Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Venesuela muxolifati yetakchisi Machadoni Oq uyda qabul qiladi
OAV Oq uyning nomi oshkor qilinmagan mansabdorlariga tayanib xabar berishicha, 15 yanvar kuni AQSh prezidenti Nobel tinchlik mukofoti laureati Mariya Korina Machado bilan uchrashmoqchi.
AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni, 15 yanvarda Oq uyda Venesuela muxolifatining yetakchilaridan biri, 2025 yil Nobel tinchlik mukofoti laureati Mariya Korina Machadoni qabul qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda dushanba, 12 yanvar kuni CNN telekanali hamda AFP va Reuters agentliklari bir-biridan mustaqil ravishda xabar qildi — barchasi Oq uydagi nomi oshkor etilmagan manbalarga tayangan.
Avvalroq, AQShning Venesueladagi harbiy operatsiyasidan ko‘p o‘tmay — u operatsiya natijasida 3 yanvar kuni mamlakat rahbari Nikolas Maduro qo‘lga olinib, AQShga olib ketilgan edi — Donald Tramp Machadoga Venesuelani boshqarish qiyin bo‘lishini aytgan, chunki unda buning uchun zarur bo‘lgan xalq qo‘llovi va hurmati yo‘q.
Mariya Korina Machadoning o‘zi 5 yanvar kuni Fox News telekanali efirida shunday dedi: u Trampga Nobel tinchlik mukofotini berishni yoki uni u bilan bo‘lishishni istaydi, chunki “u qilgan ish tarixiy” va “demokratik o‘zgarishlar sari ulkan qadam”dir. Biroq Norvegiya Nobel qo‘mitasi o‘shanda Nobel tinchlik mukofoti “ortga qaytarilishi, bo‘linishi yoki boshqa shaxslarga o‘tkazilishi mumkin emas”ligini tushuntirgan.
9 yanvar kuni Tramp CNN efirida Mariya Korina Machado bilan gaplashishni xohlashini aytdi. “U (AQSh Nikolas Maduroni qo‘lga olgandan keyin Venesuelani boshqarishning ayrim jihatlariga — tahr.) jalb qilinishi mumkin. Men u bilan gaplashishimga to‘g‘ri keladi. O‘ylaymanki, uning kelmoqchi ekani juda yaxshi. Menimcha, sababi ham shu”, — dedi u.
12 yanvar kuni prezident samolyoti Air Force One bortida jurnalistlar bilan suhbatlashar ekan, Tramp yana shuni ma’lum qildi: u Venesuelada vaqtincha prezident vazifasini bajarayotgan Delsi Rodriges bilan ham uchrashish niyatida. Uning so‘zlariga ko‘ra, uning ma’muriyati Rodriges bilan “rostdan ham yaxshi” hamkorlik qilyapti.
12 yanvar kuni Venesueladagi yangi hokimiyat mamlakatda Nikolas Maduro hukmronligi davrida ozodlikdan mahrum etilgan 116 nafar siyosiy mahbus ozod etilganini e’lon qildi. Gap asosan 2024 yilda prezident saylovlari soxtalashtirilganiga qarshi bo‘lgan namoyishlardan keyin qamalganlar haqida ketmoqda.
Shu bilan birga, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar ozod qilinganlar sonini tasdiqlamayapti. AFP agentligi NNT va muxolifat ma’lumotlariga tayanib bergan hisob-kitoblariga ko‘ra, 8 yanvardan beri Venesuelada taxminan 50 nafar siyosiy mahbus ozod qilingan.
Huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar bahosiga ko‘ra, Venesueladagi siyosiy mahbuslar soni 800–1200 nafarni tashkil qiladi.
Mavzuga oid
22:26 / 07.06.2026
Boshlovchi bilan aytishib ketgan Tramp intervyuni to‘xtatdi
20:25 / 07.06.2026
Tramp Xominaiy bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga tayyorligini bildirdi
14:20 / 06.06.2026
Tramp Netanyahudan nega norozi?
22:15 / 05.06.2026