Jahon | 09:45
488
2 daqiqa o‘qiladi

Armaniston va Turkiya vizaviy tartibni qisman soddalashtirdi

Armaniston va Turkiya 2026 yil 1 yanvardan diplomatik, xizmat va maxsus pasport egalari uchun vizaviy tartibni soddalashtiradi. Yangi yildan boshlab ular elektron vizani bepul oladi.

Foto: Armaniston TIV

Armaniston va Turkiya 2026 yil 1 yanvardan diplomatik, xizmat va maxsus pasport egalari uchun viza olish jarayonini yengillashtirishga kelishib oldi. Bu haqdagi qaror dushanba kuni, 29 dekabrda Armaniston Tashqi ishlar vazirligi saytida va Turkiya TIVning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilindi.

Ikki davlatning bunday pasport egalari kelasi yildan boshlab elektron vizani bepul olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. “Shu munosabat bilan Armaniston va Turkiya ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish jarayonini davom ettirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi, maqsad — hech qanday oldindan shartlarsiz to‘liq normallashuvga erishish”, — deyiladi ikki davlat TIV bayonotida.

Armaniston va Turkiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar yo‘q, mamlakatlar chegarasi esa 1993 yildan beri yopiq.

Biroq so‘nggi yillarda ikki mamlakat munosabatlari asta-sekin normallasha boshlagan. 2025 yil yozining boshlarida ikki davlat rahbarlari — Rajab Tayyib Erdo‘g‘an va Nikol Pashinyan — Istanbulda uchrashuv o‘tkazgan. Armaniston parlamenti spikeri Alen Simonyan bu voqeani tarixiy deb atab, bu “Armaniston rahbarining Turkiyaga bunday darajadagi ilk tashrifi” ekanini aytgan.

2023 yilda ham Pashinyan Turkiyaga borgan — u Erdo‘g‘anning inauguratsiyasiga Anqaraga tashrif buyurgan. Yerevan ta’kidlashicha, bu galgi tashrif Turkiya bilan munosabatlarni normallashtirish uchun ham, Boku bilan mojaroni hal etish uchun ham zarur bo‘lgan.

Mavzuga oid