Jahon | 11:11 / 04.01.2026
18250
8 daqiqa o‘qiladi

Venesuela–AQSh: geografik taqdir va yolg‘iz qolgan Maduro | “Geosiyosat”

Venesueladagi siyosiy inqiroz vaqtida Maduroning ikki yaqin hamkori Moskva va Pekin uni hokimiyatda saqlab qololmadi. Yillab qurilgan aloqalarga qaramay, Maduro yakunda yolg‘iz qoldi. Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida tahlilchilar Venesuela atrofidagi siyosiy vaziyat xususida so‘z yuritdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Rossiya va Xitoy nega Maduroga yordam bera olmadi?

Kamoliddin Rabbimov: Bugun Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan real ravishda basma-bas raqobatlasha oladigan va buning uchun yetarli resurslarga ega bo‘lgan yagona davlat – Xitoy Xalq Respublikasi. Biroq Xitoyning geosiyosiy tafakkuri AQSh bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri qarama-qarshilikka borish emas. Sovuq urush tugaganidan buyon Pekin imkon qadar Vashington bilan kelishib yashashga, hatto ayrim masalalarda uning tizimiga moslashishga harakat qilib kelmoqda.

Shu bilan birga, Xitoyning qat’iy “qizil chiziqlari” mavjud. Eng asosiysi – Tayvan masalasi. Pekin nazarida Tayvan Xitoyning ajralmas qismi bo‘lib, bu jarayonga tashqi kuchlar aralashmasligi kerak.

Ikkinchi muhim masala – Tinch okeani havzasida, xususan, Xitoy sohillari atrofida AQSh tomonidan harbiy-siyosiy blokada bo‘lmasligi va Xitoyning jahon dengizlariga erkin chiqishi ta’minlanishi lozim.

Bu kontekstda Hindiston va Xitoy o‘zaro dushman emas, balki strategik raqib sifatida qaraladi. Hindiston o‘zini Xitoyga teng qudratli davlat sifatida ko‘rsatishga intilsa-da, Pekin Dehlini hali o‘z darajasidagi global kuch deb hisoblamaydi. Aynan shu raqobat fonida Hindiston Malakka bo‘g‘ozi orqali Xitoyning savdo va yuk tashish yo‘llariga bosim o‘tkazishga urinadi. Bunga Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa AQSh ittifoqchilarining dengizdagi faolligi ham qo‘shiladi. Natijada Xitoy o‘zini dengiz tomondan deyarli o‘rab olingan holatda ko‘rmoqda. Shu sababli Pekin so‘nggi 15 yil ichida quruqlik orqali muqobil transport va logistika yo‘laklarini shakllantirishga kirishdi. “Bir kamar — bir yo‘l” tashabbusi aynan shu strategiyaning mahsuli bo‘lib, Markaziy Osiyo uchun ulkan iqtisodiy imkoniyatlar va barqaror daromad manbayini yaratadi. Bu mintaqa davlatlari uchun ijobiy geosiyosiy omil hisoblanadi. Venesuelaning amalda global o‘yindan chiqarilishi esa Lotin Amerikasida Xitoy va Rossiya uchun muhim tayanch nuqtaning yo‘qotilishi demakdir.

Shunga qaramay, Xitoy bu masalada faol qarshilik ko‘rsatmadi. Sababi oddiy: uzoq mintaqada AQSh bilan to‘qnashuvga kirish – Pekin strategiyasiga mos kelmaydi.

Xitoy uchun eng katta vazifa – avvalo Tayvan masalasini hal qilish. Xitoyning yondashuvi pragmatik: “Men o‘sishda davom etayotgan davlatman. Bugun AQSh bilan ochiq to‘qnashuvga borib, o‘z taraqqiyotimni sekinlashtirishga hojat yo‘q. Agar hozirgi tendensiya saqlanib qolsa, 2050-yillarga borib, tabiiy ravishda dunyoning ikkinchi mustahkam global qudratiga aylanaman”, degan qarash ustun.

Rossiya esa mutlaqo boshqa holatda. Ukraina urushi boshlanganidan buyon Moskva strategik imkoniyatlarini keskin yo‘qotdi. Bir paytlar, 2015–2016 yillarda Bashar Asad rejimini saqlab qolgan Rossiya bu safar Suriyadagi ta’sirini ham yo‘qota boshladi. Asad hokimiyatdan ketgan paytda Moskva amalda hech qanday ta’sir ko‘rsata olmadi, chunki barcha resurslar Ukraina frontiga yo‘naltirilgan edi. Qariyb to‘rt yildan beri davom etayotgan urush Rossiyani holdan toydirdi. So‘nggi bir yil ichida Rossiya Ukraina hududining hatto 1 foizini ham egallay olmadi – real ko‘rsatkich 0,7 foizdan ham kam.

Bu esa Moskvaning yangi geosiyosiy frontlar ochish imkoniyati yo‘qligini ko‘rsatadi. Xulosa shuki, Rossiyada imkoniyat yo‘q, Xitoyda esa hozircha xohish yo‘q. Rossiya Ukraina bilan band, Xitoy esa uzoq muddatli strategik loyihalariga e’tibor qaratgan. Shu bois, bugungi global o‘yin maydonida ularning har biri mutlaqo boshqa vazn va boshqa rol bilan harakat qilmoqda.

Farhod Karimov: Bu masalada ikki xil ssenariyni ko‘rish mumkin. Birinchisi – haqiqatga eng yaqin variant. Xitoyning o‘z hududidan tashqarida atigi bitta harbiy bazasi bor, u ham Jibutida joylashgan. Shu sababli Xitoyning Venesuelagacha harbiy kuch yetkazishi – texnik va jismoniy jihatdan deyarli imkonsiz. Hatto bitta harbiy samolyot ham okean oshib borishi uchun yo‘lda bir necha marta to‘xtab, yonilg‘i quyish talab etiladi.

Bundan tashqari, sentabrdan buyon Amerika Qo‘shma Shtatlarining aviatashuvchi kemalari va harbiy floti mintaqada muntazam navbatchilik qilmoqda. Bunday sharoitda Xitoy yoki Rossiyaning bu hududga yaqinlashish imkoniyati juda cheklangan. Rossiya ham patrullar kuchaytirilishidan oldin Venesuela qirg‘oqlariga ayrim havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berishga ulgurgandi. Ammo bu qurollarning o‘q-dorilari, zaxiralari va ularni ishlatish imkoniyatlari borasida na Venesuela va na Kolumbiya aniq javoblar ololdi.

Amerika esa butun Lotin Amerikasi va unga tutash hududlarda 500 dan ortiq harbiy bazaga ega. Ayniqsa Janubiy-Sharqiy Osiyo va Janubiy Amerika mintaqasi AQSh harbiy infratuzilmasi bilan to‘liq qamrab olingan. Xitoy hatto o‘z sohillaridan bemalol chiqib keta olmaydi: AQShning Yaponiya, Janubiy Koreya va shu atrofdagi boshqa davlatlardagi bazalari Xitoy harbiy kemalarining harakatini doimiy nazoratda ushlab turadi.

Shunday sharoitda Xitoyning Venesuelagacha harbiy kuch yetkazish ehtimoli deyarli nolga teng. Demak, Xitoy bu jarayonga ochiqchasiga aralashmadi.

Ikkinchi muhim omil – manfaat masalasi. Tramp ochiq aytdi: Xitoy neftdan uzilib qolmaydi, AQSh zarurat bo‘lsa, neft yetkazib berishda davom etadi. Bu signal nafaqat Xitoyga, balki Hindistonga ham yo‘naltirilgan edi. Ya’ni Xitoy Rossiya neftiga qaram bo‘lib qolmasligi uchun muqobil variantlar borligi ko‘rsatildi.

Maduro Rossiya va Xitoyga bir necha bor murojaat qilgan bo‘lsa-da, aniq yordam olmadi. Hatto Trampdan hech bo‘lmaganda o‘ziga yaqin yuz nafar odamning mamlakatdan chiqib ketishiga ruxsat so‘ragan, ammo bu iltimos ham rad etilgan edi. Jarayon sekin-asta shu yakuniy holatga olib keldi. Rossiyaning imkoniyatlari esa bundan ham cheklangan. Moskva AQShga yaqin hududda yana bir tayanch nuqtani yo‘qotishni istamaydi. Avval Kuba shunday rol o‘ynagan bo‘lsa, Venesuela ham muhim strategik nuqta edi. Uning yo‘qotilishi Rossiya uchun jiddiy geosiyosiy zarba bo‘ladi.

Shu bois, kelgusida Rossiya va Xitoy e’tiborni Braziliyaga qaratishi ehtimoli yuqori. Biroq geografik omil hal qiluvchi bo‘lib qoladi: Braziliya uzoqdagi Xitoy va Rossiyadan ko‘ra, yaqin mintaqaviy va iqtisodiy manfaatlarni ustun qo‘yishi ehtimoli katta. Janubiy Amerika davlatlari esa ehtimol tez orada favqulodda yig‘ilish o‘tkazib, Venesueladagi vaziyat bo‘yicha umumiy pozitsiyani belgilaydi. Maqsad – fuqarolar urushiga yo‘l qo‘ymasdan, hokimiyat almashuvini imkon qadar urushlarsiz amalga oshirish.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilish mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid