O‘zbekiston | 21:52 / 14.01.2026
769
2 daqiqa o‘qiladi

5 yil davomida YTHlar kamayish dinamikasi saqlanib qoldi – YHXX

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga ko‘ra 2025 yilda O‘zbekistonda 2 188 kishi YTH oqibatida vafot etgan, 8 901 kishi esa turli darajada jarohatlangan. Transport vositalari oshgan bo‘lsa-da, o‘tgan 5 yilda YTH oqibatida vafot etganlar soni har 100 ming aholiga nisbatan 6,9 tadan 5,7 taga kamaygani qayd etilgan.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati so‘nggi 5 yildagi YTHlar tahlilini e’lon qildi. Unga ko‘ra, yo‘llardagi o‘lim holatlari kamaygan.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda 2025 yilda sodir bo‘lgan YTHlar oqibatida 2 188 nafar inson vafot etgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga (2 199 nafar) nisbatan kamaygan. Shuningdek, o‘tgan yilda 8 901 kishi YTHlardan turli darajada tan jarohati olgan. Bu raqam 2024 yilda 8 931 nafarni tashkil etgan.

Tahlillarga ko‘ra, respublikada so‘nggi 5 yil (2021-2025) davomida aholi va transport vositalari soni oshganiga qaramasdan YTHlar kamayish dinamikasi saqlanib qolmoqda. Xususan, o‘tgan 5 yilda YTH oqibatida vafot etganlar soni har 100 ming aholiga nisbatan 6,9 tadan 5,7 taga, har 10 ming transport vositasiga nisbatan esa 6,3 tadan 4 taga kamaygani kuzatilgan.

“Ta’lim muassasalari atrofida va mahallalarda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida bolalar ishtirokidagi YTHlar 2024 yilga nisbatan 171 taga (-9,6 foizga), halok bo‘lgan bolalar soni esa 36 taga (-12,8 foizga) kamaygan. 2024 yil yakunlariga ko‘ra, MDH davlatlarida har 100 ming aholiga nisbatan eng kam sodir etilgan YTHlar bo‘yicha O‘zbekiston Ozarboyjondan keyin 2-o‘rinni, o‘lim bilan bog‘liq YTHlar ko‘rsatkichi bo‘yicha esa 1-o‘rinni egallagan”, deyiladi xabarda.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati barcha harakat ishtirokchilaridan yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishlarini so‘ragan.

Mavzuga oid