Jahon | 16:57
1042
28 daqiqa o‘qiladi

Yil yakunlari: Tramp qaytdi, Eron va Isroil urushdi, Mask – «chinovnik»

Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 31 dekabr. Yana bir kalendar yili ortda qolyapti. Bu yil, afsuski, urushlar, xunrezliklar va asosan yomon xabarlar bilan yodda qoldi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Amerikada Tramp prezidentlikka qaytdi, G‘azoda minglab tinch aholini o‘ldirgan urush tugadi, Ukrainadagi urush esa hamon davom etmoqda. Oq uyda tarixda kuzatilmagan janjal bo‘ldi, dollarga ishonch pasayib, oltin eng ishonchli xazinaga aylandi. Isroil va Eron 50 yillik dushmanlik tarixida ilk marta urushdi, nomiga bo‘lsa ham. Quyida 2025 yil davomida dunyoda sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni eslaymiz.

Tramp qaytdi

20 yanvar kuni Donald Tramp AQSh prezidentiga qaytdi. Respublikachilar yetakchisi orada demokrat Baydenga yutqazib, mojaroli tarzda prezidentlikdan ketgandi. Lekin Bayden davrida mamlakat jiddiy muammolarga o‘ralashib qoldi: armiya Afg‘onistondan chiqib ketdi, Ukrainada va G‘azoda urush boshlandi.

Yetmaganiga Baydenda qarilik alomatlari yaqqol sezilib qoldi. CNN studiyasida o‘tgan jonli efirdagi teledebatda Tramp Baydenga hal qiluvchi zarbani berdi: Bayden jonli efirda aljirab qoldi, Tramp esa raqibining muvaffaqiyatsizligi fonida debatdan qahramon bo‘lib chiqib ketdi.

To‘g‘risi, 2024 yil yozida Trampni Pensilvaniyada o‘ldirmoqchi bo‘lishgan va o‘q uning qulog‘ini silab o‘tgandayoq AQSh prezidentlik saylovi natijasi hal bo‘lib ulgurgandi. O‘sha ustunligini saqlab qolgan Trampga saylovda Kamala Harris hech qanday qarshilik qila olmadi. Shu tariqa AQSh tarixidagi eng unikal prezident sifatida yana Oq uyga qaytdi.

Trampning qaytishiga bejizga urg‘u bermayapmiz, chunki Amerika dunyodagi eng katta, eng qudratli davlat. Bu yerda hukumat o‘zgarishi dunyoning har bir fuqarosiga ta’sir qiladi. Trampning qaytishi dunyo siyosatining oyog‘ini osmonda qildi. Bu eng avvalo Ukrainadagi urushda sezildi. Kiyev birdaniga Vashington harbiy yordamidan uzildi. AQSh hatto yevropaliklarga Ukrainaga Amerika qurollarini berishni taqiqladi, hozirgacha bu cheklov amalda, NATO davlatlari Kiyevga oz miqdorda qurol bera olishyapti xolos, o‘z pullariga bo‘lsa-da. Tramp saylovoldi kampaniyasi vaqtida urushni bir kunda tugataman deb aytib yurgandi. Lekin bu kutilganidek blef bo‘lib chiqdi.

Tramp urushni tugatish uchun juda radikal pozitsiya tanlab, uni boshlashda Bayden va Zelenskiyni aybladi. Keyinroq ro‘yxatga Putinni ham qo‘shdi. Lekin qarasa yoppasiga hammani ayblab natijaga erishib bo‘lmas ekan. Shunda endi asosiy aybdor sifatida Ukrainani ko‘rsatib, Kiyevga bosim qila boshladi.

Hozirgacha Tramp Rossiyaga qarshi aytarli hech nima qilmadi, ikkita neft kompaniyasiga sanksiya qo‘lladi, tamom. Muzokaralarda ham Tramp ochiqchasiga Rossiya tomonda ekani sezilib qolyapti, u ko‘p marta Rossiya kuchli ekani, g‘alaba qozonishini aytdi, Putinni maqtab keldi.

Tramp ochiqchasiga NATOdagi boshqa davlatlarni himoya qilmasligini bildirdi. Yevropani muammo deb atashga odatlandi, oqibatda qit’adagilar kamida 4 yilga asosiy ittifoqchilarini yo‘qotganini tushunib yetdi.

Ichki siyosatda ham Trampning ishlari yurishyapti deyish qiyin. U saylov kampaniyasida Amerika tarixidagi eng katta deportatsiyani amalga oshiraman degandi, lekin buni uddalay olmadi, migrantlarni quvish Bayden davridagidan biroz ko‘paydi xolos. Lekin Amerikaga noqonuniy, chegarani buzib kirish holatlari chindan kamaydi. Mamlakat chegaralarida tartib kuchaydi, ayniqsa janubiy chegaralarda. Yil yakuniga kelib Tramp Amerikada qonuniy ishlash huquqini beradigan Green card lotereyasini ham to‘xtatib qo‘ydi. Endi loyiha Tramp prezidentligi yakunigacha tiklanishiga umid qilish qiyin. Migratsiya masalasida keyingi yil Tramp ma’muriyati uchun sinovli bo‘ladi. Chunki mamlakatda futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘tkaziladi. Butun dunyoda futbol bahonasida Amerikaga borib, keyin g‘oyib bo‘lishni ko‘zlayotganlar juda ko‘p.

Ilon Mask – «chinovnik»

Yilning eng muhim voqealaridan biri Ilon Mask siyosatga kirib keyin haydalib ketishga ham ulgurgani bo‘ldi. Dunyoning eng boy odami, shubhasiz, zamonamizning eng daho insonlaridan biri bo‘lgan Mask Ukrainada urush boshlanganidan keyin kutilmaganda siyosatga qiziqib qoldi. U oldin ham siyosiy voqealarga munosabat bildirardi, lekin aynan urush Maskda siyosatchi bo‘lish istagini oshirdi.

Avvaliga uning Starling terminallari ukrain askarlari uchun eng ishonchli internet ta’minotchisiga aylandi, lekin Ukraina frontda odimlay boshlaganda negadir Mask Starlink’ni ular uchun uzib qo‘ydi. Shundan keyin Mask asta-sekin Rossiya manziliga iliq so‘zlar bildirib, Bayden siyosatiga muxolifga aylanib bordi. Tramp prezidentlikka nomzod bo‘lgach, Mask ochiqchasiga siyosat bilan shug‘ullana boshladi.

Vaziyat shunchalikka bordiki, Mask prezidentlik saylovi arafasida va Trampning g‘alabasidan keyin uning Floridadagi qarorgohida yashay boshladi. Trampning saylov kampaniyasi uchun juda katta pul sarflagan Mask AQSh prezidentining eng yaqin maslahatchisiga aylandi.

Prezidentlikka kirishganidan keyin Tramp Maskka Oq uyda butun boshli lavozim berdi. Maskning departamentiga DOGE deb nom ham berishdi. Department of Government Efficiency, ya’ni hukumat samaradorligi boshqarmasi. Mask Trampni budjet xarajatlari juda katta ekani, uni qisqartirish lozimligiga ishontira olgandi, shu bois Maskning gardaniga dunyodagi xarajati eng katta bo‘lgan AQSh hukumati xarjlarini kamaytirish vazifasi yuklatildi.

Mask Trampga Oq uydagi mulozimlarni tanlashda yordamchi bo‘ldi, uni Oq uyning xo‘jayini deb atay boshlashdi. Odamlar Maskning o‘g‘li Oq uydagi prezident kabinetida burnini kovlab o‘tirganini ham ko‘rishdi. Mulozimga aylangan Mask Kanada bosh vaziri Tryudoni qizaloq deb masxara qildi, Ukrainaga nisbatan Rossiyaga xush keladigan gaplarni ayta boshladi.

Va ajoyib kunlarning birida Tramp va Mask yangi qonun doirasida kelisholmay qolishdi. Mask bu qonun davlat xarajatlarini oshirishi, qilgan mehnatlari bir pul bo‘lishini aytib, Trampni ochiqchasiga tanqid qildi. Tramp esa chopon operatsiyasi o‘tkazib, Maskka Oq uyning oltin kalitini sovg‘a qildi-da, ishdan bo‘shatdi. Qo‘pol qilib aytganda ikki qo‘chqorning kallasi bir qozonda qaynamadi.

Maskning siyosatdan ketgani insoniyat uchun foydali bo‘ldi. Daho Ilon yana ilm-fanga, o‘zining ta’biri bilan aytganda zavodga qaytdi-da, foydali ishlar bilan shug‘ullana boshladi. Sun’iy intellektga katta sarmoya kiritdi, Marsga chiqish loyihasiga zo‘r berdi. Bir so‘z bilan aytganda insoniyatga foyda beradigan pozitsiyaga qaytdi.

Oq uyda janjal

Tramp prezidentlikka kirishib, Oq uyga shakarsiz kola chaqiradigan tugmani qaytarganidan keyin tezda Ukrainadagi urushni tugatishga kirishdi. Yuqorida aytganimizdek, o‘zidan boshqa hammani aybdor qilib ko‘rsatish tryuki o‘xshamaganidan keyin bir tomonga – Ukrainaga bosim qilish yo‘liga o‘tdi. Tramp Ukrainani yoqtirmasligi tabiiy, chunki oldingi muddatida aynan Zelenskiy bilan suhbatda unga bosim qilgani ortidan impichment olishiga sal qolgandi. Xullas, Tramp Oq uyga qaytishi bilan Kiyevga bosim o‘tkazishni boshladi. 28 fevral kuni Zelenskiyni Oq uyga taklif qildi. Amerika diplomatik odatiga ko‘ra, ikki prezident uchrashuvi jurnalistlar ishtirokidagi savol-javob bilan boshlandi. Va ana shu vaqt ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan voqea sodir bo‘ldi.

Ukraina prezidenti Zelenskiy Oq uyda, Amerika prezidentlarining ish xonasi bo‘lgan Oval kabinetda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan janjallashib ketdi. Hech qanday bo‘rttirishsiz janjal bo‘ldi, ikki prezident bir-biriga ovozini ko‘tarib baqirdi va bu tarixiy voqea butun dunyodan taklif etilgan jurnalistlar ko‘z o‘ngida sodir bo‘ldi, barchasi videoga olindi va butun dunyo tarixdagi eng noodatiy diplomatik janjalni amalda jonli efirda tomosha qildi.

Janjal boshlanishida AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens «jonbozlik ko‘rsatdi». U bir necha marta Zelenskiydan minnatdor bo‘lishini talab qildi, vaholanki, Ukraina prezidenti nutqini Donald Trampga rahmat aytishdan boshlagandi. Bundan tashqari, Vens ikki prezidentning suhbatiga aralashishi ham odobsizlik bo‘ldi, chunki unda bunday vakolat yo‘q edi. Aynan Vensning suhbatga aralashishidan keyin janjal boshlanib ketdi.

Suhbat davomida Tramp Rossiyaning iddaolarini takrorlagani Zelenskiyga ochiqchasiga yoqmadi. Tramp «Amerikaning yordamisiz urush ikki haftaga bormasdi», deganida Zelenskiy juda keskin javob berdi. «Uch kunda tugardi, buni Putindan eshitganman», dedi Ukraina prezidenti Rossiyadagi mashhur «Kiyev za tri dnya» iborasiga ishora qilib.

Tramp bu gapni kamsitish deb qabul qildi-da, Zelenskiyni jyerkib tashladi. «Siz bu gapingiz bilan Amerikaga hurmatsizlik qilyapsiz», dedi.

Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi janjal shubhasiz tarixga kirdi. Albatta, ikki davlat prezidenti hammaning ko‘z o‘ngida bunaqa janjallashib ketishi bir qarashda odobsizlikdek ko‘rinishi mumkin, lekin prezidentlardan biri mustaqilligini boy berishdek xavf yoqasiga kelib qolgan davlat lideri ekanini esdan chiqarmaslik kerak. O‘sha uchrashuvgacha qaysidir davlat yetakchisi jurnalistlar ishtirokidagi uchrashuvda Amerika prezidentiga ovozini ko‘tarishi, uning gapini troll qilishi mumkinligini tasavvur qila olmasdi. Axir Oq uyda qaysidir davlat prezidenti mehmon bo‘lsa, asosan mezbon prezident gapiradi, ayniqsa Tramp kimgadir mikrofon berishi qiyin masala. Lekin Zelenskiy butun dunyo ko‘z o‘ngida bu stereotipni parchalab tashladi, Amerika prezidentiga uning ishchi kabinetida turib sen noto‘g‘ri gapiryapsan, mamlakatimiz taqdirini sen yemas, biz o‘zimiz hal qilamiz, dedi. Biroz mubolag‘aga jazm qiladigan bo‘lsak, buning nomini diplomatik tarsaki deyishadi.

«Pautina» operatsiyasi

1 iyun kuni Ukraina to‘rt yillik urush davomidagi eng shov-shuvli operatsiyani amalga oshirdi. Ukraina xavfsizlik xizmati SBU o‘tkazgan operatsiya davomida harbiylar Rossiyadagi to‘rtta aerodromda joylashgan kamida 41 ta harbiy samolyotlar uchishga yaroqsiz holatga keltirildi. Ulardan aksari to‘liq yo‘q qilindi. Yana oddiy samolyotlar emas, strategik bombardimonchilar, Ukraina shaharlarini bombalashda foydalaniladigan qiruvchi samolyotlar. Xususan, Tu-95, Tu-22, A-50 uchoqlari.

Hujum uchun ukrainlar oddiy qo‘lbola FPV-dronlardan foydalangan. Dronlar Rossiya ichiga yuk mashinalari yordamida olib kirilgan. Haydovchilar yuk mashinalarini kerakli joyga bildirmay qo‘yib ketgach, qolganini SBU masofadan turib boshqaradi. Yuk mashinalari usti ham masofadan turib ochilib dronlar havoga ko‘tariladi va birin-ketin qimmat rus samolyotlarini yo‘q qila boshlaydi. Bu Ikkinchi jahon urushidan keyin Rossiya ichkarisidagi harbiy obektlarga amalga oshirilgan eng yirik tashqi hujum bo‘ldi.

Ukrainlar «Pautina» deb nom bergan operatsiya axborot maydonida Rossiyaga jiddiy zarba bo‘ldi. Bundan tashqari, zamonaviy urushda eski stereotiplar ishlamasligi, diversiya ham masofadan turib boshqariladigan operatsiyaga aylanib ketganini ko‘rsatdi. O‘zi Ukrainadagi to‘qnashuv butun dunyoda urush haqida tushunchalar eskirgani, tanklar, og‘ir texnikalar asri o‘tganini ko‘rsatdi. Zamonaviy texnikalar, arzon dronlar urushning eng muhim quroliga aylandi.

Eron va Isroil urushi

O‘zi 2025 yil urushlar yili bo‘ldi. Va biz ham chetda qolmaylik deb 50 yildan beri bayonotlarda va bilvosita urushib kelgan Eron hamda Isroil borey deb urushni boshlab yuborishdi. Albatta, 13 iyunda boshlangan 20 kunlik raketa otib qochishni urush deyish to‘rt yildan buyon Yevropa sharqida urushayotgan Ukraina va Rossiya armiyasi harbiylariga nisbatan hurmatsizlik bo‘ladi, lekin baribir 50 yillik dushmanlik tarixida ikki davlat ilk marta to‘g‘ridan to‘g‘ri bir-biriga raketa otdi.

20 kun davom etgan urushda birinchi zarbani Isroil berdi. To‘g‘risini aytish kerak, Isroil Erondan farqli jiddiy tayyorgarlik bilan hujum qildi. MOSSAD agentlari hujumdan avval Eronga kirib havo hujumidan mudofaa tizimlarini dron yordamida yo‘q qilishdi. Isroil Erondagi mingdan ortiq nishonlarga, xususan, yadroviy obektlarga hujum qildi. Kamida 30 nafar Eron harbiy rahbariyatidagi yuqori martabali harbiylar, shuningdek, kamida 11 nafar mamlakat yadro dasturidagi muhim olimlar o‘ldirildi. Isroil Tehrondagi maxsus qo‘riqlanadigan kvartalga dron yordamida hujum qilgani aytiladi.

Eron ham tezda javob berdi. Isroilga kamida 500 ta ballistik raketa va mingdan ortiq dron uchirildi. Lekin Yeron zarbalari Isroilga jiddiy zarar yetkazdi deb bo‘lmaydi. 22 iyun kuni urushga AQSh ham qo‘shildi. B-2 bombardimonchi samolyotlari Erongacha bemalol uchib borib, Fordodagi tog‘ ostida joylashgan yadro obektiga zarba berdi. Hujum uchun 14 ta bunkerga qarshi og‘ir raketa va suvosti kemasidan turib uchirilgan 30 ta Tomahawk raketalari ishlatildi. Pentagon Eron boyitilgan uranni saqlashi aytiladigan yadro obekti yo‘q qilingani haqida hisobot berib, holat tasvirga olingan videolarni ham ko‘rsatdi.

Bilasizmi, Isroil va Eron urushi asosan ichki auditoriya uchun uyushtirilgan operatsiyaga o‘xshaydi. O‘zi Eron va Isroil bir-biri uchun juda qulay dushman. Isroilda bosh vazirning kursisi qimirlab qoldimi, televizorga chiqadi-da, Eronni qoralab birlashishimiz kerak, Eron bizni yo‘q qiladi, deydi. Eronda siyosiy vaziyat qiyinlashdimi, oyatulloh chiqadi-da, Eron mavjudligining asosiy sababi Isroilni yo‘q qilish ekanini eslatadi. Lekin urushganda ikki tomon ham uzoqdan bir-biriga raketa otib qochadi.

Putin Amerikaga bordi

So‘zimiz boshida aytganimizdek, Donald Tramp kelishi dunyo siyosatining oyog‘ini osmondan qilib yubordi. Urush boshida Bayden boshchilik Ukrainani qo‘llovchi davlatlar koalitsiyasi Rossiyani va uning prezidentini yakkalash siyosatini tanlagandi. Biroq Tramp kelishi bilan Putinni maqtay boshladi, urush boshlashda Ukraina va Bayden aybdorligini gapirishdan charchamadi. «Men Putin bilan qalinman, urushni bir pasda tugataman», dedi maqtanib.

15 avgust kuni 2022 yil fevralda tasavvur qilish qiyin bo‘lgan voqea sodir bo‘lib, Rossiya prezidenti Putin Tramp bilan ko‘rishish uchun Amerikaga bordi. Bu uchrashuv haqida e’lon qilishgach, ko‘pchilik mana endi mister Tramp urushni tugatsa kerak, deb o‘yladi. Chunki butun boshli Rossiya prezidenti Amerikaga boradi-yu, aniq kelishuv bo‘lmaydimi?

Alyaskada o‘tgan uchrashuv hech nimani hal qilmadi. Undagi eng muhim voqea Tramp va Putinning suratga tushgani bo‘ldi. Keyinchalik Tramp o‘sha uchrashuvda Putin bilan tushgan rasmini ko‘rsatib maqtandi ham. Rossiya prezidentining Alyaskaga tashrifi faqat statistika uchun tarixiy bo‘ldi. Masalan, Rossiya Alyaskani Amerikaga sotgan 1867 yildan buyon hech bir Rossiya rahbari u yerga bormagandi. Bu Putin va Trampning respublikachi ikkinchi muddatga qaytganidan keyingi ilk uchrashuvi bo‘ldi. Shuningdek, Putin 10 yil deganda ilk marta Amerikaga bordi. U oxirgi marta okean ortiga 2015 yil BMT bosh assambleyasi yig‘ilishiga borgandi.

G‘azoda urush tugadi

Yil davomida Isroil Falastinning G‘azodagi bo‘lgasida urushni davom yettirdi. HAMASga qarshi urush iddaosi bilan boshlangan urush amalda millat qirg‘iniga aylanib ketdi. Butun dunyoda Isroilning G‘azoda qilayotgan ishlari qoralandi, musulmon davlatlar Isroilni qoralab bir-biridan qora qoralashlar e’lon qildi. Lekin amalda hech kim Isroilni to‘xtata olmadi. Donald Tramp Amerika prezidentligiga qaytgani Isroildagi Netanyahu hukumati beliga quvvat bo‘ldi-da, ular bir burda G‘azoda milliondan ortiq odam qamalib qolganiga qaramay shaharni bombalashni davom ettirdi. HAMAS ta’siridagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil zarbalari oqibatida 70 mingga yaqin tinch aholi vakillari halok bo‘lgan. 170 mingdan ortiq odam yaralangan.

G‘azoda odamlar faqat Isroil hujumlaridan emas, turli kasalliklar va ochlikdan ham o‘ldi. Isroil uzoq muddat G‘azoga humanitar yordam borishini to‘sib qo‘ydi, oqibatda bo‘lgada ochlik avj olib, turli kasalliklar kelib chiqdi. Xalqaro hamjamiyat urushni tugatishga faqat diplomatik ko‘rinishda harakat qildi, lekin orqasida Amerika turgan Isroilni to‘xtatish hech kimning qo‘lidan kelmadi.

Nihoyat oktyabrda Donald Tramp ma’muriyati urushni tugatishga erishdi. Isroil va HAMASga qilingan bosim sabab ikki tomon bitimga imzo chekdi. HAMAS barcha asirlarni, o‘ligini-yu tirigini Isroilga qaytardi, o‘z navbatida Isroil minglab falastinliklarni qamoqdan ozod qildi.

Lekin urush tugagani bilan G‘azoga hayot qaytdi deb bo‘lmaydi. Shaharda hech qanday tiklash ishlari olib borilayotgani yo‘q. Odamlar hamon vayronalar orasida jon saqlashga majbur. Oziq-ovqat ham faqat humanitar yordam yuklaridan tarqatilmoqda. Shaharda yashash uchun ham, ishlash uchun ham hech qanday sharoit yo‘q. Bundan tashqari, Isroil hali bo‘lgadan chiqib ketgani ham yo‘q. G‘azoning taqdiri noaniqligicha qolmoqda.

Binyami Netanyahu esa kutilganidek, atrofdagi davlatlarga mayda-mayda raketa otib turibdi. Chunki urush tugashi, tinchlik zamoniga qaytish Isroil bosh vaziriga yaxshilik olib kelmasligi aniq. Uning ustidan ochilgan va chang bosib yotgan ishlar yana ko‘tariladi. Urush Isroilni butun dunyoga yomonotliq qildi, bundan isroilliklar xursand bo‘lmagani aniq. Urush boshlanishida HAMASning hujumini ishonish qiyin bo‘lgan befarqlik bilan o‘tkazib yuborgan, keyin G‘azoda falastinliklarni qirishga kirishgan Netanyahu hukumatining aybini isroilliklar ham rad etolmaydi.

«Mindichgeyt»

Noyabr oyida mustaqil Ukraina tarixidagi eng jiddiy siyosiy korrupsion mojaro avj oldi. Mamlakat prezidentiga bo‘ysunmaydigan aksilkorrupsiya tashkiloti NABU «Energoatom» bilan shartnoma tuzgan tadbirkorlardan doimiy pora olishga asoslangan korrupsion sxemani fosh qildi. To‘rt yildan buyon urush holatida bo‘lgan ukrainlarning kamida 100 million dollarini o‘g‘irlagan sxema tepasida prezident Zelenskiyning do‘sti, u bilan «Kvartal-95» kinostudiyasini ochgan tadbirkor Timur Mindich turgani aniq bo‘ldi. Ammo Mindich tergov boshlanishidan bir necha soat avval Isroilga qochib ketdi. Mana shu qochish, shuningdek, kinoprodyuser qanday qilib Ukrainadagi eng yirik energiya kompaniyasining norasmiy xo‘jayiniga aylanib qolgani prezident Zelenskiyga nisbatan tanqidlarni kuchaytirdi.

Darvoqe, Mindich ishini ko‘p yerda «Mindichgeyt» deb atashdi, biz ham tagsarlavhaga shunday yozdik. Mindich tushunarli, Zelenskiyning do‘stining ismi, bu iboradagi geyt so‘zini tushunmaganlar uchun qisqacha ma’lumot beraman. Xullas, 1972 yil AQShdagi prezidentlik saylovi arafasida politsiya demokratik partiya shtab kvartirasiga eshitish moslamalari qo‘yishga uringan besh agentni qo‘lga oladi. Keyinchalik bu agentlar amaldagi prezident Richard Nikson jamoasiga aloqadorligi aniqlanadi. Oxirgi oqibat mojaro kattalashib, ish prezident Nikson iste’fosigacha boradi. Agentlar qo‘lga olingan Vashingtondagi kompleks nomi «Uotergeyt» edi. Shu-shu biror davlatda jiddiy siyosiy mojaro avj olsa, oxiriga geyt so‘zini qo‘shib aytish urfga aylangan.

Tojik bola o‘limi

Yil yakunida Moskvadagi maktablardan birida dahshatli qotillik sodir bo‘ldi. Timofey ismli shu maktabda o‘quvchi 15 yoshli o‘smir 10 yoshli Qobiljon ismli tojik bolani pichoqlab o‘ldirdi. Eng dahshati qotil bolaga pichoq urishdan avval uning millatini so‘ragan va katta ehtimol boshqa millatdan bo‘lgani uchun hujum qilgan. Sovuqqon qotil qilgan ishini to‘liq videoga olgan, keyin vahshiylarcha o‘ldirgan qurboni 10 yoshli Qobiljonning jasadi fonida selfi tushgan.

Qotillik sodir etgan kuni Timofey maktabga ommaviy qotilliklarga ishora qiladigan yozuvlar tushirilgan kaska, natsistik kayfiyatdagi belgi tushirilgan nimchada borgan. Bir kun avval maktab chatida natsistik ruhdagi xabar qoldirib, boshqa millat, din vakillarini barcha muammolar aybdori deb atagan.

Moskvadagi bu qotillik butun Markaziy Osiyo xalqini larzaga soldi. Rossiyada markaziy osiyolik mehnat muhojirlariga munosabat masalasi yana kun tartibiga ko‘tarildi.

Sun’iy intellekt davri boshlandi

Insoniyat anchadan beri sun’iy intellektni kundalik turmush tarzidagi yordamchiga aylantirishga harakat qilib kelar, bu borada katta yutuqlarga ham erishgandi. Lekin 2025 yil sun’iy intellekt uchun burilish nuqtasi bo‘ldi. AI kompaniyasi besh yildan buyon ustida ishlab kelgan ChatGPT bu yil insonlarning doimiy yordamchisiga aylandi. Google, Meta, keyinchalik Ilon Mask ham o‘z sun’iy intellekt namunalarini e’lon qilishdi. Endilikda sun’iy inetellekt operatsiyada doktorlarga, hisob-kitobda buxgalterlarga, video tayyorlashda montajchilarga yordamchiga aylandi.

2025 yilda inson sun’iy intellektni takomillashtirish orqali yangi bosqichga ko‘tarildi deyish mumkin. Albatta, uning xatarli jihatlari ham bor, odamlar dangasa bo‘lib qoladi, ish o‘rinlari qisqaradi, lekin umuman olganda sun’iy intellekt inqilobi insoniyat uchun faqat foydali bo‘ldi. Bugun undan unumli foydalanganlar allaqachon katta foyda ko‘rishni boshladi. Time jurnali yil yakunida haqli tarzda sun’iy intellekt me’morlarini yil odami sifatida e’tirof etdi.

Oltin – eng ishonchli xazina

Urushlarga to‘la bo‘lgan bu yil nafaqat davlatlar, tuzumlar va insonlar, balki qimmatbaho aktivlar uchun ham sinovli bo‘ldi. Eron – Isroil, Rossiya – Ukraina, Isroil – HAMAS urushi, shuningdek, Sudandagi, Tailand va Kambodjadagi, umuman butun Yer yuzidagi qonli urushlar sabab dunyo kuchli xaosni boshdan kechirdi. Va ushbu inqiroz holatida navbatdagi marta oltin eng ishonchli aktiv ekani isbotini topdi. Hatto qudratli Amerikaning dollari ham qadrsizlandi, boshqa davlat valutalariga ham ishonch susaydi, chunki siyosiy holat umuman taxmin qilib bo‘lmas holatga kelib qoldi. Bu orada oltin narxi rekord darajada qimmatladi. Shundog‘am bu qimmatbaho metal Yer qa’rida cheklangan miqdorda ekani uning narxi doim baland yurishini ta’minlaydi, lekin inqiroz davrida davlatlar g‘aznasini oltinga to‘ldirishga zo‘r bergani uning qadrini yanada oshirdi. Oltin zanglamas deb bekorga aytishmaydi axir. Shunday ekan, siz ham pulingiz bo‘lsa, oltin sotib olavering, undan ishonchli aktivni inson hali o‘ylab topgani yo‘q.

Ukrainada urush tugamadi

Endi yilning eng muhim voqeasiga yetib keldik. Bu yil ham Ukrainadagi urush tugamadi. Rossiyada Jo Bayden prezidentlik poygasidan chiqqani, keyinchalik Tramp prezident bo‘lganini katta xursandchilik bilan qarshi olishdi. Chunki Tramp Ukraina Bayden davridagiday harbiy yordam ololmasligini va’da qilayotgandi. Trampning prezidentligi ruslar uchun ular orzu qilganidan ham yaxshi boshlandi. Fevral oxirida Zelenskiy Oq uyda to‘polon ko‘tarib kelganidan keyin AQSh Ukrainaga qurol tugul razvedka ma’lumotlari berishni ham to‘xtatdi. Tramp qaytganidan keyin Ukraina jang maydonida chinakamiga yolg‘iz qoldi. AQSh hatto diplomatik maydonda Rossiyani qo‘llay boshladi.

Mantiqan olib qaraganda, urushdan oldingi kutilmalar bilan chamalasak, bunchalik yakkalangan Ukrainani Rossiya yanchib tashlashi kerak edi. Lekin bunday bo‘lmadi. Dunyoning ikkinchi armiyasi 2024 yil qayerda bo‘lsa, hozir ham frontning o‘sha yerida depsinib turibdi. Rossiya urush boshlagan 2022 yilda bir hamlada Ukrainani olmoqchi bo‘ldi, shu uchun Belarus tomondan birdan Kiyevga desant tashlandi. Lekin poytaxt ostonasida dahshatli yo‘qotishlardan keyin ruslar programma minimumga o‘tishdi. Donbassni to‘liq egallash. Birinchi bo‘lib Donetsk oblastini egallash maqsad qilinadi. Ruslar uni Donetsk xalq respublikasi sifatida o‘z tarkibiga qo‘shib olgan axir. Vaholanki, bu viloyatning katta qismi 2014 yildayoq e’lon qilinmagan urush vaqtida ruslar tomonidan egallab bo‘lingandi. To‘rt yil o‘tdi hamki ruslar hamon Donetsk oblastini to‘liq egallagani yo‘q. Yetmaganiga Trampni bu yer egallanishi aniqligiga ishontirib, Zelenskiyni Donbassdan chiqib ketishga majburlamoqchi bo‘lishyapti.

Ukrainadagi urush xuddi Ikkinchi jahon urushi kabi to‘rtinchi yilga o‘tdi, ertaga rasman urushning beshinchi yili boshlanadi. Ruslarda tabiiy savol paydo bo‘lyapti: Ikkinchi jahon urushida nemislar Moskvagacha yetib kelishgan, sovet armiyasi ularni to‘rt yilda Berlingacha siqib borgandi, biz to‘rt yilda qayerga keldik, deyishyapti urushni qo‘llovchilar ham. To‘rt yilda Donetsk oblasti ham to‘liq olinmadi. Bu yerda urush 2014 yilda boshlangani hisoblansa, bir oblastni ozod qilishga 11 yil ham yetgani yo‘q, bunaqa tempda Polsha chegarasigacha qancha vaqtda borish mumkin?

Kiyev muzokaralarda Trampga ana shuni tushuntirolmay halak. Zelenskiy har qancha xarita ko‘tarib borib, real holatni unga tushuntirishga harakat qilmasin, Tramp unga emas, dom qurib sotuvchi millarder do‘sti Stiven Uitkoffga ishonadi. Uitkoff esa Putinga ishonadi. Shunchalik qattiq ishonadiki, uning oldiga tarjimonsiz boradi, Putin Tramp uchun cherkovda sham yoqib duo qilganini Taker Karlsonga ko‘ziga yosh kelib, rilsbop ohangda hikoya qilib beradi. Bunaqa megadiplomatlar o‘rtada turar ekan 80 yil ichidagi eng dahshatli urush tez orada tugashiga ishonish qiyin. Agar qandaydir mo‘jiza sodir bo‘lmasa...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid