Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Iste’mol narxlari dekabrda 0,9 foizga oshdi: yillik ko‘rsatkich pasaygan
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil dekabr oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,9 foizga oshgan. Yillik iste’mol narxlari indeksi 107,3 foizni tashkil etib, 2024 yil dekabr oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan 2,5 foiz bandga pasaygan.
Foto: Shutterstock
Milliy statistika qo‘mitasi 2025 yil dekabr oyi uchun iste’mol narxlari dinamikasini e’lon qildi. Qayd etilishicha, dekabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 1,5 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 0,3 foizga, aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,7 foizga qimmatlashgan.
Qo‘mita ma’lumotida inflatsiyaga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatgan mahsulotlar sifatida ayrim sabzavot va meva-sabzavot mahsulotlari narxining sezilarli o‘sishi qayd etilgan. Xususan, baqlajon (55,9 foiz), bodring (55,7 foiz), pomidor (25,1 foiz), bulg‘or qalampiri (22,9 foiz), karam (22,8 foiz), qovoq (10,5 foiz), anor (7,2 foiz), uzum (6,7 foiz), banan (3,5 foiz), tovuq tuxumi (3,4 foiz), olma (2,3 foiz), kartoshka (0,7 foiz), qo‘y go‘shti (0,5 foiz) va mol go‘shti (suyaksiz go‘shtidan tashqari) (0,5 foiz) qimmatlashgani ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, ayrim mahsulotlar narxining pasayishi inflatsiya bosimini yumshatgan omil sifatida baholangan. Jumladan, sabzi (-7,5 foiz), mandarin (-3,5 foiz), shakar (-2,6 foiz), barcha navdagi guruch va guruch oqshog‘i (-1,8 foiz) hamda kungaboqar yog‘i (-0,5 foiz) arzonlashgan.
Nooziq-ovqat tovarlar segmentida benzin (2,4 foiz), propan (1,3 foiz), shuningdek, kiyim va poyabzal (0,2 foiz) narxlarida o‘sish kuzatilgan.
Pullik xizmatlar narxi va tariflarida esa mobil aloqa xizmatlari (4,9 foiz), shahar avtobusida yo‘l haqi (3,2 foiz), maishiy chiqindi uchun haq to‘lash (3,0 foiz), xalqaro yo‘lovchi havo transporti (2,0 foiz) va repetitorlik (0,8 foiz) qimmatlashishi asosiy omillardan biri bo‘lgan.
Qayd etilishicha, hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida 195 mingga yaqin narxlar qayd etilgan. Shu jarayonda 420 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari hamda 90 turdagi xizmatlar narxlari kuzatilgan.
Mavzuga oid
11:54
O‘zbekiston importida top-10: Turkiya, Koreya, Germaniya va Hindiston ham bor
09:20
Palov uchun mahsulotlar qiymati: eng qimmat hudud - Toshkent shahri
14:18 / 02.01.2026
2025 yil yakunlari: 302 ming oila kambag‘allikdan chiqdi
12:39 / 02.01.2026