Iqtisodiyot | 11:13
426
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat budjetining choraklik hisobotiga yangi talablar belgilandi

2025 yil 25 dekabrda qabul qilingan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilib, davlat budjeti ijrosi bo‘yicha hisobotlar mazmunini shakllantirish tartibiga yangi talablar belgilandi.

Qonunga ko‘ra, davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobot budjet tasnifiga muvofiq muayyan davr uchun davlat budjeti daromadlari va xarajatlarining ijrosi natijalaridan iborat bo‘lishi shart. Ya’ni chorak yakunlariga doir hisobotlarda daromadlar tushumi va xarajatlar ijrosi budjet tasnifi kesimida aks ettirilishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, mazkur qonun bilan budjet jarayoniga oid boshqa normalar ham aniqlashtirildi. Xususan, davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalaridan ajratiladigan mablag‘lar bo‘yicha tovar yetkazib beruvchilar bilan tuziladigan shartnomalar g‘aznachilik organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin kuchga kirishi belgilandi.

Bundan tashqari, navbatdagi yil uchun ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritiladigan loyihalar portfeli Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili 1 iyulgacha Qonunchilik palatasiga kiritilishi, u fraksiyalar va qo‘mitalarda muhokama qilinishi hamda 10 kun ichida ko‘rib chiqilib, taklif va tavsiyalar Vazirlar Mahkamasiga yuborilishi belgilandi.

Shu bilan birga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi har yili 15 aprelgacha o‘rta muddatli davr uchun kamida ikki ssenariyda asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozining dastlabki bahosini ishlab chiqishi nazarda tutildi.

Mavzuga oid