O‘zbekiston | 15:11
2765
2 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz surishtiruvlaridan so‘ng: avtomobilni chet elga olib chiqish tartibi o‘zgardi

Endilikda avtomobilni boshqarish uchun berilgan ishonchnomada mashinani respublika hududidan olib chiqish huquqi mavjudligi yoki cheklanganlik holati qayd etiladi. So‘nggi paytlarda ishonchnoma orqali O‘zbekistondan mashinalarni olib chiqib, chet elda sotib yuborish holatlari ko‘paygandi. Firibgarlarga qo‘l kelayotgan ushbu huquqiy bo‘shliq hukumat qarori bilan to‘ldirildi.

Foto: Kun.uz

Endilikda avtomobilni boshqarish uchun berilgan ishonchnomada uni chet davlatga olib chiqish bilan bog‘liq band bo‘ladi. Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 24 dekabrdagi qarori bilan hukumatning 2006 yil 7 martdagi “Avtomototransport vositalarini sotib olish, ulardan foydalanish va ularni boshqa shaxsga berishni tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qaror bilan “Avtomototransport vositalari bilan bog‘liq bitimlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom 10-1-band bilan to‘ldirilgan. Unga ko‘ra, avtomototransport vositalaridan foydalanish va (yoki) ularni tasarruf etish ishonchnomalarida ishonchnoma berilgan shaxsda transport vositasini chet elga olib chiqish huquqi mavjud yoki mavjud emasligi haqidagi yozuv alohida ko‘rsatilishi shart.

Bu o‘zgarish so‘nggi paytlarda O‘zbekistondan mashinalar chet elga olib chiqilib, sotib yuborilishi bilan bog‘liq holatlari ko‘paygani fonida amalga oshirildi. Ushbu huquqiy bo‘shliq firibgarlarga imkon yaratib berayotgan edi.

Kun.uz mashinalar ishonchnoma asosida chet davlatga olib chiqilib, sotib yuborilayotgani yuzasidan bir nechta surishtiruv e’lon qilgan. Jumladan, o‘tgan yil oxirida Abdulla Abdurasulov ismli shaxs tomonidan ko‘plab odamlar chuv tushirilib, mashinalari Qozog‘istonga o‘tkazilib sotib yuborilgani aniqlangandi. Yaqinda esa shu kabi holat yana takrorlandi: bu safar bir guruh shaxslar odamlarni aldagan holda ularga tegishli avtomobillarni Tojikiston hududiga o‘tkazib, pullab yubordi.

Oldinroq Bojxona qo‘mitasi pul evaziga mashinalarni Tojikistonga o‘tkazib bergan shaxslarni fosh qilgandi. Unda 8 nafar shaxs jami 59 ta mashinani haydab, chegara bojxona postlari orqali Tojikistonga o‘tkazib bergani bildirilgan.

Mavzuga oid