Jahon | 15:17 / 24.12.2025
3986
4 daqiqa o‘qiladi

AP: Rossiya Venesueladan diplomatlar oilalarini evakuatsiya qilishni boshladi

Yevropa razvedkasidagi manbalar AP agentligiga aytishicha, Rossiya diplomatlari Venesueladagi vaziyatni “juda umidsiz” deb baholamoqda. RF TIV esa evakuatsiyani inkor etmoqda.

Foto: Valeriy Sharifulin / TASS

Rossiya Venesuela poytaxti Karakasdan o‘z diplomatlarining oila a’zolarini evakuatsiya qilishni boshladi. Bu haqda 23 dekabr, seshanba kuni Associated Press (AP) agentligi Yevropa razvedkasidagi manbalarga tayanib xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, evakuatsiya 19 dekabr sanasidayoq boshlangan. AP suhbatdoshiga ko‘ra, RF Tashqi ishlar vazirligi xodimlari Venesueladagi vaziyatni “juda umidsiz” deb baholamoqda.

O‘z navbatida, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi diplomatlar oilalarini evakuatsiya qilish haqidagi ma’lumot “haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deb bayonot berdi. Vazirlik so‘zlarini tasdiqlash uchun Venesuelada yashovchi rossiyaliklar uchun o‘tkazilgan bolalar yangi yil bayrami tadbiridan fotosuratlar ham e’lon qildi.

Bundan bir kun oldin Venesuela tashqi ishlar vaziri Ivan Xil RF TIV rahbari Sergey Lavrov mamlakatini AQSh tomonidan neft tankerlariga nisbatan qo‘llanayotgan blokada va Vashingtonning rasmiy Karakasga bosimi munosabati bilan qo‘llab-quvvatlashini bildirganini aytgan.

Hafta oxirida AQSh prezidenti Donald Tramp Venesueladan AQShga narkotrafik to‘xtatilmaguncha Maduro hukumatiga bosimni davom ettirishini aytdi.

2025 yil dekabrda AQSh xalqaro suvlarda Venesuela nefti tashilayotgan ikkita tankerni qo‘lga olgan. Amerika hokimiyatlari bu kemalarni “Venesuelaning ‘soya flot’ining bir qismi” deb atagan: ular, Vashington ta’kidlashicha, “o‘g‘irlangan neftni kontrabanda qilish va Maduroning narkoterrorchilik rejimiga mablag‘ yo‘naltirish” uchun ishlatilgan. 16 dekabr kuni Donald Tramp Venesuelaga kirib-chiqayotgan barcha neft tankerlariga nisbatan “to‘liq va mutlaq” blokada qo‘llash haqida buyruq berganini ma’lum qildi.

Tramp ma’muriyati Nikolas Maduroni legitim prezident sifatida tan olmaydi va Venesuela hukumatini narkotrafikka qarshi kurashda yetarlicha chora ko‘rmayotganlikda hamda narkokartellar bilan aloqalarda ayblaydi. AQSh Karib dengizidagi ishtirokini sezilarli kuchaytirgan: mintaqaga USS Gerald R. Ford aviatashuvchisi va kamida yana sakkizta harbiy kema, shuningdek F-35 qiruvchilari yuborilgan. Amerika harbiylari, Vashington ta’kidlashicha, narkotrafikda ishtirok etayotgan kemalarga zarbalar bermoqda.

Kuzda CNN telekanali Tramp Venesuelada quruqlikdagi operatsiya variantni ham ko‘rib chiqayotgani, biroq hozircha yakuniy qaror qabul qilmaganini xabar qilgan.

2025 yil noyabr boshida AQSh prezidenti Maduroning hokimiyatdagi “kunlari sanoqli” ekanini aytgan. Tramp ma’muriyati Venesuela prezidenti va mamlakatdagi yuqori lavozimli mansabdorlar tarmog‘ini Cártel de los Soles (tarjimasi: “Quyoshlar karteli”) bilan bog‘laydi.

2020 yilda, Donald Trampning birinchi prezidentlik muddatida, AQSh Venesuela rahbarini “narkoterrorizm”da ayblab, uni qo‘lga olish uchun 15 mln dollar mukofot belgilagan. 2025 yil yanvarda bu summa 25 mln dollarga, avgustda esa 50 mln dollarga oshirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid