Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp: AQSh Venesuela yaqinida ushlangan tankerlar va neftni o‘zlashtiradi
AQSh Venesuela sohili yaqinida ushlab qolingan, sanksiyalar ostidagi tankerlarni ham, ular bortdagi neftini ham o‘z tasarrufida qoldiradi. Donald Trampning bildirishicha, bu neft strategik zaxira sifatida ishlatilishi mumkin.
Venesuela sohillari yaqinida ushlab qolingan, sanksiyalar ostidagi neft tankerlari AQSh mulkida qoladi. Bunday bayonotni AQSh prezidenti Donald Tramp dushanba kuni, 22 dekabrda jurnalistlar bilan muloqotda berdi.
U Venesuela sohili yaqinida 10 dekabr kuni ushlab qolingan neft tankeri haqidagi savolga javoban, mazkur kemaning bortidagi xom neft ham AQSh mulki sifatida qolishini bildirdi. Trampning aytishicha, bu xomashyo strategik zaxira sifatida qo‘llanishi mumkin.
So‘nggi paytlarda AQSh Karib dengizida Vashington ma’lumotlariga ko‘ra, Venesuela sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanayotgan ikkita kemani allaqachon ushlagan. Bundan tashqari, OAV xabarlariga ko‘ra, 22 dekabrdan beri AQSh ehtimol ushbu davlatning “soya flot”i tarkibiga kiruvchi uchinchi tankerni ta’qib qilmoqda.
16 dekabr kuni Donald Tramp Venesuelaga ketayotgan yoki undan chiqib ketayotgan sanksiyalar ostidagi neft tankerlariga nisbatan dengiz blokadasini joriy etish to‘g‘risida farmoyish berdi. Ertasi kuni, 17 dekabrda, Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Venesuela AQShdan “ilgari o‘g‘irlagan neft, yer va boshqa aktivlar”ni “darhol” qaytarishini talab qildi.
Karakasda AQSh talablari xalqaro huquqni buzuvchi “tahdid” deb ataldi.
2000-yillar boshida Venesuela barcha neft konlarini milliylashtirgan edi. Bu xorijiy kompaniyalar, jumladan AQSh kompaniyalari manfaatlariga ham ta’sir qilgan va kompensatsiya talablari bilan bog‘liq mojaro kelib chiqqan. 22 dekabr kuni jurnalist savoliga javoban Tramp o‘sha paytda mulki musodara qilingan yirik amerikalik neft qazib chiqaruvchi konsernlar bilan gaplashganini tasdiqladi. Biroq u bu muzokaralar mazmunini oshkor qilmadi.
AQSh hukumati Venesuela rahbari Nikolas Maduroni iste’foga ketishga majburlamoqchimi, degan savol yuzasidan Donald Tramp shunday dedi: “U nima qilishni xohlasa, o‘zi hal qiladi. O‘ylaymanki, uning bunday qilishi aqlli ish bo‘lar edi”. “Agar u nimadir qilishni, qat’iyat ko‘rsatishni istasa, bu — qat’iyat ko‘rsata oladigan so‘nggi marta bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi AQSh yetakchisi.
O‘z navbatida, Nikolas Maduro 22 dekabr kuni Trampning Venesuelaga ketayotgan yoki undan chiqib kelayotgan neft tankerlariga nisbatan blokada joriy etish ko‘rsatmasini izohlar ekan, AQSh prezidentiga Karakasga tahdid qilish o‘rniga “ichki iqtisodiy va ijtimoiy muammolarga diqqat qaratish” yaxshiroq bo‘lishini aytdi.
Mavzuga oid
22:12 / 11.06.2026
AQSh Ukraina va Erondagi urushlar tufayli dunyodagi eng yirik neft eksportchisiga aylandi
21:17 / 11.06.2026
Tramp Eron neft va gaz bozorlarini «to‘liq Amerika nazorati ostiga» olishga va’da berdi
20:29 / 11.06.2026
Eron afsonaviy Apacheʼni urdi. Urush qaytalandi
14:07 / 11.06.2026