Jahon | 08:27
8273
6 daqiqa o‘qiladi

Shoh Pahlaviyning o‘g‘li: Eronga qaytishga tayyorman

Eronning so‘nggi shohi Rizo Pahlaviyning o‘g‘li ommaviy norozilik namoyishlari fonida Eronga qaytishga tayyor ekanini bildirdi va “hal qiluvchi” pallada AQSh rahbariyatini harakatga chaqirdi. Pahlaviyning aytishicha, u allaqachon o‘tish davri uchun jamoa tuzishni rejalashtirmoqda.

Foto: Joel Saget/AFP

Eronning so‘nggi shohi Rizo Pahlaviyning katta o‘g‘li ommaviy norozilik namoyishlari fonida Eronga qaytishga tayyor ekanini bildirdi va “hal qiluvchi” paytda AQSh rahbariyatini harakatga chaqirdi. Pahlaviy yakshanba, 11 yanvar kuni Fox News telekanalida namoyish etilgan Sunday Morning Futures dasturida chiqish qildi.

“Siz o‘z merosingizni tinchlik va yovuz kuchlarga qarshi kurashga sodiq inson sifatida allaqachon mustahkamlab qo‘ygansiz”, — dedi shohning o‘g‘li Oq uy rahbariga murojaat qilib. “Eronda odamlar ko‘chalarni sizning sharafingizga qayta nomlayotganining sababi bor. Ular (eronliklar — tahr.) siz Barak Obama yoki Jo Baydenning mutlaqo teskarisi ekaningizni biladi. Ular (norozilar — tahr.) siz ularni avvalgidek e’tibordan chetda qoldirmasligingizni biladi”, — deb qo‘shimcha qildi u.

Donald Tramp 10 yanvar kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi postida norozilik namoyishlari ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor bildirdi. Shuningdek, u 9 yanvardagi matbuot anjumanida ham Eron rejimi keng ko‘lamli zo‘ravonlikka qo‘l ursa, AQSh qat’iy javob berishini takrorladi. “Biz ularning eng og‘riqli joyiga juda qattiq zarba beramiz. Bu qo‘shin kiritish degani emas, ammo eng og‘riqli joyiga juda, juda qattiq zarba berishni anglatadi”, — dedi Tramp.

Pahlaviy Trampning ochiq qo‘llab-quvvatlashi norozilarni ruhlantirganini aytdi va hozirgi paytni millatni “ozod qilish” uchun “hal qiluvchi palla” deb atadi.

“Umid qilamanki, biz bu merosni Eronni ozod qilish orqali abadiy mustahkamlay olamiz, shunda biz ham, siz ham yana Eronni buyuk qilamiz. Keling, bu ishda birlashaylik va mamlakatlarimiz hamda xalqlarimiz uchun yaxshiroq kelajak yaraylik”, — dedi u AQSh prezidentiga murojaat qilib.

“Bu — bizga berilgan imkoniyat. Men ilk imkoniyat tug‘ilishi bilan Eronga qaytishga tayyorman. Men bu qadamni va o‘tish davri uchun jamoani allaqachon rejalashtiryapman. Faqat bu gal Eron xalqi g‘alaba qozonishidan umid qilamiz — va u albatta g‘alaba qozonadi, chunki men eronliklar bu ish uchun o‘lishga tayyor ekanini bilaman, men ham shundayman”, — dedi shohning katta o‘g‘li.

Shu orada, The Wall Street Journal (WSJ) gazetasi xabar berishicha, Tramp 13 yanvar kuni Erondagi noroziliklar fonida AQSh ixtiyoridagi harakat variantlari bo‘yicha ma’lumot oladi. Uchrashuvda keyingi ehtimoliy qadamlar — jumladan, harbiy zarbalar, kiberqurol qo‘llash, qo‘shimcha sanksiyalar, shuningdek, muxolifatni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilinadi, deb aniqlik kiritgan nashr. Reuters agentligi esa uchrashuvda Trampning yuqori lavozimli maslahatchilari qatnashishini qayd etdi.

AQShda joylashgan huquqni himoya qiluvchi HRANA tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Eronda davom etayotgan tartibsizliklarda 500 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgan, 10 600 nafardan ko‘proq odam ushlangan.

Otasi Muhammad Pahlaviy taxtdan ag‘darilganidan so‘ng, 64 yoshli Rizo Pahlaviy AQShda yashaydi va Tehronda rejim almashishini qo‘llab-quvvatlab keladi. “Ko‘plab eronliklar uchun u umid ramzi — otasi davrini, kelajakka yo‘naltirilgan, ammo 1979 yilgi inqilob bilan tugagan davrni eslatib turuvchi shaxs”, — deb tushuntirdi jurnalist Molud Hojizoda DW'ga bergan intervyusida.

Eronda namoyishlar 2025 yil 28 dekabr kuni boshlangan. O‘sha kuni Tehrondagi do‘kon egalari iqtisodiy ahvol yomonlashayotganiga e’tiroz sifatida savdo nuqtalarini yopgan. Keyinchalik aksiyalarga boshqa yirik shaharlar aholisi ham qo‘shilgan.

Seshanba, 30 dekabr kuni norozilar bilan politsiya o‘rtasida ilk to‘qnashuvlar bo‘lgani va kuch tuzilmalari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, aksiyalar siyosiy tus oldi: ishtirokchilarning bir qismi Eronning oliy rahbari Ali Xomanaiyga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan shiorni ayta boshladi — “Diktatorga o‘lim”. Namoyishchilar siyosiy rejim almashishini va Pahlaviyning hokimiyatga kelishini talab qilmoqda.

Eron iqtisodiyoti 40 foiz atrofidagi inflatsiya va G‘arb sanksiyalaridan aziyat chekmoqda.

AQSh prezidenti 2 yanvar kuni Truth Social’da shunday deb ogohlantirgan edi: agar kuch tuzilmalari og‘ir iqtisodiy vaziyat va yuqori inflatsiyaga qarshi tinch namoyishga chiqayotgan fuqarolarga o‘q uzsa, Qo‘shma Shtatlar aralashadi.

Keyinchalik chiqishlar tartibsizliklarga aylandi. Tehron shahar hokimi Alirizo Zakaniyning bildirishicha, 9 yanvarga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tgan aksiyalarda 50 tadan ortiq bank va bir nechta davlat muassasasi yoqib yuborilgan, yong‘inda 30 tadan ziyod masjidlar vayron bo‘lgan.

Mavzuga oid