Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yil yakunlari. O‘zbek futbolidagi 10 muhim voqea
2025 yil o‘zbek futboli uchun e’tiborli voqealarga boy bo‘ldi. So‘nggi o‘n yillik, yangi asr, umuman, futbolimiz tarixida shu paytgacha kuzatilmagan hodisalar birgina yilga siqqanining o‘zi – muxlislar uchun esda qolarli davr bo‘lganini ko‘rsatadi. Quyida bu voqealar birma-bir eslab o‘tiladi.
Abduqodir Husanov APLda

Bir yil oldin shu paytlarda Abduqodir Husanovga «Manchester Siti» qiziqayotgani haqidagi xabarlar chiqqanida ko‘pchilik bu ro‘y berishiga ishonmagandi. O‘zbekistonlik himoyachi u paytlarda «Lans»da endi o‘zini ko‘rsata boshlagan, uning mahoratiga o‘zbek muxlislarida shubha bo‘lmasa-da, birdaniga eng cho‘qqiga, Pep Gvardiolaning «qo‘liga» borib tushishni Husanovning o‘zi ham orzu qilgan bo‘lsa-da, bu shu qadar tez ro‘y berishini o‘zi ham kutmagani tayin.
Ammo bu sodir bo‘ldi. 2025 yil boshida butun dunyo o‘zbekistonlik himoyachi haqida bilib oldi, tarmoqlardan O‘zbekiston milliy jamoasi, Husanovning o‘yinlari haqida ma’lumotlar qidira boshlashdi. Husanov fevral oyidayoq «Chelsi»ga qarshi debyut qildi, keyin bir qator o‘yinlarda boshlang‘ich tarkibda tushib, jamoa uchun qiyin davrda o‘zini ko‘rsatdi. U mavsum davomida asosiy tarkibdan tushib qoldi, ammo bu normal holat – «Manchester Siti» kabi top-jamoa ro‘yxatida bo‘lish, deyarli hamma o‘yinda qaydnomadan o‘rin olish ham juda katta voqea. Erling Holand bilan birga mashg‘ulotlar esa hech qaysi rasmiy o‘yin bermaydigan tajribani taqdim etishi shubhasiz.
2025 yilda Abduqodir Husanov jami 19 o‘yinda «Manchester Siti» libosida ko‘rinish berdi – APLda 11, Chempionlar Ligasida 3, ichki kubok o‘yinlarida 4 va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida 1 marta. Angliya kubogida «Leyton Oriyent» darvozasiga gol ham urdi. Kilian Mbappe, Vinisius, Muhammad Saloh, Son Hyong Min, Aleksandr Isak, Viktor Yokeresh kabi nomdor hujumchilarga qarshi harakat qildi. Eng muhimi, aynan 2025 yilda Husanov ismi endi futbol olami uchun begona emas, uning ustunliklari, kamchiliklari ma’lum va doim himoyani kuchaytirish maqsadida transfer bozoriga chiqqan top-jamoalar uchun variant sifatida tilga olinaveradi.
U17 jamoasi – Osiyo chempioni

O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi oxirgi bor 2012 yilda, Dilshod Nuraliyev qo‘l ostida qit’a chempioniga aylangandi. Islom Ismoilov shogirdlari tarixda ikkinchi marta mana shunday sovringa ega bo‘lishdi.
Finaldagi voqealarning fantastik rivoji esa bu chempionlikning qadrini yanada oshirdi. Maydon egalari bo‘lmish Saudiya Arabistoni vakillariga qarshi finalda ikki futbolchi chetlashtirilishi oqibatida son jihatdan ozchilik bo‘lib qolib ham 2 gol urish olamshumul voqeaga aylangan va bu qahramonlik internet olamida shov-shuv ko‘targandi.
Bu jamoa mundialda ham uyaltirib qo‘ymadi. Irlandiya, Paragvay va Panama kabi jamoalardan tashkil topgan guruhda 6 ochkoni qo‘lga kiritib, 2-o‘rin bilan pley-offga yo‘llanma oldi. 1/16 finalda esa ancha kuchli hisoblangan Xorvatiya bilan tengma teng o‘yin ko‘rsatib, penaltilar seriyasida ustun kelishdi. Nimchorak final bosqichida esa Yevropaning yana bir jamoasi – Italiya kutib oldi. O‘yin yevropaliklarning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
«Paxtakor»ning tarixiy g‘alabasi

Saudiya Arabistonining «Al Hilol» klubini Osiyoning «Real»i deb atashadi. Mamlakat futboliga katta pullar oqimi kirib kelib, ko‘plab mahalliy jamoalarda yevropalik yulduzlar paydo bo‘lganidan keyin ham ushbu jamoa o‘z maqomini saqlab qoldi va ayni damda eng kuchli tarkiblardan biriga ega. Yevropadagi o‘yinlari orqali bizga tanish bo‘lgan Leonardo, Malkom, Milinkovich-Savich, Nevesh, Kulibali, Bunu kabi futbolchilarni ortiqcha tanishtirishga hojat bo‘lmasa kerak. «Hilol» iyun oyidagi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida «Real» bilan durang o‘ynab (1:1), «Manchester Siti»ni mag‘lub etgani (4:3) ham ko‘p narsadan dalolat beradi.
Mart oyida, Osiyo Elit chempionlar ligasi nimchorak finalida «Paxtakor» aynan shu jamoani 1:0 hisobida dog‘da qoldira oldi. To‘g‘ri, ushbu jamoa Toshkentdagi o‘yinga biroz pastroq nazar bilan qaragan bo‘lishi mumkin, zero javob o‘yinida arablar yirik hisobda (4:0) ustun kelib, keyingi bosqichga o‘tgandi, lekin rasmiy, yuqorida nomlari sanalgan futbolchilar maydonda bo‘lgan tarkib ustidan g‘alaba qozonishning o‘zi ham esda qolarli natija. Nafaqat minimal hisob, umuman o‘yin bo‘yicha ham, yaratilgan vaziyatlar, xavfli zarbalar bo‘yicha ham o‘sha kuni «Paxtakor» ustun kelgandi.
O‘zi «Al Hilol» ayni damda 14 o‘yinlik g‘alabali seriyaga ega va umuman 2025 yilda juda kam yutqazdi. Saudiyaning boshqa superklublari – «An Nasr», «Al Ittihod», «Al Qodisiya», «Al Ahli» hamda «Fluminense» kabi jamoalar safida «Paxtakor» ham bor.
Darvoqe, bu ro‘yxatdan «Nasaf» ham joy olishi mumkin edi. Sentyabr oyida, OChLning yangi mavsumi guruh bosqichi doirasida Qarshida kechgan o‘yinda mezbonlar «Al Hilol» bilan o‘yinning 79-daqiqasigacha 2:2 hisobini qayd etib turgan va qolgan vaqt mobaynida g‘alabani ilib ketish imkoniyati bor edi. Ammo bu yil «Nasaf»niki emasdi.
O‘zbekistonda ilk mundial

Mustaqillikdan keyingi davrdagi futbolimiz, u yaratayotgan kayfiyat, chiqarilgan qarorlar, umuman, futbolga bo‘lgan munosabat bo‘yicha o‘lchansa, doim asosiy mezon – milliy jamoaning jahon chempionati final bosqichiga chiqishi hisoblangan. Boshqacha so‘z bilan aytganda, mamlakat futboli mazmuni va mohiyati aynan mana shu maqsad atrofida qurilgan, shu bo‘yicha baholab kelingan.
Demak, shu nuqtayi nazardan qaraganda, 2025 yilda eng muhim voqea ro‘y berdi – jahon chempionati yo‘llanmasi qo‘lga kiritildi. O‘tgan yilda qo‘yilgan poydevor bahordagi qiyin pallalarga ham dosh berdi. Avvaliga Srechko Katanets, keyin esa kerakli paytda eng muhim ishni amalga oshirgan Temur Kapadze hech qachon o‘chirilmaydigan zarvaraqlarga o‘z ismlarini yozib qo‘yishdi. Eron va BAA maydonidagi g‘alabadan ham qadrli bo‘lgan ikki durang jamoani muddatidan oldin jahon chempionati ishtirokchisiga aylantirdi.
Shu yil dekabr oyidagi qur’a natijalariga ko‘ra O‘zbekiston mundialdagi ilk uchrashuvini Kolumbiyaga qarshi, ikkinchi o‘yinni esa turnir favoritlaridan biri, Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliyaga qarshi o‘tkazishi ma’lum bo‘ldi. So‘nggi turdagi raqib esa mart oyidagi qit’alararo pley-off orqali aniqlanadi. Katta ehtimol bilan, bu bosqichdan Kongo o‘tib keladi. Guruh bosqichida esa 1-2 o‘rinlardan tashqari, eng yaxshi uchinchi o‘rin egalari ham pley-offga chiqishi mumkin.
Fayzullayev uchun rekord summa

«Istanbul Boshoqshehir» Turkiya Superligasida so‘nggi yillarda ko‘zga ko‘ringan jamoa, bir marta chempion bo‘lgan, Chempionlar Ligasida ham qatnashgan bo‘lsa-da, doimiy grand klublar qatorida sanalmaydi. Bu jamoada turli davrlarda to‘p surgan ancha mashhur futbolchilar ham asosan erkin agent sifatida yoki ijara asosida kelgan. Ya’ni chetdan qaraganda, Rajab Erdo‘g‘an muxlisi bo‘lgan va turk xukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kuchli klubdek ko‘rinsa-da, Turkiyada futbol O‘zbekistondagidan boshqacharoq. «Istanbul Boshoqshehir» nisbatan ancha kamtar, moliyaviy cheklangan klub.
Aynan shu klub o‘zbekistonlik Abbos Fayzullayev uchun 7,5 million yevro pul to‘ladi va bu «Boshoqshehir» uchun rekord summadir. Ancha jiddiy mablag‘dan voz kechilganining o‘zi jamoaning Abbosga bo‘lgan ishonchi yuqori ekanidan darak beradi.
Dastlabki oylarda xujjatlashtirish bilan muammolar, keyin esa jarohat tufayli Abbos kutilgan darajani ko‘rsata olmadi. Ammo so‘nggi o‘yinlarda Fayzullayev ham xuddi Shomurodov kabi porlay boshladi. Jarohatdan keyin ilk bor boshlang‘ich tarkibda tushgan o‘yinida «Qosimposho» darvozasiga jarimadan chiroyli gol urgandi, oxirgi turda esa navbatdagi goli bilan «Gaziantep» ustidan qozonilgan yirik g‘alabaga (5:1) hissa qo‘shdi. Umid qilamizki, 2026 yil Abbos Fayzullayevning yili bo‘ladi.
Kannavaroning kelishi

Srechko Katanets uzoq vaqt milliy jamoa boshqaruvida yaxshi ishlagan bo‘lsa-da, o‘tgan yil oxirlarida sezilarli pasayish kuzatildi. Ham o‘yinda, ham natijalarda bu yaqqol ko‘rina boshlagach, O‘FA uchun mas’uliyatli palla, qiyin dilemma paydo bo‘ldi – barchasini mundial uchun imkoniyatni saqlab turgan futbolchilarning o‘ziga havola qilish yoki vaziyatni o‘nglash uchun muhim qarorni qabul qilish. Gap shundaki, Srechko Katanets salomatligidagi muammolar tufayli bor imkoniyatini ishga sola olmayotgandi, shu bilan birga, qandaydir keskin o‘zgarishlar jamoaga yomon ta’sir qilishi mumkin edi.
Eng yaxshi yechim topildi – futbolchilarga begona bo‘lmagan, ancha iste’dodli mutaxassis Temur Kapadzega ishonch bildirildi. Yosh murabbiy avvalgi uslubni ham buzmagan holda, o‘z qarashlarini va foyda berishi mumkin bo‘lgan kichik o‘zgarishlarni amalga oshirib, yakunda mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Endi esa yana bir mas’uliyatli holat paydo bo‘ldi. Temur Kapadzening tajribasiga ishonish mumkinmi yoki muhim final bosqichi uchun jahon futboli muhitiga yaqinroq bo‘lgan, umuman katta darajada futbol qanday o‘ynalishi, nimaning hisobiga g‘alabalar kelishi mumkinligini biladigan tajribali murabbiy kerakmi?
Rahbariyat Ioaxim Lyov, Paulu Bentu kabi mutaxassislar bilan muzokaralardan so‘ng Fabio Kannavaro variantida to‘xtaldi va kelishuv amalga oshdi. Futbolchi sifatida jahon chempioni va «Oltin to‘p» sohibi bo‘lgan italiyalik mutaxassis oktyabr oyidan boshlab jamoada faoliyat yuritmoqda. Ba’zi tasdiqlanmagan ma’lumotlarga qaraganda, Kannavaro variantini O‘FAga FIFA prezidenti Janni Infantino tavsiya qilgan. Kelishuvdan so‘ng aynan Infantino birinchilardan bo‘lib O‘zbekiston va Kannavaroga muvaffaqiyat tilab videomurojaat bilan chiqqanini e’tiborga olsak, bu ma’lumot rost bo‘lish ehtimoli yuqori.
Xullas, jahon chempionatiga jamoani Fabio Kannavaro olib boradi va bu ham O‘zbekistonga bo‘lgan e’tiborni oshirishiga shubha yo‘q.
Ikki sovrin

Milliy jamoa muxlislarni mundial yo‘llanmasi bilan xursand qilganidan tashqari, bir qator o‘rtoqlik turnirlarida ham g‘alabalarga erishdi. Shu paytgacha milliy jamoa faqat Hirosimadagi Osiyo o‘yinlarida, shuningdek, 2001 yili Malayziyada o‘tkazilgan «Mardeka» kubogida xalqaro sovrinlarga ega bo‘lgandi.
Ha, sentabr oyida Toshkentda tashkil qilingan an’anaviy KAFA kubogi ham, noyabr oyidagi Dubaydagi turnircha ham o‘rtoqlik maqomida bo‘lsa-da, jamoada turnir formati tajribasi bo‘lishi, qandaydir sovrin uchun harakat qilish ko‘nikmasi juda muhim edi. Buning ustiga, bu turnirlarda Eron va Misr kabi raqiblar ortda qoldirilganini ham e’tiborga olish kerak.
Har ikki turnir finalida Eron dog‘da qoldirildi. Eng ahamiyatlisi, ancha kuchli va tajribali hisoblangan Misrga qarshi o‘yin bo‘ldi. Aynan shu o‘yindan keyin agar qur’ada omad kelsa, bu futbolchilar ba’zi raqiblarga qarshi munosib o‘ynay olishiga ishonch paydo bo‘ldi. Oston O‘runov esa Muhammad Saloh maydonda bo‘lgan o‘yinda ikki gol bilan eng yaxshi vingerga aylandi.
«Neftchi»ning uzoq kutilgan chempionligi

O‘zbekiston chempionatidagi dastlabki 4 mavsumda chempionlikni hech kimga bermagan, asr boshida ham tengsiz bo‘lgan «Neftchi» jamoasi nihoyat 24 yillik tanaffusdan so‘ng 6-chempionlikni nishonladi. Farg‘onaliklar oxirgi marta 2001 yilgi mavsumda Yuriy Sarkisyan qo‘l ostida shohsupaga chiqqan edi. Umuman, jamoaning avvalgi barcha sovrinlari aynan Yuriy Vazgenovich bilan bog‘liq, demak, endi Farg‘ona futbolida yangi davrga qadam qo‘yilmoqda. Yakunlangan mavsumning 29-turida o‘z maydonida «Qizilqum» ustidan 4:1 hisobida yirik g‘alabaga erishgan farg‘onaliklar rasman sovrinni o‘zlariniki qilib olishdi.
Aytish mumkinki, bu tarixiy g‘alaba uchun poydevor uzoq muddatda va bosqichma-bosqich qo‘yib borilgan, jamoa ancha tajribali, raqobatbardosh tarkibga ega bo‘lgan, umuman olganda, chempionlik uchun yetilgandi.
Chempionlik so‘nggi turlarda hal bo‘ldi, mavsum tugashiga 2 tur qolganda ham 4 jamoada g‘oliblik uchun imkoniyat saqlanib qolgandi va bu poygada farg‘onaliklar baribir birinchi bo‘lishdi.
Igor Sergeyevning qaytishi

«Paxtakor» hujumchisi Igor Sergeyev faoliyatida ilk bor mamlakat chempioni to‘purariga aylandi. Ayniqsa, ikkinchi davrada yaxshi formaga kirib olgan Igor yakunda «Paxtakor» 2-o‘ringa ko‘tarilib olishi va kubok sohibi bo‘lishiga munosib hissa qo‘shdi. Gol+pas tizimida Igor Sergeyevning ko‘rsatkichi – 20+2. Bu borada faqat «So‘g‘diyona»ning makedoniyalik legioneri Lyupche Doriyev u bilan teng natija ko‘rsatdi (16+6).
Ba’zi statistik faktlar esa Sergeyevning to‘purarligi mahalliy futbol uchun qanchalik muhim ekanini ko‘rsatadi. So‘nggi 6 mavsumda legioner Dragan Cheran to‘purarlikni hech kimga bermay kelgandi. Undan oldin esa «Paxtakor»ning boshqa legioneri Tiagu Bezerra 17 gol bilan to‘purar bo‘lgan. Bu davrda mahalliy hujumchilar goleadorlik xususiyatlarini namoyish qila olishmadi, ayniqsa so‘nggi ikki mavsumda eng ko‘p gol urgan o‘zbekistonlik futbolchi bu ko‘rsatkichni 10 tadan oshira olmagan (O‘runov, 2023 – 9 ta, Hojimirzayev, 2024 – 10 ta). Oxirgi marta futbolimizda mahalliy to‘purar 2017 yilgi mavsum to‘purari Marat Bikmayev bo‘lgandi – 23 gol.
Qizig‘i, 2007-2017 yillar oralig‘ida o‘zbek hujumchilari biror marta 20 ta gol ura olmagandi. Umuman, aynan mahalliy futbolchilarga urg‘u berilayotganining sababi milliy jamoaga munosib hujumchilarning bo‘lishidir. Eldor Shomurodovga o‘rinbosarlar tariximiz uchun muhim bo‘lgan kelasi mavsumda juda kerak.
Eldor Shomurodovning Turkiyada ochilishi

Eldorning Turkiyadagi faoliyati dastlab u qadar muvaffaqiyatli boshlanmagandi. U «Istanbul Boshoqshehir»dagi ilk golini 9-o‘yinga kelib urgan, jamoaning o‘zi esa yevrokuboklardan chiqib ketish bilan birga, Turkiya Superligasida quyi pog‘onalarda borayotgandi. Ammo Sergen Yalchin bosh murabbiylikdan ketib, o‘rniga Nuri Shahin kelgach, o‘zbekistonlik hujumchining o‘yini ochilib ketdi va jamoa natijalari ham yaxshilana boshladi.
«Kelishimdan oldin Shomurodov ko‘proq qanotda o‘ynatilgan. Biz esa asosan markazda tushiryapmiz. To‘qqizliklar turlicha bo‘ladi va Eldor Zelkedan farqliroq uslubdagi futbolchi. Uning o‘yin intellekti juda yuqori. Shuning uchun uni markazga tortib, erkinlik berdik», – dedi Nuri Shahin so‘nggi matbuot anjumanlaridan birida.
Eldor bunday e’tiborga munosib javob berdi. Keyingi 15 uchrashuvda unda 11 gol va 3 assist. Ayni paytda hammasi bo‘lib 12+3 qayd etayotgan Shomurodov to‘purarlar bahsida ham, gol+pas bo‘yicha ham Superliganing eng yaxshisi bo‘lib turibdi. Mauro Ikardi, Temmi Abraham, Vikor Osimhen, Leroy Sane, Yusuf An-Nosiriy, Marko Asensio kabi yulduzlar yig‘ilgan ligada eng yaxshi hujumchi bo‘lish – katta muvaffaqiyat. Tag‘in bu ko‘rsatkichlarni Turkiyaning doimiy peshqadam grandlari emas, o‘rtamiyona jamoasida ko‘rsatayotgani ham alohida yutuq. Shomurodov jamoasining 27 golidan 15 tasida bevosita ishtirok etgan.
Agar Eldor shu tempda davom etsa Yevropa kuchli ligalarida to‘purar bo‘lgan ikkinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylanadi (Maksim Shatskix ikki marta Ukraina chempionati to‘purari bo‘lgan).
E’tibor bergan bo‘lsangiz, o‘tayotgan yil bir futbolchimizning olamshumul transferi bilan boshlanib, boshqasining katta sahnalardagi muvaffaqiyatlari bilan tugamoqda. Bu ham yangi yil uchun umidlar qilishga yo‘l ochadi. O‘ylaymizki, muvaffaqiyatlar shu yilda qolib ketmaydi va yangi yilda yutuqlar odatga aylanib, kelasi maqolamiz yanada uzunroq bo‘ladi.
Qahramon Aslanov
Mavzuga oid
20:11 / 28.12.2025
Toni Kroos JCh-2026 favoritlarini aytdi
17:58 / 23.12.2025
O‘zbekiston milliy jamoasi Kanadaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi
21:08 / 17.12.2025
FIFA O‘zbekiston milliy jamoasiga kamida 10,5 mln dollar to‘laydi
00:43 / 15.12.2025