O‘zbekiston | 21:07 / 13.01.2026
4435
2 daqiqa o‘qiladi

Bolaga ota ismini familiya sifatida berishga ruxsat etilishi mumkin

Amaldagi qonunchilikda bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanishi ko‘zda tutilgan. Endi unga o‘zgartirish kiritilishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Bolaga ota ismini familiya sifatida berishga ruxsat etilishi mumkin. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 13 yanvardagi majlisida deputatlar Oila kodeksiga shu haqda qo‘shimcha kiritish ko‘zda tutilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Ushbu loyiha bilan Oila kodeksining 69-moddasiga qo‘shimcha kiritish taklif etilmoqda. Bu moddada bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Majlisda so‘zga chiqqan Adliya vaziri o‘rinbosari Nu’mon Muhammadiyev hozirgi kunda ota yoki ona tomonidan bolaga milliy an’analarga ko‘ra, boboning ismi bo‘yicha familiya berilayotganini bildirdi.

«Hozirgi vaqtda ota ismini bolaga familiya sifatida berish imkoniyatining yo‘qligi qonunchilik hujjatlarini turlicha talqin qilinishiga hamda fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Masalan, bolalar uyida ulg‘ayganlar yoki otalik huquqidan mahrum qilingan shaxslarning farzandi o‘z bolasiga otalik huquqidan mahrum qilingan otaning ismini familiya sifatida berishni xohlamayapti», dedi Muhammadiyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday hollarda ota-ona ma’lum muddatdan so‘ng, farzandining tug‘ilgani haqidagi dalolatnomalarga o‘zgartirish kiritish orqali o‘z familiyasini bermoqda.

Adliya vaziri o‘rinbosari xalqaro tajriba ham o‘rganilganini, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston hamda qo‘shni Turkmanistonda bolaning familiyasi nafaqat bobo, balki ota ismi bo‘yicha ham berilishi belgilab qo‘yilganini bildirdi.

Shulardan kelib chiqqan holda, Oila kodeksining 69-moddasiga otaning ismini bolaga familiya sifatida berish bo‘yicha qo‘shimchalar kiritish taklif etildi.

Mavzuga oid