Jahon | 10:04 / 20.12.2025
1997
3 daqiqa o‘qiladi

Umerov: AQShdagi uchrashuv yakunlandi, muzokaralar davom etadi

Ukraina delegatsiyasi AQSh va YeI vakillari bilan Mayamida o‘tkazilgan uchrashuvni yakunladi, dedi Rustam Umerov. Keyin AQSh–Rossiya muzokaralari bo‘lib o‘tadi.

Foto: DPA

Ukraina delegatsiyasi — unga mamlakat Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi rahbari Rustam Umerov boshchilik qilmoqda — Mayamida AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati vakillari bilan olib borilgan muzokaralarni yakunladi. Uchrashuv mahalliy vaqt bilan juma kuni, 19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgani va u tugagani haqida Umerov o‘zining Telegram kanalida xabar qildi.

Umerov muhokama tafsilotlarini keltirmadi, ammo uchrashuvda Kiyevning “yevropalik hamkorlari” ham ishtirok etganini qayd etdi. “AQShda amerikalik va yevropalik hamkorlar bilan uchrashuvni yakunladik. Uning natijalari bo‘yicha Ukraina prezidentini xabardor qildim. Amerikalik hamkorlarimiz bilan keyingi qadamlar va yaqin vaqt ichida qo‘shma ishni davom ettirish bo‘yicha kelishib oldik”, — deb yozdi u.

AQShga safar oldidan Umerov Mayamida tomonlar 23 noyabr kuni Jyenevada Ukraina va AQSh delegatsiyalari uchrashuvida muhokama qilingan ishlanmalarni ko‘rib chiqishini ta’kidlagan edi. Ular esa, o‘z navbatida, “Trampning Ukraina bo‘yicha rejasi” deb ataluvchi hujjat asosida tayyorlangan.

20 va 21 dekabr kunlari Mayamida Rossiya delegatsiyasi kelishi kutilmoqda — unga Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev boshchilik qiladi. U, shuningdek, AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner bilan muzokaralar o‘tkazadi.

Uitkoff va Kushner 14–15 dekabr kunlari Berlinda Ukraina delegatsiyasi bilan ham muzokaralar olib borgan, unda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham qatnashgan edi. O‘sha uchrashuvlar natijasida amerikaliklar tomoni Ukrainaga Rossiya boshlagan urush yakunlansa, xavfsizlik kafolatlari berilishini va’da qilgan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp rejasidagi asosiy kelishmovchilik nuqtalaridan biri — Rossiya tomonidan hali egallanmagan Donetsk va Luxansk viloyatlari hududlarini amalda Rossiyaga topshirishni nazarda tutuvchi band bo‘lgan. AFP agentligi qayd etishicha, Berlindagi uchrashuvda Moskvada yaxshi qabul qilinadigan Kushner va Uitkoff ham aynan shu talabni ilgari surgan.

Hujjat muhokamasi fonida hududlarni topshirish talabi Kreml tomonidan ochiq va tez-tez yangray boshladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu talablarni Kiyev uni bajarmasa, Ukraina hududlarini kuch bilan egallash tahdidlari bilan uyg‘unlashtirmoqda. 19 dekabr kuni o‘tgan o‘zining “to‘g‘ridan to‘g‘ri liniya”sida Kreml rahbari yana bir bor shu hududiy da’volarni tilga oldi.

Ukraina esa, Volodimir Zelenskiy bir necha kun avval aytganidek, Donbassni na de-fakto, na de-yure Rossiyaniki deb tan olmaydi. Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, AQSh bu masalada “murosa izlamoqda”

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid