Jahon | 19:44 / 14.01.2026
7008
5 daqiqa o‘qiladi

Venesuelani kimlar boshqarmoqda?

Maduro hukumatidagi eng qudratli 4 kishi va AQShning 5 nafar yuqori martabali amaldori bugun Venesuela kelajagini belgilamoqda.

Venesuela muvaqqat prezidenti Delsi Rodriges va boshqa amaldorlar Karakasdagi Milliy assambleyada birga yurib ketmoqda, 5 yanvar 2026 yil.
Foto: Marselo Garcia / Reuters

Venesuelada hokimiyat uzoq yillardan beri siyosiy va harbiy amaldorlardan iborat kichik, biroq nihoyatda qudratli guruh tomonidan nazorat qilinadi. Ular keng tarmoqli, o‘ziga sodiq xavfsizlik idoralari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Bu tizim AQSh Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni hokimiyatdan ag‘darganidan keyin ham saqlanib qoldi.

AQSh harbiylari o‘g‘irlab ketgan Maduroning o‘zi Nyu-Yorkda narkoterrorizm ayblovlari bilan hibsda saqlanmoqda. Uning o‘rniga vorisi vaqtinchalik rahbar sifatida qasamyod qildi.

Xo‘sh, bugun Venesueladagi eng qudratli shaxslar kimlar? Boshqa mamlakat kelajagini belgilayotgan AQSh amaldorlari-chi, ular kimlar? Reuters nashri ushbu shaxslarning har biriga to‘xtalib o‘tdi.

Venesueladagi siyosiy doiralar

Delsi Rodriges – Venesuelaning vaqtinchalik prezidenti. U Maduroning sobiq vitse-prezidenti bo‘lgan, hozir esa AQSh nazorati ostida mamlakatni boshqarmoqda.

Foto: Reuters

Delsi xonim tajribali huquqshunos va uzoq yillik partiya amaldori. Vitse-prezident, neft va moliya vaziri bo‘lgan paytda to‘plagan iqtisodiy qudrati uchun kinoyali tarzda «orqa fondagi hukmdor ayol» (tsarina) deb ataladi. U Maduroning hukumatida ishlagani uchun rasmiy sanksiyalar ostida, biroq hozircha AQSh ishonchini qozongan. AQSh neft kompaniyalari nazarida esa mamlakatning yemirilgan energetika infratuzilmasini tiklashda eng qulay hamkor hisoblanadi.

Xorxe Rodriges – Milliy Assambleya raisi, amaldagi boshqaruvchi Delsi Rodrigesning ukasi. U Venesuela parlamentiga rahbarlik qiladi, u yerda esa hukmron sotsialistik partiya mutlaq ustunlikka ega.

Xorxe AQSh va muxolifat bilan muzokaralarni yuritgan. Saylov shartlari va mahbuslar almashinuvi bo‘yicha kelishuvlarga boshchilik qilgan. Chet el hukumatlari uni pragmatik muzokarachi deb biladi. U xorijiy kompaniyalar uchun neft qonunchiligini o‘zgartirish jarayonini boshlashi mumkin.

Diosdado Kabello – ichki ishlar vaziri. U Venesuelada Harbiy kontrrazvedkani nazorat qiladi. Shuningdek, o‘zini «Colektivos» deb ataydigan, hukmron partiya bilan aloqador bo‘lgan va muxolifat tarafdorlarini qo‘rqitish bilan tanilgan mototsiklchi guruhlar ham uning izmida.

Kabello repressiya apparatining asosiy ijrochisi, shuningdek Hugo Chavezga bog‘liq siyosiy mafkuraning asosiy ramzi hisoblanadi. U AQShda narkoterrorizm ayblovi bilan qidiruvda, boshiga 25 million dollar mukofot belgilangan.

Chapdan: Diosdado Kabello va Vladimir Padrino / Foto: AFP

Vladimir Padrino – mudofaa vaziri, Venesuela Qurolli kuchlarni boshqaradi. U Delsi Rodrigesga sodiqlik bildirgan. Mamlakatdagi o‘tish davrida tartibni saqlashda muhim rol o‘ynaydi.

Mariya Korina Machado – asosiy muxolifat yetakchisi, Nobel mukofoti sohibasi. Hukumat tanqidchisi bo‘lgan Mariya 2024 yilgi muxolifat praymerizida g‘alaba qozongan, biroq umumiy saylovga qo‘yilmagan. Biroq, AQSh prezidenti Donald Tramp uni yetarli siyosiy tayanchga ega emas, deb hisoblaydi.

AQShdan turib Venesuelani «boshqaruvchilar»

Marko Rubio – AQSh Davlat kotibi va vaqtinchalik milliy xavfsizlik maslahatchisi. Reutersʼning yozishicha, Maduroning ag‘darilishi uning uzoq yillik maqsadi bo‘lgan. Rubio Delsi Rodriges bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada.

Chapdan: Ratklif, Tramp va Rubio Karaksdagi operatsiyani kuzatmoqda. 3 yanvar 2026 yil, Florida – AQSh. / Foto: Oq uy

Jon Ratklif – Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) direktori. U Maduro qo‘lga olinishi operatsiyasini razvedka jihatdan ta’minlagan.

Stiven Miller – Oq uy apparatining siyosat masalalari bo‘yicha rahbari o‘rinbosari va ichki xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi. Nashrning yozishicha, Miller Lotin Amerikasiga qaratilgan immigratsiya siyosatini ishlab chiqqan va kuch siyosatini targ‘ib qiladi.

Pet Hegset – AQSh mudofaa vaziri (Urush vaziri). U Karib havzasida harbiy kuch jamlab, Maduroni qo‘lga olish reydini tashkil qilgan.

Kris Rayt – AQSh energetika vaziri. U Venesuela neft sanoatini qayta qurish rejasi uchun mas’ul. Kris – Chevron, Exxon va ConocoPhillips kabi gigant kompaniyalarni Venesuelaga qaytarishni rejalamoqda. Shuningdek, u Karakasning Pekinga tobe bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik tarafdori.

Mavzuga oid