O‘zbekiston | 13:47 / 31.12.2025
1492
2 daqiqa o‘qiladi

Har yili 500 nafar iqtidorli yoshlar xorijdagi nufuzli oliygohlarga yuboriladi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish va ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Loyihada har yili 500 nafargacha iste’dodli yoshlar va iqtidorli mutaxassislarni xorijning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuborish rejalashtirilmoqda.

Foto: Shutterstock

Strategiya loyihasiga muvofiq, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish va ularning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator tashabbuslar nazarda tutilgan. Shulardan biri sifatida har yili 500 nafargacha iste’dodli yoshlar va iqtidorli mutaxassislarni xorijning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuborish rejalashtirilgan.

Loyihada mazkur tashabbus kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, shuningdek, yoshlarning global ta’lim va ilmiy muhitga integratsiyasini kuchaytirishga qaratilgani ta’kidlangan. Xorijda tahsil olish imkoniyati orqali yo‘nalishlar bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish, ilmiy maktablar bilan hamkorlikni kengaytirish va keyinchalik bu bilimlarni mamlakat taraqqiyotiga tatbiq etish ko‘zda tutiladi.

Strategiya loyihasida yoshlar salohiyatini rivojlantirishning boshqa maqsadlari ham qayd etilgan. Jumladan, 350 ming nafar yoshning intellektual salohiyatini oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, yoshlarni zamonaviy kasblar va chet tillariga o‘qitish tizimini yaratish doirasida til o‘rganishni qo‘llab-quvvatlash dasturlari ham kengaytirilishi ko‘zda tutilgan.

Loyihada belgilangan mazkur choralar iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish, ilm-fan va ta’lim sifatiga investitsiya kiritish, hamda kelajakda raqobatbardosh mutaxassislar korpusini shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid