O‘zbekiston | 23:34 / 25.12.2025
838
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri uchun dizayn-kod ishlab chiqildi

Citymakers International va Toshkent Invest kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan dizayn-kod yaxlit, qulay va xavfsiz shahar muhitini shakllantirishga qaratilgani ta’kidlanmoqda va tez orada jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

25 dekabr kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qurilish, kommunal xo‘jalik, suv xo‘jaligi, ekologiya, sanoat va transport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining yig‘ilishida Toshkentning «uzoq kutilgan» dizayn-kodini joriy etish va qo‘llashni tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilindi.

Ta’kidlanishicha, dizayn-kod Citymakers International va Toshkent Invest kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Hujjat yaxlit, qulay va xavfsiz shahar muhitini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, poytaxtdagi binolar va jamoat joylarining tashqi ko‘rinishi uchun yagona va tushunarli qoidalarni belgilaydi, shuningdek, shahar muhitining yangi madaniyatini - jonli, tartibli va ko‘rkam ko‘rinishni shakllantiradi.

Citymakers International kompaniyasi yirik shaharlar va aglomeratsiyalarda, jumladan Moskva, Sankt-Peterburg, shuningdek, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi va boshqa MDH davlatlari hududlarida shunday yechimlarni joriy etish bo‘yicha amaliy tajribaga ega. Bu esa Toshkentning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda «eng yaxshi xalqaro va mintaqaviy amaliyotlarni moslashtirish» imkonini berdi.

Dizayn-kodini tartibga solishning asosiy yo‘nalishlari:

- binolar arxitekturasi: materiallar, rang yechimlari, fakturalar, fasadlar, vitrinalar va kirish qismlarini bezash;

- peshlavhalar va reklama: o‘lchamlari, shriftlari, yoritilishi va ruxsat etilgan joylashuvi;

- obodonlashtirish: trotuarlar, ko‘cha yoritgichlari, o‘rindiqlar, axlat qutilari, ko‘kalamzorlashtirish elementlari;

- ko‘cha elementlari: to‘siqlar, yo‘l ko‘rsatkichlari, jamoat transporti bekatlari, kichik me’moriy shakllar;

- tarixiy muhit: yodgorliklar va tarixiy hududlarning me’moriy qiyofasini saqlab qolish chora-tadbirlari.

Hujjat vizual tartibga solishdan tashqari, yondosh hududlardan oqilona va tartibli foydalanish masalalarini ham qamrab oladi, shuningdek, ijtimoiy va shahar ahamiyatini hisobga olgan holda alohida rejimli sayyohlik ko‘chalari ro‘yxatini belgilaydi.

Xabarga ko‘ra, dizayn-kodning joriy etilishi «tadbirkorlik faolligining qo‘shimcha o‘sishi, yondosh hududlardan yanada samarali va qonuniy foydalanish, biznes va aholi daromadlarini oshirish uchun sharoit yaratadi, shuningdek, shahar muhitining qulayligi va xavfsizligini oshiradi».

Kengash qaroriga ko‘ra, dizayn-kodni tartibga soluvchi ilovalar tez kunda regulation.gov.uz platformasida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi, shuningdek, aholi va mutaxassislar hamjamiyati tomonidan fikr-mulohazalar, takliflar va savollar kiritilishi uchun e’lon qilinadi.

Mavzuga oid