Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: RF va AQSh Ukraina ishtirokisiz ZAESni boshqarishni muhokama qilmoqda
“Kommersant” gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, RF prezidenti Putin Rossiya biznesi vakillari bilan uchrashuvda Vashington ZAESda mayningga qiziqish bildirganini aytgan. RF va AQSh Ukrainaga elektr energiyasi “yetkazib berishni ko‘rib chiqmoqda”.
Foto: Andrey Borodulin/AFP
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya biznesi vakillari bilan bo‘lgan yopiq uchrashuvda Moskva va Vashington Zaporijjya atom elektr stansiyasi (ZAES)ni Ukraina ishtirokisiz boshqarish masalasini muhokama qilayotganini aytgan. Bu haqda 25 dekabr, payshanba kuni “Kommersant” gazetasi ushbu uchrashuvda bo‘lgan o‘z muxbiriga tayanib yozdi.
Nashr ma’lum qilishicha, Putin Amerika tomoni ZAESda mayningni tashkil etishga ham qiziqish bildirayotganini qo‘shimcha qilgan. Shu bilan birga, Kreml rahbarining so‘zlariga ko‘ra, AQSh tashabbusi bilan tomonlar Ukrainaga elektr energiyasi “yetkazib berishni ko‘rib chiqmoqda”.
Putin yana shunday degan: ZAESda ukrain mutaxassislar ishlamoqda, ammo ular allaqachon Rossiya pasportlarini olgan.
Bir kun oldin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyev va Vashington kelishgan “asosiy” tinchlik rejasini e’lon qildi. Ushbu rejaning bir bandiga ko‘ra, ZAESni Ukraina, AQSh va Rossiya birgalikda ekspluatatsiya qilishi (hamkorlikda ishlatishi) nazarda tutilgan. Zelenskiyning aytishicha, Ukraina RF bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashni istamaydi, shuning uchun bu band hali kelishuv bosqichida turibdi.
Yevropadagi eng yirik atom stansiyasi hisoblangan ZAES 6 ta energoblokdan iborat bo‘lib, umumiy quvvati 6000 MVt. U Energodar shahri yaqinida, Kaxovka suv omborining (suvi kamaygan qismi) janubiy sohilida joylashgan.
Rossiya Zaporijjya AESni 2022 yil mart oyida — keng ko‘lamli urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay bosib olgan va stansiyani “Rosenergoatom” AJ boshqaruviga o‘tkazgan.
ZAESning barcha reaktorlari to‘xtatilgan, ammo ular doimiy ravishda sovitib turilishi shart. Sovitish tizimi tashqi elektr tarmog‘idan quvvat oladi. Agar elektr ta’minoti uzilib qolsa, quvvat dizel generatorlar orqali ta’minlanadi.