Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron AQShning ehtimoliy zarbasi haqidagi xabarlar fonida osmonini yopdi
Eron hukumati mamlakat ustidagi parvozlarni 15 yanvar tongigacha chekladi. Avvalroq AQSh Eronga bir sutka ichida zarba berishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
Foto: Majid Asgaripour / West Asia News Agency / Reuters
Eron vaqtincha o‘z havo maydonini barcha samolyotlar uchun yopdi, faqat oldindan ruxsatnoma olgan xalqaro reyslarga istisno qilindi. Bu haqda Eron Federal aviatsiya boshqarmasi saytida 14 yanvar, chorshanba kuni kechqurun ma’lum qilindi.
Dastlabki ogohlantirishda cheklovlar ikki soatga joriy etilgani aytilgan, keyin esa ular mahalliy vaqt bo‘yicha ertasi kuni soat 07:30 gacha uzaytirilganini AP agentligi xabar qildi.
14 yanvar kuni yevropalik amaldor Reuters’ga AQSh Eronga 24 soat ichida hujum qilishi mumkinligini aytgan. Bir kun oldin AQSh prezidenti Donald Tramp, agar Eron hokimiyati norozilik namoyishlarida qatnashganlarga nisbatan o‘lim jazosi haqidagi hukmlarni chiqara boshlasa, “juda qattiq harakatlar” bilan tahdid qilgan edi.
Donald Tramp 14 yanvar kuni “ishonchli manbalardan” norozilik aksiyalari ishtirokchilarini qatl etish endi rejalashtirilmayotgani haqida xabardor ekanini bildirdi. Shu kuni ertaroq Eron sud hokimiyati rahbari Golam Husayn Mohseni-Ejiyey namoyishlar paytida ushlangan 18 000 kishiga nisbatan sud ishlarini tezkor tartibda ko‘rib chiqish va ularning bir qismiga o‘lim jazosi hukmini chiqarish zarurligini aytgan.
Shu bilan birga, Eron tashqi ishlar vaziri FOX News’ga bergan intervyusida Eronda “umuman odamlarni osish rejasi yo‘q”ligini ta’kidladi.
Shu orada, Reuters va AFP, shuningdek CNN manbalarga tayanib xabar berishicha, AQSh 14 yanvar kuni Qatardagi Al-Udeyd aviabazasidan ayrim harbiylar va xodimlarga vaqtincha chiqib ketishni tavsiya qildi. AP bilan suhbatda amerikalik rasmiy bu qadamni ehtiyot chorasi deb atagan.
Qatardagi mazkur aviabazada doimiy ravishda taxminan 10 000 nafar harbiy xizmatchi va fuqarolik xodimlari joylashgan. U AQSh qurolli kuchlarining Yaqin Sharqdagi asosiy qo‘mondonlik markazlaridan biri ham hisoblanadi.
Eronda hukumatga qarshi noroziliklar 2025 yil 28 dekabrdan beri davom etmoqda. Dastlab aholi milliy valuta qadrsizlanishi fonidagi moliyaviy inqirozga qarshi chiqqan, ammo tez orada namoyishchilarning iqtisodiy talablari siyosiy talablarga aylangan.
Noroziliklar mamlakatning 25 viloyatidagi 60 dan ortiq shaharni qamrab olgan. Eng yirik aksiyalar Tehronda, shuningdek, g‘arb va janubi-g‘arbiy hududlardagi Malekshohi, Kermanshoh, Lordegan shaharlarida o‘tmoqda. Hukumat chiqishlarni bostirishga kirishgan, biroq voqealar bo‘yicha ishonchli ma’lumotlar yo‘q — bir necha kundan beri mamlakatda internet ishlamayapti. Norvegiyada joylashgan Iran Human Righs (IHR) huquq himoya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, noroziliklar vaqtida kamida 3428 kishi halok bo‘lgan, 10 mingdan ortiq odam hibsga olingan.
Mavzuga oid
10:33
AQSh O‘zbekiston fuqarolariga ham immigratsion viza berishni to‘xtatdi
09:42
Eron havo hududi yopilishi: Uzbekistan Airways, Jazeera va Fly One Asia reyslari yo‘nalishini o‘zgartirdi
09:09
Eron taqdiri uchun kurash: Rizo Pahlaviyning katta rejalari
22:51 / 14.01.2026