Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Meksikadan narkokartellarga qarshi reydlar o‘tkazishga ruxsat olmoqchi
AQSh harbiylari fentanil ishlab chiqarishi mumkin bo‘lgan obektlarga reydlar paytida meksikalik askarlarga hamrohlik qilishini xohlayotgani ta’kidlanmoqda.
AQSh hukumati Meksika hududida giyohvand moddalar ishlab chiqaruvchi narkokartellarga qarshi operatsiyalar o‘tkazish uchun Meksika hukumatiga bosimni kuchaytirmoqda, deb yozdi The New York Times (NYT) o‘z manbalariga tayanib.
«AQSh Meksikaga amerikalik harbiylarga mamlakat ichida fentanil ishlab chiqaruvchi laboratoriyalarni yo‘q qilish bo‘yicha qo‘shma operatsiyalar o‘tkazishga imkon berish uchun bosimni kuchaytirmoqda», deyiladi nashr xabarida.
Manbalarga ko‘ra, «bu taklif birinchi marta o‘tgan yilning boshida aytilgan, ammo keyinchalik boshqa muddatga qoldirilgan».
«Ammo AQSh kuchlari Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni 3 yanvar kuni qo‘lga olganidan keyin so‘rov qayta yuborildi», deb yozdi NYT.
Manbalarning ta’kidlashicha, «AQSh harbiylari, maxsus kuchlar jangchilari yoki Markaziy razvedka boshqarmasi askarlari fentanil ishlab chiqarishi mumkin bo‘lgan obektlarga reydlar paytida meksikalik askarlarga hamrohlik qilishini xohlaydi».
NYT ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh maslahatchilari allaqachon Meksika harbiylarining qo‘mondonlik punktlarida bo‘lib, giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashda yordam berish uchun razvedka ma’lumotlari bilan o‘rtoqlashmoqda.
3 yanvar kuni AQSh harbiylari Karakasda Maduroni qo‘lga oldi va Qo‘shma Shtatlarga olib ketdi. Amerika rasmiylari uni giyohvand moddalar savdosiga aloqadorlikda ayblamoqda.