Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron qiyin ahvolda: Xominaiy rejimining qulash vaqti yaqinmi?
Dekabr oyi oxiridan boshlangan norozilik namoyishlari butun davlat bo‘ylab keng tarqalmoqda. Politsiya minglab odamlarni qo‘lga olgan, o‘nlab odamlar halok bo‘lgani tasdiqlandi. Namoyishchilar allaqachon ikki shaharni egallab oldi, matbuotda “oliy rahnamo Moskvaga qochishga tayyor” degan gaplar tarqagan. Eron 2022 yildan beri ilk bor bu qadar ommaviy norozilikka duch kelmoqda. Xo‘sh, vaziyatdan AQSh va Isroil foydalanib qoladimi yoki Tehron bu gal ham namoyishlarni bostirishni uddalaydimi?
Eron 2022 yilgi norozilik namoyishlaridan keyin eng katta ommaviy chiqishlar bilan yuzlashmoqda. Yig‘ilganlar oliy rahnamo rejimidan norozi ekani, iqtisodiy tanazzuldan charchaganini aytadi. Qator nashrlarga ko‘ra, Ilam viloyatidagi ikki shahar allaqachon namoyishchilar qo‘liga o‘tgan, biroq Eron rasmiylari buni rad etadi. Mashhad va Tehrondagi namoyishlarga o‘nlab oliy o‘quv yurtlari talabalari ham qo‘shilgan.
Kun.uz bilan suhbatlashgan Turkiyaning Anqara shahridagi Eronni o‘rganish aql markazi eksperti Javit Turkuo‘g‘lu fikricha, hozirgi namoyishlar ko‘lami 2022 va 2009 yilgidan ancha tor. Shuningdek, norozilik rejimning qulashi bilan yakunlanish ehtimoli past.
“Eron xalqi tashqi aralashuv bilan harakat qiladigan xalq emas. Namoyishlar keng, lekin bundan oldingi chiqishlar darajasida emas. Bundan tashqari, bugungi bo‘layotgan namoyishlar asosiy katta shaharlar markazi emas, chet-chet tumanlarda avj olgan”, deydi u.
Shuningdek, ekspertning qo‘shimcha qilishicha, Eronda oliy rahnamo rejimining qulashi ichkaridagi norozilik bilan emas, tashqi aralashuvga ko‘proq bog‘liq.
“Eron masalasi AQSh uchun ayni dam ikkilamchi darajada deb ko‘raman. Chunki AQSh Venesuela bo‘yicha to‘liq ishini yakunlagani yo‘q, bundan tashqari Grenlandiya masalasi bor”, deydi Javit Turkuo‘g‘lu.
Erondagi O‘zbekiston elchixonasida ishlagan diplomat, siyosatshunos Shoislom Akmalov fikricha, namoyishlarning aynan dekabr oxiridan avj olgani, qochgan shohning o‘g‘li Amerikadan qayta-qayta murojaat yo‘llayotgani tasodif emas. Lekin hozirgi norozilik sabab Xominaiy hokimiyatiga yakun yasalishi haqida gapirishga biroz erta.
“Bizdan uncha uzoqda joylashmagan Eronda nimalar bo‘layotganini kuzatib borish juda muhim. 2022 yilda kurd qizi Aminiyning axloq politsiyasi kaltagidan vafoti ortidan yuz bergan ko‘cha namoyishlari yoki 2009 yilgi prezident saylovidan norozi bo‘lib, Mir-Husayn Musaviyni qo‘llash uchun ko‘chaga chiqqanlar bilan solishtirilsa, hozirgi namoyishlar u qadar katta emas. Lekin markaziy davlatlar, ya’ni AQSh va Isroilning bu masalaga aralashishini ham inobatga olish kerak. Nima bo‘lsa-da, Ali Xominaiyning rejimi qulashini gapirishga hali erta”, deydi siyosatshunos.
Siyosatshunos tahlilchi Kamoliddin Rabbimov fikricha, Eronni yiqitish AQSh emas, balki Isroil uchun birlamchi darajali vazifa. Dunyo Venesuelada o‘tkazilgan operatsiyani ko‘rib, kuzatib turibdi, hattoki NATOdagi ittifoqchilar ham buni qo‘llab-quvvatlamadi. Shunday sharoitda AQShning oliy rahnamo rejimi bo‘yicha harakatlari va undan keyingi bo‘ladigan ishlar oddiy eronliklarni tashvishlantiradi, deydi tahlilchi.
“Isroil davlati tashkil topibdiki, asosiy maqsadi Erondagi rejimni qulatish. AQSh Iroqqa kirgach, Isroil endi Eronga ham kiringlar deb gij-gijlab keladi. Venesuelani ko‘rdik, agar prezident Obama bo‘lganida mana, Eronda xalq norozi va biz demokratiya tarafdorimiz, deganida balki ishonishardi. Lekin AQShning hozirgi qilayotgan ishlari eronliklarni tashvishlantiradi”, deydi Rabbimov.
1979 yilgi inqilob sabab ag‘darilgan Muhammad Rizo Shoh Pahlaviyning o‘g‘li kunlardirki Amerika OAVlari orqali fors tilida odamlarni namoyishga chorlamoqda. Rabbimovning qo‘shimcha qilishicha, uning Erondagi shialar va xalq ichida obro‘si birdek yuqori emas.
“Rezo Pahlaviyning obro‘si shialar va xalq ichida bir xil kristallashgan yuqori emas. Yuqori inflatsiya sabab mamlakat ichkarisida siyosiy va ijtimoiy norozilik borligi, yildan yilda norozilik anatomiyasi shakllangani bor gap. Lekin aynan hozir va bu namoyishlar Xominaiy rejimini qulatish ehtimoli juda past deb bilaman”, deydi siyosatshunos.
OAV, xususan, Britaniya razvedkasiga tayangan holda The Times nashrining yozishicha, oliy diniy rahnamo allaqachon eng yaqin odamlari va oilasi bilan Moskvaga qochishni rejalagan. Biroq tahlilchi Javit Turkuo‘g‘li fikricha, qochib ketish hozirgi rejim ideologiyasiga to‘g‘ri kelmaydi.
“86 yoshli Xominaiy umrining oxirida qaysidir davlatga qochib ketishi yoki boshqa bir mamlakatga sig‘inishi ularning ideologiyasiga mos kelmaydi. Ular islomiy nigoh bilan bu yo‘lda o‘limdan qo‘rqmaydi, qurbon bo‘lsa, shahid deya tushunadi”, deydi Anqaradagi institut tahlilchisi.
Suhbatni Kun.uzʼning YouTubeʼdagi sahifasi orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.
Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.
Mavzuga oid
22:50 / 10.01.2026
Eron so‘nggi shohining o‘g‘li xalqni shaharlarni egallab olishga chaqirdi
21:16 / 10.01.2026
Erondagi namoyishlar: xaritalar ustida sharh
09:10 / 10.01.2026
Eronda namoyishlar: hal qiluvchi soatlarda internet deyarli to‘liq o‘chirildi
09:04 / 10.01.2026