Jamiyat | 22:01 / 08.01.2026
7555
5 daqiqa o‘qiladi

Nestlé bolalar ozuqasi qaytarilmoqda. Ota-onalarni xavotirga solgan savollar

O‘zbekistonda bolalar uchun mo‘ljallangan Nestlé ozuqasining ayrim partiyalari ixtiyoriy ravishda qaytarib olinmoqda. Nestlé NAN mahsulotlarini O‘zbekiston bo‘ylab yetkazib beruvchi “Balton Trading” kompaniyasi vakili Kun.uz’ga uning qaytarilish jarayoni haqida ma’lumot berdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

So‘nggi kunlarda o‘zbek internet segmentida Nestlé kompaniyasining bolalar ozuqasi bilan bog‘liq xabari keng muhokama qilinmoqda. Gap chaqaloqlar iste’mol qiladigan mahsulot haqida ketgani uchun, tabiiyki, ko‘plab ota-onalarda savol va xavotirlar paydo bo‘ldi.

Nestlé kompaniyasi O‘zbekistonda bolalar ozuqasining ayrim cheklangan partiyalarini qaytarib olishini e’lon qildi. Bunga sabab mahsulot tarkibidagi araxidon kislotasi deb ataladigan ingrediyent bilan bog‘liq ehtimoliy xavf borligi. Ushbu modda tashqi ta’minotchi orqali keltiriladi va uning tarkibida juda oz miqdorda tsereulid deb ataluvchi toksin bo‘lishi mumkin.

Tsereulid nima o‘zi?

Tsereulid – ayrim bakteriyalar ishlab chiqaradigan toksin bo‘lib, u organizmga tushganda o‘tkir zaharlanish alomatlarini keltirib chiqarishi mumkin. Asosiy belgilari – ko‘ngil aynishi, qusish va qorin og‘rig‘i. Nestlé ma’lumotiga ko‘ra, real zaharlanish holatlari qayd etilmagan. Ya’ni hozirgacha bolalar sog‘lig‘iga zarar yetgani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Kompaniya shunchaki “xavf bo‘lishi mumkin” degan ehtimolning o‘ziniyoq yetarli deb hisoblab, oldindan chora ko‘rmoqda.

Aytish kerakki, bu faqat O‘zbekistonda emas. Nestlé bu mahsulotlarni Yevropa bozori, Osiyoning ayrim davlatlari va Yaqin Sharq mamlakatlarida ham qaytarib olmoqda.

O‘zbekistonda qaysi mahsulotlarga tegishli?

Nestlé rasman e’lon qilgan, qaytarib olinayotgan mahsulotlar ro‘yxatida: NAN 1, NAN 2, NAN kislomolochniy, NAN Supreme hamda ALFARE Amino kabi mahsulotlarning aniq partiya raqamlari ko‘rsatilgan:

• NAN 1 OPTIPRO – 51490346AB, 51750346AA, 51900346AE, 51760346AA, 52180346AB, 52670346AE, 52680346AD, 51500346BA, 51910346BA partiyalari.

• NAN 2 OPTIPRO – 5172080622, 5206080621, 5298080624, 5205080661, 5206080661, 5289080661, 5290080661, 5204080611, 5205080611 partiyalari.

• NAN Kislomolochniy (0-12 oy) –51230017A1 partiyasi.

• NAN Supreme (0-12 oy) – 52790742C1 partiyasi.

• ALFARÉ Amino –51050017Y2, 51470017Y1, 52730017Y1 partiyalari.

Boshqa partiyalar va Nestlé'ning qolgan bolalar ozuqasi mahsulotlari bu qarorga kirmaydi.

Bolalarga xavf bormi?

Bolalar ozuqasi masalasida hatto eng kichik ehtimol ham jiddiy qabul qilinadi. Shuning uchun kompaniya regulyatorlarni xabardor qildi, mahsulotni ixtiyoriy qaytarmoqda va iste’molchilarga ochiq axborot bermoqda.

Hozir ota-onalarda: “Mendagi mahsulot qaytarib olinadigan partiyaga kiradimi yoki yo‘q?” degan savol kelib chiqyapti. Bunga javob: partiya raqami orqali.

Mahsulotning partiya raqami uning qutisida yoki bankasida bo‘ladi. U odatda qutilarning pastki qismida, yoki metall banka tagida, ba’zan yon tomonida mayda shrift bilan yozilgan bo‘ladi. Partiya raqami harf va raqamlardan iborat bo‘ladi. Masalan, 51490346AB yoki 52790742C1 kabi. Sizdagi raqamni Nestlé rasman e’lon qilgan ro‘yxat bilan solishtirish kerak. Agar raqam aynan shu ro‘yxatda bor bo‘lsa, mahsulot qaytarib olinadi.

Bordi-yu mahsulot ro‘yxatda qayd etilgan bo‘lsa, uni qanday qaytarish mumkin? Aynan Nestlé NAN mahsulotlarini O‘zbekiston bo‘ylab yetkazib beruvchi “Balton Trading” kompaniyasi vakilining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, iste’molchilar tovarni hech bir muammosiz qaytarib berishlari mumkin. Agar sizda qaytarib olinadigan partiya bo‘lsa, uni sotib olgan dorixona yoki do‘konga murojaat qiling. Sotuv nuqtasida mahsulot qabul qilinadi va pul qaytariladi yoki almashtirib beriladi. Mahsulot qadog‘ining buzilganligi ahamiyatga ega emas.

Agar do‘konda savollar tug‘ilsa, Nestlé'ning rasmiy distribyutori yoki iste’molchilar uchun mo‘ljallangan aloqa kanallari orqali murojaat qilish mumkin. Agar sizda xarid cheki saqlanmagan bo‘lsa ham, ko‘p hollarda mahsulot qabul qilinadi, chunki gap bolalar sog‘lig‘i haqida ketmoqda.

Mavzuga oid