Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turk farmkompaniyalari O‘zbekiston bozoriga kirish bo‘yicha muzokara boshladi
O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi delegatsiyasi Istanbulda Turkiyaning yetakchi farmatsevtika kompaniyalari va sohaviy tuzilmalari bilan uchrashib, qo‘shma loyihalar, lokalizatsiya va texnologiyalar transferi masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi delegatsiyasi Turkiyaning yetakchi institutsional va xususiy tuzilmalari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Uchrashuvlar O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida tashkil etildi. Muzokaralarda delegatsiya a’zolari Turkiya palatalar va birjalar ittifoqi hamda turk farmatsevtika sanoatining yetakchi kompaniyalari — Abdi İbrahim İlaç, Atabay Kimya, Humanis Sağlık va Koçak Farma İlaç ve Kimya rahbariyati bilan fikr almashdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda farmatsevtika sohasini jadal rivojlantirishga qaratilgan islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti, me’yoriy-huquqiy bazaning izchil takomillashtirilishi haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, sertifikatlash, bozorga chiqarish tartib-taomillari hamda xalqaro standartlarga muvofiqlik masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston farmatsevtika bozorining yuqori o‘sish salohiyati, aholining dori vositalariga bo‘lgan barqaror va ortib boruvchi ehtiyoji, mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari haqida fikr yuritdi. Maxsus farmatsevtika klasterlari va erkin iqtisodiy zonalarda taqdim etilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, O‘zbekiston hududida qo‘shma korxonalar tashkil etish, ishlab chiqarishni lokalizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalar transferi va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida hamkorlik qilish imkoniyatlari turk kompaniyalariga taqdim etildi.
Turkiya tomoni farmatsevtika mahsulotlarini O‘zbekiston bozoriga olib kirish, mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlari, klinik tadqiqotlarni tashkil etish, sifat nazorati tizimi hamda eksport-import tartib-taomillariga doir masalalar bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tdi.
Tashrif doirasida delegatsiya vakillari turk kompaniyalarining ishlab chiqarish zavodlari va fabrikalari faoliyati bilan ham tanishdi. U yerda mahsulot ishlab chiqarish jarayonlari, sifatni ta’minlash tizimi, xalqaro GMP standartlari, ilg‘or texnologiyalar va innovatsion yechimlar yuzasidan ma’lumotlar olindi.
Qayd etilishicha, uchrashuvlarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida farmatsevtika sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, o‘zaro investitsiyalarni kengaytirish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Turkiya farmatsevtika kompaniyalari esa O‘zbekiston bozoriga kirish va uzoq muddatli strategik sheriklikni yo‘lga qo‘yishga katta qiziqish bildirgan.
Mavzuga oid
23:36 / 29.04.2026
AQShda «opium epidemiyasi»ga sabab bo‘lgan farmatsevtika kompaniyasi yopiladi
08:31 / 07.04.2026
O‘zbekiston va Pokiston yuqori texnologiyali dori ishlab chiqarishi mumkin
18:01 / 05.03.2026
Prezident O‘zbekistondagi farmatsevtika korxonalari uchun yangi imkoniyatlarni e’lon qildi
11:02 / 03.03.2026