Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yangi O‘zbekiston universitetining kampusi 200 mln dollarga baholanmoqda
2021 yilda tashkil etilgan universitetning Yangi Toshkentda qurilayotgan kampusi 10 ming talabaga mo‘ljallangan bo‘lib, 50 gektar maydonni qamrab oladi. Pudratchi – Turkiyaning Özgüven kompaniyasi. Majmua 2027 yilda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Yangi O‘zbekiston universiteti yonida O‘zbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosi ham qurilyapti.
Foto: "O‘zbekiston 24" telekanali efiridan kadr
Yangi O‘zbekiston universitetining Yangi Toshkentda qurilayotgan binolari 2027 yilda foydalanishga topshirilishi reja qilingan.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, universitet kampusining dastlabki qiymati 200 mln dollar bo‘lib, 50 gektar maydonni qamrab oladi.
Loyiha Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi buyurtmasi asosida, turkiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Qurilish ishlarini “Özgüven” kompaniyasi amalga oshiryapti.
Majmua tarkibida 10 ming talabaga mo‘ljallangan 5 ta fakultet, rektorat, ming o‘rindan ortiq joyga ega kutubxona, muzey, ko‘rgazmalar zali, multimedia xonalari barpo etiladi.
Shuningdek, talabalar uchun ming o‘rinli sport majmuasi va suzish havzasi, professor-o‘qituvchilar va talabalarga mo‘ljallangan 2 ming o‘rinli yotoqxonalar hamda oshxonalar quriladi.


“Ushbu universitetda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ta’lim dasturlari boshqa oliy o‘quv yurtlari uchun andoza bo‘lishi kerak”, – dedi 30 dekabr kuni qurilish ishlari bilan tanishgan prezident Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari boshqa oliy o‘quv yurtlarini ham shu tarzda ta’mirlash, jihozlash, ta’limga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish yuzasidan ko‘rsatmalar bergan.
Eslatib o‘tamiz, Yangi O‘zbekiston universiteti 2021 yil 23 iyundagi prezident qaroriga asosan tashkil etilgan. Qarorga binoan, binosi qurilgunga qadar oliygoh Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti infratuzilmasidan foydalanib turibdi.
Milliy kutubxona

Davlat rahbari Yangi Toshkentdagi 4 gektar maydonda O‘zbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosi qurilishini ham ko‘zdan kechirdi.
4 qavatli binolarning umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ziyod bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 1420 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.
Kutubxona fondlarini saqlash, hisobga olish, xavfsizligini ta’minlash va sterilizatsiya qilish uchun maxsus yuqori texnologiyali xonalar tashkil etiladi. Majmua ko‘p funksiyali bo‘lib, xalqaro va milliy yirik kutubxonalarning elektron bazalariga onlayn ulanish imkoni yaratiladi. Ko‘zi ojiz fuqarolar uchun maxsus o‘qish va tadqiqot muhiti yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun 300 o‘rinli kafe, galereya, yengil sport o‘yinlari maydonchalari va dam olish hududlari barpo qilinadi.
Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, bu kutubxona Yangi Toshkentda barpo etilayotgan ta’lim va ma’rifat maskanlarining tizimida muhim o‘rin tutadi. Zamonaviy kutubxona imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish uchun xodimlar axborot texnologiyalari va xalqaro standartlarni chuqur o‘zlashtirishi zarurligi qayd etildi.
Mavzuga oid
21:26 / 24.03.2026
Yangi Toshkentda “Buyuk Ipak yo‘li” majmuasi quriladi
20:12 / 24.03.2026
Yangi Toshkentda suvni 232 metr balandlikka otadigan super favvora quriladi
19:13 / 24.03.2026
Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda barpo etilayotgan stadionni ko‘zdan kechirdi
19:02 / 06.03.2026