish taqiqini joriy etgan edi. U buni “o‘ta muvaffaqiyatli” chora deb atagan va u AQShda terrorchilik hujumlarining oldi olinganini bildirgan. Shu bilan birga, noyabr oyi boshlarida Tramp Vashingtonda Suriyaning vaqtinchalik prezidenti Ahmad ash-Shar’ani qabul qildi — AQSh Davlat departamenti uni mamlakatga kelishidan bir sutka oldingina terrorchilar ro‘yxatidan chiqargan edi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid