Jamiyat | 10:53 / 31.12.2025
1243
2 daqiqa o‘qiladi

Milliy filmlar dunyodagi eng ommabop 10 platformaga joylashtiriladi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida milliy kinematografiyani rivojlantirish va uni xalqaro auditoriyaga keng chiqarishga qaratilgan maqsadlar belgilangan. Loyihada milliy filmlarni dunyodagi eng ommabop 10 ta internet platformasiga joylashtirish, kontent ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda kino mahsulotlari eksportini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Strategiya loyihasiga muvofiq, milliy kino mahsulotlarini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish va o‘zbek kinematografiyasining raqobatbardoshligini oshirish maqsadida milliy filmlarni dunyodagi eng ommabop 10 ta internet platformasiga joylashtirish ko‘zda tutilgan. Bu tashabbus milliy kontentning ko‘lamli auditoriyaga chiqishi, turli mamlakatlardagi tomoshabinlar uchun uning ochiqligi va tanilishi oshishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Loyihada 2024–2030 yillarda davlatchilik rivojining uch ming yildan ziyod tarixi, buyuk ajdodlarning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini aks ettiruvchi 50 ta kinoloyihadan iborat filmlar turkumini ishlab chiqarish hamda xorijda, xususan, kinofestivallar va telekanallarda namoyish etish rejalashtirilgan. Shuningdek, milliy qahramonlar haqida 59 ta multiplikatsion film ishlab chiqarish, ularni internet platformalariga joylashtirish va telekanallarda namoyishini tashkil etish ham loyihada qayd etilgan.

Xalqaro ilgari surish yo‘nalishida xalqaro kinofestivallarda 54 ta film namoyishini tashkil etish, shu orqali milliy kinoning xorijiy maydondagi ishtiroki va tanilishiga xizmat qilish maqsad qilingan. Kinoindustriyaning iqtisodiy salohiyatini oshirish uchun kino sohasiga yo‘naltiriladigan investitsiyalar hajmini 2,5 million dollarga yetkazish va milliy kinematografiya mahsulotlari eksportini 10 million dollarga chiqarish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, ijtimoiy-ma’rifiy yo‘nalishda harbiy-vatanparvarlik mavzusida 11 ta film, jadidchilik harakati namoyandalarining hayoti va faoliyati haqida 6 ta badiiy-publitsistik film ishlab chiqarish va telekanallarda namoyishini tashkil etish vazifalari ham loyihada aks etgan.

Ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar milliy kinematografiyada ishlab chiqarish hajmi va sifatiga turtki berish, xalqaro tarqatish imkoniyatlarini kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish hamda eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid