Jahon | 12:47 / 09.01.2026
1624
3 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Isroil G‘azoga yana zarba berdi: 13 kishi halok bo‘ldi

G‘azoda sulh kuchga kirganidan buyon Isroil hujumlari oqibatida o‘ldirilgan falastinliklar soni 425 nafarga yetdi.

Foto: Anadolu

G‘azo fuqarolik mudofaasi xizmatining ma’lum qilishicha, payshanba kuni Falastin hududida Isroil hujumlari kamida 13 kishining, jumladan besh nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘ldi. Bu hujumlar sulhga qaramay yuz bermoqda.

The Guardian nashrining agentlik vakili Mahmud Bassalga tayanib yozishicha, G‘azoning janubidagi chodirga dron zarbasi berilishi oqibatida to‘rt kishi, jumladan uch nafar bola halok bo‘ldi. Shimoldagi Jabaliya qochqinlar lageri yaqinida esa 11 yoshli qiz halok bo‘lgan, maktabga berilgan zarba bir kishining o‘limiga olib kelgan. Xon Yunus yaqinida dron zarbasi yana bir erkakni o‘ldirgan.

Hamas nazorati ostidagi idora yana ikki nafar falastinlik boshqa hujumlarda halok bo‘lganini xabar qildi. Isroil harbiylari bu xabarlarni tekshirayotganini aytdi.

Foto: Reuters

Payshanba kuni kechqurun esa Isroil havo hujumi G‘azo shahrining sharqiy qismidagi bir uyni nishonga oldi. Yana to‘rt kishi o‘ldirildi.

Avvalroq, Isroil armiyasi «G‘azo shahri hududidan Isroil tomon snaryad uchirilgani», biroq u G‘azo hududi ichida qolib ketganini aytgandi. «Shundan so‘ng harbiylar uchirish nuqtasini nishonga oldi», deyiladi IDF bayonotda.

«Bugun ertalabdan buyon G‘azo sektoriga qilingan Isroil zarbalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 13 nafarga yetdi — bu sulh bitimining ochiqdan-ochiq buzilishidir,» degan Mahmud Bassal.

10 oktyabrdan buyon AQSh vositachiligidagi mo‘rt sulh Isroil kuchlari va Hamas o‘rtasidagi janglarni to‘xtatdi. Biroq har ikki tomon tez-tez sulh buzilayotganini da’vo qilib kelmoqda.

Foto: Reuters

G‘azo sog‘liqni saqlash idorasi ma’lumotiga ko‘ra, sulh kuchga kirganidan beri Isroil kuchlari G‘azoda kamida 425 falastinlikni o‘ldirgan. Hamas vakili Hazim Qosim AFP'ga payshanba kungi zarbalar «Isroil bosqinining sulhga rioya qilish majburiyatidan voz kechganini tasdiqlaydi», dedi.

Isroil armiyasi esa shu davrda uning uch nafar askarini o‘ldirganini bildirgan.

Mavzuga oid