Jahon | 13:58 / 14.01.2026
2298
2 daqiqa o‘qiladi

Rada Shmixal va Fedorov bo‘yicha kutilgan tayinlovlarni qo‘llab-quvvatlamadi

Ukraina sobiq mudofaa vaziri Denis Shmixalni Energetika vazirligi rahbari lavozimiga tayinlash uchun Radada 210 deputat ovoz berdi. Shuningdek, Mixail Fedorovni mudofaa vaziri etib tayinlash masalasini ko‘rib chiqishga o‘tish haqidagi ovoz berish ham muvaffaqiyatsiz yakunlandi.

Foto: AP / Vadym Sarakhan

Ukraina Oliy radasi 13 yanvar, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berishda Ukraina sobiq mudofaa vaziri Denis Shmixalni mamlakat bosh vazirining birinchi o‘rinbosari va energetika vaziri lavozimiga tayinlashni qo‘llab-quvvatlamadi. Shu kuni Ukraina raqamli transformatsiya bo‘yicha sobiq vazir Mixail Fedorovni mudofaa vaziri etib tayinlash masalasini ko‘rib chiqishga o‘tish haqidagi ovoz berish ham barbod bo‘ldi.

Oliy rada deputati Yaroslav Jyeleznyakning Telegram’dagi postiga ko‘ra, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Denis Shmixalni Energetika vazirligi rahbari etib tayinlash taklifi uchun 210 deputat ovoz bergan, 4 deputat qarshi chiqqan, 33 deputat betaraf qolgan, 44 deputat ovoz berishda ishtirok etmagan. Qaror qabul qilinishi uchun 226 nafar parlamentariy qo‘llab-quvvatlashi talab etilardi.

Bundan oldin shu kuni — 13 yanvarda Ukraina parlamenti iste’fo haqida ariza bergan Ukraina mudofaa vaziri Denis Shmixalni, raqamli transformatsiya vaziri Mixail Fedorovni va Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) rahbari Vasiliy Malyukni egallab turgan lavozimlaridan ozod qilish to‘g‘risidagi qarorni qo‘llab-quvvatlagan.

Shuningdek, 2025 yil 19 noyabrda Rada Ukraina energetika vaziri lavozimidan Svetlana Grinchukning iste’fosini ham ma’qullagan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid