Jahon | 08:42
1722
2 daqiqa o‘qiladi

Krasnodar o‘lkasi: dronlar quvur va 2 ta kemaga zarar yetkazdi

Krasnodar o‘lkasining Volna qishlog‘idagi ikki prichal va ikki kema dronlar hujumi oqibatida shikastlangan. Bu haqda mintaqa tezkor shtabi xabar berdi. Avvalroq u shu qishloqdagi terminallardan biriga tegishli quvur o‘tkazgichda yong‘in chiqqanini ma’lum qilgan edi.

Foto: Stringer/REUTERS

Krasnodar o‘lkasining Temryuk tumanidagi Volna qishlog‘ida ikki prichal va ikki kema uchuvchisiz uchish qurilmalari hujumi natijasida shikastlangan. Bu haqda Krasnodar o‘lkasi tezkor shtabi 22 dekabr, dushanbaga o‘tar kechasi Telegram’da xabar qildi.

“Kemalar bortida bo‘lganlarning barchasi evakuatsiya qilindi. Na ekipaj a’zolari, na sohildagi xodimlar orasida jabrlanganlar yo‘q”, — deyiladi xabarda. Shuningdek, dronlar hujumi oqibatida prichallarda maydoni 1 mingdan 1,5 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan yong‘inlar kelib chiqqan. “Hozirda yong‘inlarni faol o‘chirish ishlari olib borilmoqda. Joyda tezkor va maxsus xizmatlar ishlayapti”, — deb xabar beradi Krasnodar o‘lkasi tezkor shtabi.

Bundan avval, 21 dekabr kechqurun shu Telegram-kanalda Volna qishlog‘idagi terminallardan birida dron parchalari quvur o‘tkazgichni shikastlagani xabar qilingan edi. Unda yuzaga kelgan yong‘in maydoni 100 kvadrat metr ekani, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘qligi aytilgan.

Shu bilan birga, RF Mudofaa vazirligi Telegram’da 20:00 dan 23:30 gacha (Moskva vaqti) navbatchi havo mudofaasi vositalari tomonidan Ukrainaning samolyot turidagi 35 ta droni to‘xtatib qolingani va yo‘q qilingani haqida ma’lum qildi. Jumladan, 23 ta dron Qora dengiz hududi ustida, 6 tasi esa qo‘shib olingan Qrim hududi ustida yo‘q qilingan. Yana 3 tadan dron Azov dengizi akvatoriyasi ustida va Belgorod viloyati ustida zararsizlantirilgan.

Mavzuga oid