Jahon | 20:09 / 02.01.2026
1692
2 daqiqa o‘qiladi

Eron rasmiylari Trampni Tehronga tahdidlari uchun tanqid qildi

Oq uy rahbari Eronni namoyishchilarni o‘qqa tutmaslikka chaqirib, aks holda qurolli yordam bilan tahdid qildi. Eron rasmiylari buni «tajovuzkor pozitsiya» deb atadi.

Foto: Reuters

Eronning yuqori martabali amaldorlari AQSh prezidenti Donald Trampni Tehronga tahdidlarining ehtimoliy og‘ir oqibatlari haqida ogohlantirdi.

«Tramp avantyurizmga qo‘l urgani Amerika xalqiga aniq bo‘lishi kerak (...). Ular Amerika harbiylarining xavfsizligi haqida o‘ylashi kerak edi», deb yozdi X ijtimoiy tarmog‘ida Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy.

Uning ta’kidlashicha, Trampning tahdidlaridan keyin AQSh va Isroilning «tajovuzkor pozitsiyasiga» shubha qolmagan.

«Norozilik bildirayotgan do‘kon egalari va vaziyatni keskinlashtirish uchun maxsus o‘tkazilayotgan aksiyalar o‘rtasida farq bor. Tramp shuni bilishi kerak ediki, ichki ishlarimizga AQSh aralashuvi butun mintaqani beqarorlashtiradi va Amerika manfaatlariga zararli ta’sir ko‘rsatadi», deb ta’kidladi Larijoniy.

O‘z navbatida, Eron oliy rahbari maslahatchisi Ali Shamxoniy Trampning so‘zlariga izoh berar ekan, «Eron milliy xavfsizligi bizning qizil chizig‘imiz, shunchaki o‘ylamay yozilgan postlar uchun mavzu emas», deb ta’kidladi.

Avvalroq Tramp Eron xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni o‘qqa tutsa, AQSh namoyishchilarga qurolli yordam berishini aytgandi.

Eronda ommaviy norozilik namoyishlari bir necha kundan beri davom etmoqda. Odamlar milliy valutaning keskin qadrsizlanishi fonida ko‘chalarga chiqayotgani ta’kidlanmoqda.

Mavzuga oid