Jamiyat | 12:04 / 30.12.2025
1903
2 daqiqa o‘qiladi

Makkada kasalxonada yotgan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

O‘zbekistonning Jidda shahridagi bosh konsulxonasi Makka shahridagi Saudi National Hospital shifoxonasida davolanayotgan andijonlik hamyurtga o‘z vaqtida zarur ko‘mak ko‘rsatdi. Musaffo Travel va Uzbekistan Airways bilan hamkorlikda bemor Jidda-Toshkent yo‘nalishi orqali vatanga qaytarildi.

Mamlakatning Jidda shahridagi konsulxonasi tomonidan Makkadagi Saudi National Hospital shifoxonasida davolanayotgan hamyurtga zarur konsullik yordami ko‘rsatildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, bosh konsulxona diplomatlari andijonlik yurtdoshga davolanishi uchun yaqindan ko‘mak berib, uning O‘zbekistonga qaytishi bilan bog‘liq barcha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirgan.

Konsullik vakillari bemorni vatanga qaytarish masalasini Musaffo Travel sayyohlik firmasi hamda Uzbekistan Airways aviakompaniyasi bilan hamkorlikda ko‘rib chiqqan. Xususan, Musaffo Travel firmasi uning kasalxonada davolanishi bilan bog‘liq moliyaviy masalalarni to‘liq hal etgan, shuningdek, bemorning turmush o‘rtog‘ining Makkada yashashi bilan bog‘liq xarajatlarni ham qoplab bergan.

Shuningdek, bosh konsulxona xodimlari bemorni shifoxonadan Jidda xalqaro aeroportiga maxsus tez tibbiyot yordam avtomashinasida olib kelish, uni samolyot bortiga chiqarish ishlarini tashkil etgan.

Qayd etilishicha, Musaffo Travel firmasi va bemorning oila a’zolari hisobidan Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY-336 reysi bilan “Jidda—Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta rasmiylashtirilib, hamyurtlar vatanga qaytarilgan.

Ayni paytda bemor o‘z oila a’zolari bag‘riga qaytib, Toshkentdagi Respublika tez tibbiy yordam markazida davolanishni davom ettirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid