O‘zbekiston | 19:38
4379
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Oqqulov turizm qo‘mitasiga qaytdi

Qo‘mitaga 2023 yildan buyon rahbarlik qilgan Umid Shodiyev boshqa ishga o‘tkazilgan.

Abdulaziz O‘rolboyevich Oqqulov Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shuningdek, Umid Rustamovich Shodiyev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan mazkur qo‘mita raisi lavozimidan ozod etilgan.

Abdulaziz Oqqulov 1985 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. 2007 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining magistratura bosqichini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2005 yilda «O‘zstandart» agentligida mutaxassis lavozimidan boshlagan. 2006–2017 yillarda «O‘zbekturizm» milliy kompaniyasida turli lavozimlarda ishlagan.

2017–2018 yillarda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Axborot-tahlil boshqarmasi boshlig‘i, 2018 yilda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, 2018–2020 yillarda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchisi, 2020–2022 yillarda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari (keyinroq Turizm va sport vaziri o‘rinbosari) lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2022 yil aprelident buyon O‘zbekistonning BAAdagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimida ishlayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil iyulida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzurida Turizm qo‘mitasi tashkil etilgan va Umid Shodiyev qo‘mita raisi etib tayinlangandi. Uning keyingi lavozimi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Mavzuga oid