Jahon | 20:57 / 15.01.2026
3993
2 daqiqa o‘qiladi

Arab davlatlari Trampni «Eronga imkoniyat berishga» ko‘ndirdi – OAV

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab davlatlari AQSh rasmiylaridan Tehronga zarba berishdan tiyilishni so‘radi, chunki Eron rejimini ag‘darishga urinish neft bozorlarida tartibsizliklarni keltirib chiqarishi va oxir-oqibat AQSh iqtisodiyotiga zarar yetkazishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Foto: AFP

Saudiya Arabistoni, Qatar va O‘mon rasmiylari AQSh prezidenti Donald Trampni Eronga hujum qilishdan voz kechishga ko‘ndirdi, dedi AFP agentligiga saudiyalik yuqori martabali amaldor.

«Ko‘rfazning uch mamlakati so‘nggi daqiqada prezident Trampni Eronga o‘z yaxshi niyatini namoyish etish imkoniyatini berishga ko‘ndirish uchun ko‘p urinishli diplomatik sa’y-harakatlarni amalga oshirdi», dedi amaldor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar «erishilgan ishonchni mustahkamlash va hozirgi ijobiy muhitni saqlab qolish» uchun AQSh bilan muzokaralarni davom ettirmoqda.

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab davlatlari AQSh rasmiylaridan Tehronga zarba berishdan tiyilishni so‘radi, chunki Eron rejimini ag‘darishga urinish neft bozorlarida tartibsizliklarni keltirib chiqaradi va oxir-oqibat AQSh iqtisodiyotiga zarar yetkazadi, deb yozgan edi avvalroq The Wall Street Journal gazetasi.

Eronning Pokistondagi elchisi Rizo Amiriy Mug‘odamning ta’kidlashicha, Donald Tramp allaqachon Tehronga mamlakatga hujum qilmasligini ma’lum qilgan va bunga javoban bosiqlik ko‘rsatishni va mintaqadagi Amerika obektlariga zarba bermaslikni so‘ragan.

Eronda norozilik namoyishlari boshlanganidan keyin Donald Tramp AQSh namoyishlarning tarqatilishi va rasmiylarning namoyishchilarga bosimi tufayli bir nechta «juda qattiq» harakat variantlarini ko‘rib chiqayotganini aytdi. The New York Times nashrining yozishicha, Trampga Eronga yangi zarbalar berishning bir necha variantlari, jumladan, Tehrondagi noharbiy obektlarga zarba berish variantlari taqdim etilgan. Biroq, 14 yanvar kuni Tramp «ishonchli manbalarga» ko‘ra, Eron rasmiylari namoyish ishtirokchilarini qatl etishdan bosh tortganini aytdi.

Mavzuga oid