O‘zbekiston | 15:33 / 10.01.2026
2141
3 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlik nazoratida xavf darajasi ball tizimida baholanadi

Hisob palatasi tadbirkorlik sub’yektlarida nazorat tadbirlarini o‘tkazishda «Xavfni tahlil qilish» tizimi orqali qonunbuzilish xavfini baholashga qaratilgan nizom loyihasini tayyorladi. Loyihada xavf darajalari past, o‘rta va yuqori toifalarga ajratilib, past xavfli sub’yektlarda tekshiruv o‘tkazilmasligi, tekshiruvlar esa Biznes-ombudsmanni xabardor qilish tartibida amalga oshirilishi belgilangan.

Foto: Fotolia

O‘zbekiston Hisob palatasi tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazish tartibini belgilaydigan “Tadbirkorlik sub’yektlari faoliyati bo‘yicha xavfni tahlil etish tizimi to‘g‘risida”gi nizom loyihasini ishlab chiqdi.

Loyihada xavfni baholash «Masofaviy audit» avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi «Xavfni tahlil qilish» moduli orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Tizim tadbirkorlik sub’yekti faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfi darajasini aniq mezonlar asosida baholashga xizmat qiladi.

Nizom loyihasiga ko‘ra, Hisob palatasi xavf tahlili natijalariga asosan o‘tkaziladigan tekshiruvlar boshlanishi haqida tadbirkorlik sub’yektlarini kamida 10 ish kuni oldin xabardor qiladi. Shu bilan birga, xavf tahlili natijasi — xavf darajasi qay darajada bo‘lishidan qat’i nazar — tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan ta’sir choralarini qo‘llashga mustaqil asos bo‘la olmasligi qayd etilgan.

Loyihada xavf tahlili jarayonida tadbirkorlik sub’yekti faoliyatini to‘xtatib turish, unga to‘sqinlik qilish yoki bevosita aralashish qat’iyan taqiqlanishi belgilangan. Shuningdek, ayrim holatlardan tashqari, xavf darajasini tahlil qilish jarayonida tadbirkorlik sub’yektlaridan hujjat yoki axborot talab qilishga ham yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilgan.

Xavf darajasini baholash “ball” tizimi asosida amalga oshirilib, natijalarga ko‘ra tadbirkorlik sub’yektlari 3 toifaga ajratiladi:

  • yuqori xavf — 81–100 ball;
  • o‘rta xavf — 61–80 ball;
  • past xavf — 60 ball va undan kam.

Nizom loyihasida xavf darajalariga qarab amalga oshiriladigan tadbirlar ham belgilangan. Xususan, past xavf toifasidagi tadbirkorlik sub’yektlarida tekshiruvlar o‘tkazilmaydi. O‘rta va yuqori xavf toifasidagilarda esa xavflarning oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlari o‘tkazilishi yoki zaruratga ko‘ra tekshiruv o‘tkazilishi mumkin.

Shu bilan birga, aniq fakt va holatlar bo‘yicha davlat manfaatlariga zarar yetkazish xavfini oldini olish yoki bartaraf etishga qaratilgan tekshiruvlar xavf tahlili natijalaridan qat’i nazar o‘tkazilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Qayd etilishicha, tadbirkorlik sub’yektlarida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilib, Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid