Jahon | 13:34 / 31.12.2025
2629
2 daqiqa o‘qiladi

RF Mudofaa vazirligi: «Oreshnik» Belarusda jangovar navbatchilikni boshladi

Rossiya Mudofaa vazirligi «Oreshnik» raketa kompleksi Belarus hududida jangovar navbatchilikka kirishganini ma’lum qildi. RF harbiylari uning qayerda joylashtirilganini oshkor etmadi. Ilk bor «Oreshnik» ko‘rsatilgani aytilayotgan video ham e’lon qilingan.

Foto: mil.ru

Rossiya Mudofaa vazirligi seshanba, 30 dekabr kuni «Oreshnik» raketa kompleksi Belarus Respublikasi hududida jangovar navbatchilikka kirishganini bildirdi. RF Mudofaa vazirligining Telegram’dagi postiga video ham ilova qilingan. Rossiya axborot agentliklari RIA “Novosti” va TASSga ko‘ra, unda «Oreshnik» birinchi marta ko‘rsatilgan.

Rossiya harbiylari Belarusdagi «Oreshnik»ning mobil uchirish qurilmalari qayerda joylashganini aytmagan. Ilgari Middlberi xalqaro tadqiqotlar institutidan tadqiqotchi Jyeffri Lyuis va CNA tahlil markazidan Deker Evelet sun’iy yo‘ldosh suratlariga tayanib, yuqori ehtimol bilan gap Belarus sharqidagi Krichev shahri atrofi haqida ketishi mumkinligini bildirgan. Krichev Minskdan taxminan 300 km, Ukraina chegarasidan esa 180 km masofada joylashgan.

10 dekabr kuni Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Rossiyadan Belarusga “o‘nlab” taktik yadroviy jangovar qismlar olib kirilganini aytgan. Uning bildirishicha, «Oreshnik» raketalari Belarusda SSSR davrida strategik yadroviy raketalar turgan maydonlarga joylashtiriladi. Lukashenko so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda bunday obektlar taxminan 30 ta.

Bundan oldin Belarus rahbari bu qurollarni joylashtirishni tajovuz emas, balki “mintaqada vaziyatning keskinlashuvi va zamonaviy tahdidlarga javob chorasi” deb ta’riflagan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2024 yil 21 noyabr kuni Rossiya Ukrainadagi Dnipro shahriga “yadroviy bo‘lmagan gipertovushli ballistik raketa” bilan zarba berganini, bu uchun “o‘rta masofali eng yangi Rossiya tizimi — «Oreshnik»” qo‘llanganini aytgan edi. Rossiya rahbarining da’vosiga ko‘ra, «Oreshnik»ning uchish masofasi 1000–5500 kmni tashkil qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid