Jahon | 13:44 / 02.01.2026
3607
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya tarixidagi yirik o‘g‘rilik: politsiyada hali ham “jiddiy iz” yo‘q

Germaniyaning Gelzenkirxen shahrida bank o‘marilganidan uch kun o‘tib ham politsiyada o‘g‘rilarni topishga olib kelishi mumkin bo‘lgan “birorta ham jiddiy” iz yo‘q. Zarar 90 mln yevrogacha yetishi mumkin - bu GFR tarixidagi eng yirik o‘g‘irliklardan biri.

Foto: REUTERS

Germaniya g‘arbidagi Gelzenkirxen shahrida bank o‘marilganidan uch kun o‘tib, politsiya bu jinoyat bo‘yicha o‘nlab xabar-axborotlarni qabul qilgan. Biroq huquq-tartibot organlari hozircha o‘g‘rilarni topishga yordam berishi mumkin bo‘lgan “birorta ham jiddiy” izga ega emasligini tan olmoqda. Bu haqda 1 yanvar, payshanba kuni dpa agentligi politsiya vakiliga tayanib xabar berdi.

U, shuningdek, tergov taktikasi sabab ayrim faktlar hozircha oshkor qilinmasligini aytdi va hamkasblari ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plashda davom etayotganini ta’kidladi.

Shu orada, Sparkasse bankining filiali 2 yanvar kuni ham yopiq qoladi. Germaniyada bu sana yangi yil bayramlaridan keyingi birinchi ish kuni hisoblanadi. Bu haqda bank vakili ma’lum qilib, barcha savollar bo‘yicha “ishonch telefoni”ga murojaat qilishni tavsiya etgan.

Xavfsizlik xizmati 29 dekabr tongida yong‘in signalizatsiyasi ishga tushganidan so‘ng o‘g‘rilikni payqagan. Jinoyatchilar yondosh turargoh tomondan devorni teshib, bank xazinasiga kirgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, pul, oltin va boshqa qimmatbaho buyumlar saqlangan taxminan 3200 ta bank seyf-yacheykalari buzib ochilgan. Zarar miqdori 10 mln yevrodan 90 mln yevrogacha deb baholanmoqda. Aniq raqamni aytish hozircha qiyin, chunki yacheykalar ichida nima saqlangani ko‘p hollarda maxfiy bo‘lgan. Bu o‘g‘rilik GFR tarixidagi eng yiriklaridan biri deb atalmoqda.

Guvohlar 28 dekabr kechqurun ko‘p qavatli parkovkaning zinapoyasida katta sumkalar ko‘targan erkaklarni ko‘rganini aytgan. Kuzatuv kameralari yozuvlari esa ertasi kuni tongda parkovkadan qora rangli Audi RS 6 chiqib ketganini ko‘rsatgan — mashinadagi shaxslar niqobda bo‘lgan. Avtomobilning davlat raqami oldinroq Hannoverda o‘g‘irlab ketilgan. Politsiyada o‘g‘rilarning harakatlari “juda professional” deb baholangan.

29 va 30 dekabr kunlari bank filiali binosi oldiga norozi mijozlar to‘plangan. Ko‘pchiligi o‘z yo‘qotishlari sug‘urta miqdoridan ancha yuqori ekanini bildirgan. Sparkasse tomonidan aytilishicha, har bir seyf 10 300 yevrogacha sug‘urtalangan. Jami taxminan 2700 kishi jabr ko‘rgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid