Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident prokuratura xodimlari va faxriylarini kasb bayrami bilan tabrikladi
2026 yil 8 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yo‘llab, so‘nggi yillarda tizimda amalga oshirilgan islohotlar, fuqarolar huquqlarini himoya qilishdagi natijalar va kelgusidagi ustuvor vazifalarga to‘xtaldi.
2026 yil 8 yanvar — O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni munosabati bilan prezident Shavkat Mirziyoyev soha xodimlari hamda faxriylarni bayram bilan qutladi.
Tabrikda ta’kidlanishicha, keyingi yillarda prokuratura organlari faoliyatida keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilib, tizim xodimlari aholiga yaqinlashgan, inson qadri, huquq va erkinliklar hamda qonuniy manfaatlarni himoya qilish, qonun ustuvorligi va adolatni joylarda ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Prezident so‘nggi yildagi ish samaralarini misol qilib keltirib, qariyb 512 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangani, 54 mingga yaqin murojaat, jumladan, salkam 29 ming nafar tadbirkor masalasi hal etilganini qayd etdi.
Shuningdek, qurilish, yer resurslaridan oqilona foydalanish, xotin-qizlar va yoshlarni tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilish, yoqilg‘i-energetika, ekologiya va kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishlarida yangi mexanizmlar ijobiy natija bergani aytildi. Jumladan:
yashirin iqtisodiyotga qarshi choralar hisobiga davlat budjetiga 22 trln 300 mlrd so‘m qo‘shimcha tushum undirilgan;
qurilish sohasida budjetdan 3 trln 900 mlrd so‘m ortiqcha xarajatning oldi olingani ta’kidlangan.
Kriminogen vaziyatni chuqur tahlil qilish va tizimli profilaktika natijasida mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, og‘ir toifadagi mahallalar sonini qariyb 1,5 barobar kamaytirishga erishilgani ham qayd etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyatiga to‘xtalib, o‘tgan davrda 10 mingdan ziyod huquqbuzarlik va jinoyatga chek qo‘yilgani, davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan 1 trln 800 mlrd so‘m zarar undirilgani, 13 mingdan ortiq shaxs faoliyati legallashtirilib, tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgani aytildi.
Tabrikda raqamlashtirish masalasi ham alohida urg‘ulanib, tergov jarayonlarini raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasini kuchaytirish, prokuratura organlarini ham nazorat idorasi, ham tergovchilarni tayyorlaydigan tizim sifatida yanada rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Prezident korrupsiyaga qarshi kurashish yangi bosqichga ko‘tarilayotgan hozirgi davrda prokurorlik faoliyatida ochiqlikni yanada kuchaytirish va har bir xodim korrupsiyaga murosasiz munosabatda namuna bo‘lishi kerakligini qayd etdi.
Yakunda davlat rahbari soha vakillariga mustahkam sog‘liq, mas’uliyatli faoliyatda yutuq va omadlar, xonadonlariga tinchlik va fayz-u baraka tiladi.
Mavzuga oid
09:31 / 13.06.2026
Ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan “soxta prokuror“ ushlandi
12:31 / 03.03.2026
1 mlrd so‘mlik tabiiy qumni o‘zboshimchalik bilan qazib olish holati aniqlandi
11:13 / 02.03.2026
9 ming dollar talab qilgan prokuratura xodimi ushlandi
09:30 / 26.02.2026