Jahon | 10:31 / 23.12.2025
2583
2 daqiqa o‘qiladi

RF dronlari Odessadagi port infratuzilmasiga zarar yetkazdi

RF Qurolli kuchlarining dronlar hujumi oqibatida Odessa shahrining portga yaqin infratuzilmasi, shuningdek, bir fuqarolik kemasi shikastlangan. Bu haqda viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiper ma’lum qildi. Jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.

Foto: Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati

Rossiya yana bir bor Odessaga dronlar bilan hujum qildi. Natijada shaharning portga yaqin infratuzilmasi, shuningdek, bir fuqarolik kemasi zarar ko‘rdi. Bu haqda viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiper dushanba kuni, 22 dekabr kechqurun Telegram'da xabar qildi.

“Oqibatlarni bartaraf etish ustida tegishli xizmatlar ishlayapti, — deb qayd etdi mansabdor. — Jabrlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmadi”.

Shu kuni, 22 dekabr tongda, Odessa shahar harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak Telegram'da RFning shaharga tun davomida qilgan ikki hujumi oqibatlari haqida ma’lum qildi. Uning yozishicha, bu hujumlar natijasida 30 yoshli erkak jabrlangan: u o‘rtacha og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan. Shuningdek, muhim infratuzilma obektiga zarar yetgani sababli Odessaning tumanlaridan biriga qarashli hudud bir qismi vaqtincha elektr ta’minotisiz qolgan.

19 dekabr kechqurun Rossiya Odessa viloyatiga ommaviy zarba bergan edi. Oleg Kiper ma’lumotlariga ko‘ra, o‘shanda kamida 8 kishi halok bo‘lgan, yana 27 kishi yaralangan. RF zarbasi Kiper aniq aytmagan “Odessa tumani port infratuzilmasi obekti”ga to‘g‘ri kelgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum vaqtida ballistik raketalar qo‘llangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid