Iqtisodiyot | 15:50 / 22.12.2025
833
2 daqiqa o‘qiladi

Polshada O‘zbekiston logistika habi tashkil etilishi mumkin

Polshadagi elchixona diplomatlari ushbu mamlakat Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish milliy markazi (KO WR) bosh direktori o‘rinbosari Lusian Zvolak bilan uchrashib, agrar sohada hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekiston logistika markazi (hab) tashkil etish masalalarini muhokama qildi.

Foto: “Dunyo” AA

“Dunyo” AA muxbiri xabar qilishicha, muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar quyidagi kelishuvlarga erishdi:

  • KO WR'ga tegishli bo‘lgan Mazoviya va Lodz voyevodaliklari chegarasida joylashgan ikki binodan birini o‘zaro tamoyil asosida O‘zbekiston logistika markazi (hab) uchun ajratish;
  • O‘zbekistondan Polshaga ishchi guruh tashrifi chog‘ida loyiha takliflarini shakllantirish;
  • O‘zbekistondan malakali ishchilar yoki agrar universitetlar talabalarini KO WR'ga qarashli 40 ta qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan kompaniyalarda mavsumiy ishlarga jalb etish;
  • Polsha kompaniyalarining 2026 yil 1–3 aprel kunlari Toshkentda o‘tadigan UzFood – 2026 xalqaro ko‘rgazmasida ishtirokini ta’minlash;
  • O‘zbekiston korxonalarining AGROTECH (Kelse, 2026 yil 13–15 mart) va POLAGRA (Poznan, 2026 yil 23–25 sentabr) xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashishini qo‘llab-quvvatlash.

Uchrashuvda Lusian Zvolak ikki davlat o‘rtasidagi eksport-import aloqalari yildan yilga kengayib borayotganini ta’kidladi. Jumladan, 2024 yilda Polshadan O‘zbekistonga 72 million yevro qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilingan, O‘zbekistondan Polshaga mazkur mahsulotlar importi 10 million yevroni tashkil etgan. U kelgusida ushbu ko‘rsatkichlarni uch barobar oshirish uchun imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid