O‘zbekiston | 13:51 / 03.01.2026
1887
2 daqiqa o‘qiladi

Shaharlar hududining kamida 30 foizi yashil maydonlarga aylantiriladi

“O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasida “yashil energiya” texnologiyalarini keng joriy qilish orqali nasos stansiyalarining elektr energiyasi iste’molini kamaytirish, shuningdek, respublikada ekologik vaziyatni tubdan yaxshilashga qaratilgan qator ko‘rsatkichlar belgilangan.

Loyihada nasos stansiyalarida energiya samaradorligini oshirish va elektr sarfini qisqartirish maqsadida eskirgan uskunalarni yangilash hamda modernizatsiya ishlarini jadallashtirish ko‘zda tutilgan. Xususan, nasos stansiyalaridagi mavjud texnika parkini energiya tejamkor uskunalar bilan almashtirish orqali yillik elektr iste’molini sezilarli qisqartirish rejalashtirilgan.

Loyihadagi asosiy vazifalar quyidagicha:

  • nasos stansiyalaridagi eskirgan 1 069 ta nasos va 1 079 ta elektrodvigatelni energiya tejamkorlariga almashtirish;
  • energiya tejamkor qurilmalar o‘rnatish, nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish va ularning yillik elektr energiyasi iste’molini 2030 yilga qadar 6 mlrd kVt/soatgacha kamaytirish.

Shu bilan birga, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasida ekologik holatni yaxshilash ham alohida yo‘nalish sifatida belgilangan. Loyihaga ko‘ra, inson hayotiga ta’sir ko‘rsatuvchi ekologik muammolarni bartaraf etish hamda shahar muhitini “yashillashtirish” bo‘yicha bir qator maqsadlar qo‘yilgan:

  • 14 ta ekologik toza hudud rejimini joriy qilish;
  • shaharlar hududining kamida 30 foizini (balandligi 3 metrdan yuqori) yashil maydonlar tashkil etilishiga erishish;
  • aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan respublikadagi umumiy yashil maydonlarni 37,5 foizga oshirish;
  • atrof-muhitga ta’sir xavfi yuqori darajadagi (I toifa) obektlarning ifloslantiruvchi manbalaridan avtomatik ravishda namunalar olish tizimi bilan 50 foiz qamrovni ta’minlash.

Loyihaga ko‘ra, nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish va shaharlarda yashil maydonlarni kengaytirish bo‘yicha belgilangan choralar energiya tejash, ekologik xavflarni kamaytirish hamda atrof-muhit sifatini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid