Jahon | 09:18
3453
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Eron rahbarlari muzokara olib borishni istayapti

AQSh prezidentining aytishicha, ommaviy noroziliklar fonida Eron rahbariyati Vashington bilan bog‘lanib, muzokara o‘tkazishni so‘ragan. “Uchrashuv tashkil etilyapti”, - dedi Donald Tramp. Tehron hozircha bu bayonotga izoh bermadi.

Foto: Nathan Howard / Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron rahbariyati undan muzokaralar o‘tkazishni so‘rab, o‘ziga murojaat qilganini bildirdi. Oq uy rahbari bu haqda yakshanba, 11 yanvar kuni Air Force One samolyoti bortida bayonot berdi.

“Eron rahbarlari qo‘ng‘iroq qildi”, — dedi Tramp va “uchrashuv tashkil etilyapti”, deb qo‘shimcha qildi. “Ular muzokara olib borishni istaydi”, — dedi u.

Biroq Donald Tramp “ehtimol, uchrashuvga qadar biz harakat qilishimizga to‘g‘ri kelishi mumkin”, deb ham qo‘shimcha qildi, ammo tafsilotlarni aytmadi.

Tehronda hozircha AQSh prezidenti bayonotlari yuzasidan izoh berilmagan.

Bundan avval Tramp Oq uy va AQSh harbiylari Eronda namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun harakat variantlarini tahlil qilayotganini aytgan edi. “Harbiylar vaziyatni o‘rganyapti, biz juda qattiq variantlarni ko‘rib chiqyapmiz”, — degan AQSh rahbari jurnalistlarga. U, shuningdek, Eron muxolifati yetakchilari bilan aloqada ekanini bildirgan.

AQShda joylashgan HRANA huquqni himoya qiluvchi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Eronda davom etayotgan tartibsizliklar vaqtida 500 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgan va 10 600 nafardan ziyod odam ushlangan.

Eronda namoyishlar 2025 yil 28 dekabr kuni boshlangan. O‘sha kuni Tehrondagi do‘kon egalari iqtisodiy ahvol yomonlashayotganiga e’tiroz sifatida savdo nuqtalarini yopgan. Keyinchalik aksiyalarga boshqa yirik shaharlar aholisi ham qo‘shilgan.

Seshanba, 30 dekabr kuni norozilar bilan politsiya o‘rtasida ilk to‘qnashuvlar bo‘lgani va kuch tuzilmalari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, aksiyalar siyosiy tus oldi: ishtirokchilarning bir qismi Eronning oliy rahbari Ali Xomanaiyga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan shiorni ayta boshladi — “Diktatorga o‘lim”. Namoyishchilar siyosiy rejim almashishini va Rizo Pahlaviyning hokimiyatga kelishini talab qilmoqda.

Eron iqtisodiyoti 40 foiz atrofidagi inflatsiya va G‘arb sanksiyalaridan aziyat chekmoqda.

AQSh prezidenti 2 yanvar kuni Truth Social tarmog‘ida shunday deb ogohlantirgan edi: agar kuch tuzilmalari og‘ir iqtisodiy vaziyat va yuqori inflatsiyaga qarshi tinch namoyishga chiqqanlarga o‘q uzsa, Qo‘shma Shtatlar aralashadi.

Keyinchalik chiqishlar tartibsizliklarga aylandi. Tehron shahar hokimi Alirizo Zakaniyning bildirishicha, 9 yanvarga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tgan aksiyalarda 50 tadan ortiq bank va bir nechta davlat muassasasi yoqib yuborilgan, yong‘inda 30 dan ziyod masjid vayron bo‘lgan.

Mavzuga oid