Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Ukrainskaya pravda”: Timur Mindich Isroilda
Volodimir Zelenskiyning ko‘p yillik hamkori va “Energoatom”dagi korrupsiya mojarosi figuranti Timur Mindich Isroilda ekani haqida “Ukrainskaya pravda” yozmoqda. Jurnalistlar Mindich tasvirlangan, deb aytilgan suratni e’lon qildi.
Foto: Ukrainskaya pravda
Kiyevdagi “Ukrainskaya pravda” internet-nashri jurnalistlari Isroilda Timur Mindichni aniqlagan. U — Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning uzoq yillik safdoshi va “Kvartal 95” studiyasining hammuassislaridan biri. Nashr yozishicha, Mindich “Energoatom” davlat korxonasidagi korrupsiya ishi doirasida uning uyida tintuvlar o‘tkazilishidan bir necha soat oldin mamlakatdan chiqib ketgan. Bu haqda nashr 21 dekabr, yakshanba kuni xabar qildi.
“Ukrainskaya pravda” o‘z muxbiri olgan, Mindich tasvirlangan, deb ta’kidlangan fotosuratni e’lon qildi. Unda soqoli oqara boshlagan, quyoshdan himoya qiluvchi ko‘zoynak taqqan va qora shapka kiygan erkak aks etgan. Surat qaysi shaharda olingani maqolada aniq ko‘rsatilmagan; shuningdek, video olish yoki bu shaxs bilan gaplashishga muvaffaq bo‘lingan-bo‘linmagani ham aytilmaydi. Ammo jurnalistlar tafsilotlarni keyinroq oshkor qilishga va’da bergan.
Dekabr oyi boshida, 2023 yil sentabridan beri bir necha ayblovlar bilan hibsda bo‘lgan ukrain oligarxi Igor Kolomoyskiy 28 noyabr kuni Isroilda Mindichga nisbatan suiqasd qilishga urinish bo‘lganini bildirgan.
“Bu qotillikka urinish edi, hujum qilganlar hibsga olingan. Natijada uy xizmatkori og‘ir yaralangan, lekin tirik qolgan”, — deya oligarxning so‘zlarini keltirgan “Strana” nashri. Kolomoyskiyning aytishicha, qasd qiluvchilar uyni adashtirib yuborgani uchun suiqasd muvaffaqiyatsiz chiqqan. Keyinchalik u hujumchilar qurolni go‘yo Ukraina elchixonasidan olganini ham qo‘shimcha qilgan.
Biroq “Strana”ning Mindich atrofidagi manbalari suiqasd bo‘lmaganini aytgan, shuningdek “Mindichning hayoti va sog‘lig‘iga hech narsa tahdid qilmayapti”, deb bildirgan. Isroil politsiyasi ham qotillikka urinish haqida ma’lumotga ega emasligini aytgan. Kolomoyskiy esa buni hodisa yuzasidan tekshiruvni mamlakat ichki xavfsizlik xizmati olib borayotgani bilan izohlagan.
Noyabr oyi boshida Ukraina Milliy antikorrupsiya byurosi va Maxsus antikorrupsiya prokuraturasi “Energoatom” davlat kompaniyasida yirik korrupsiya sxemasi fosh etilganini ma’lum qilgan. 10 noyabr kuni huquq-tartibot idoralari kompaniyaning o‘zida, shuningdek sobiq energetika vaziri German Galushchenko va Timur Mindichning uyida tintuv o‘tkazgan.
Milliy antikorrupsiya byurosi xabar qilishicha, “jinoiy tashkilotning asosiy faoliyat yo‘nalishi ‘Energoatom’ kontragentlaridan shartnoma qiymatining 10–15 foizi miqdorida noqonuniy manfaatni tizimli ravishda olish bo‘lgan. Xususan, kontragentlarga ko‘rsatilgan xizmat/yetkazib berilgan mahsulot uchun to‘lovlar bloklanishining oldini olish yoki yetkazib beruvchi maqomidan mahrum qilinishdan qochish evaziga pul to‘lash shartlari majburan yuklatilgan”, — deyilgan bayonotda.
Volodimir Zelenskiy 13 noyabr kuni Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining Mindichga, shuningdek ushbu ishda tilga olingan va mamlakatni tark etgan moliyachi Aleksandr Tsukermanga nisbatan sanksiyalar joriy etish haqidagi qarorini tasdiqlagan. Jazo choralari uch yilga kiritilgan, ammo ayrim cheklovlar muddatsiz amal qiladi.
Davlat rahbarining farmonidan kelib chiqishicha, ikkalasida ham Isroil fuqaroligi bor. 22 noyabr kuni Mindich va Tsukerman qidiruvga berilgan, 19 dekabr kuni esa Ukraina Xavfsizlik xizmati Mindichga nisbatan davlatga xiyonat bo‘yicha ish qo‘zg‘atgani ma’lum bo‘lgan.
Mavzuga oid
10:00 / 14.12.2025
Naqdsiz savdo talabi, metanga cheklov va korrupsiyaga qarshi klaster - hafta dayjesti
20:39 / 10.12.2025
Korrupsiyaga qarshi kurashish klasteri yo‘lga qo‘yiladi
08:30 / 07.12.2025
Somsaxonalarda reyd, inversiyaning tugashi va mundialdagi raqiblar - hafta dayjesti
08:03 / 01.12.2025