Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hafta davomida havo iliq bo‘lishi kutilmoqda
Haftaning birinchi yarmida O‘zbekistonda iliq va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Harorat kechasi +1…+6, kunduzi +15…+18 daraja atrofida bo‘ladi. 15−16 yanvarda esa yomg‘ir yog‘adi va u qorga aylanishi mumkin.
Ushbu haftaning birinchi yarmida O‘zbekiston bo‘yicha iliq va asosan quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet.
Dushanba kunining birinchi yarmida Toshkent, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida ba’zi joylarda va chorshanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida ayrim joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi.
Havo harorati dushanba kunduzi +10…+13 daraja, seshanba va chorshanba kunlari +15…+18 daraja atrofida bo‘ladi. Harorat asosan kechasi +1…+6 daraja bo‘ladi.
Haftaning ikkinchi yarmida ob-havo o‘zgarishi kutilmoqda. 15–16 yanvarda respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir yog‘adi, 16 yanvarda qorga aylanadi) bo‘ladi. Havo harorati 15 yanvarda kechasi +4…+9 daraja, kunduzi +10…+15 daraja, 16 yanvarda kechasi va kunduzi +1…+6 daraja bo‘ladi.
Ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. Shamol 7–12 metr/soniya tezlikda esadi, respublikaning ayrim joylarida 15−20 metr/soniyagacha kuchayadi.
Toshkent shahrida 13–14 yanvarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechalari +3…+5 daraja, kunduz kunlari +15…+18 daraja bo‘ladi. 15 yanvarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Harorat kechasi +6…+8 daraja, kunduzi +11…+13 daraja bo‘ladi. 16 yanvarda yomg‘ir yog‘adi, qorga aylanishi mumkin. Harorat kechasi va kunduzi +1…+6 daraja bo‘ladi.