Jahon | 08:29
1186
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda alkogol savdosini cheklash taklif qilindi

Qozog‘iston majlisi deputati Magerram Magerramov mamlakat bo‘ylab alkogol mahsulotlari savdosini qat’iyroq tartibga solish taklifi bilan bosh vazirga deputatlik so‘rovi yo‘lladi. Uning ta’kidlashicha, bunday choralar mast holda sodir etilayotgan jinoyatlar soni yuqoriligi sababli zarur.

Foto: Depositphotos

Qozog‘istonda majlis deputati Magerram Magerramov bosh vazirga murojaat qilib, alkogol mahsulotlari savdosini kuchaytirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi. Uning fikricha, mamlakatda mast holda sodir etilayotgan jinoyatlar ulushi yuqori bo‘lib qolayotgani bu borada keskin choralar ko‘rishni talab etmoqda.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, qotilliklar va bezorilik holatlarining qariyb yarmi, har to‘rtinchi talonchilik va yo‘l-transport hodisalari, shuningdek, oilaviy-maishiy huquqbuzarliklarning aksariyati alkogol ta’siri ostida sodir etilmoqda. Deputat, shuningdek, voyaga yetmaganlar tomonidan mast holda jamoat tartibini buzish holatlari ham qayd etilayotganini ta’kidladi.

Asosiy takliflar qatorida:

  • do‘konlarda alkogol mahsulotlarining chakana savdosini soat 20:00 dan keyin, kafe va restoranlarda esa soat 22:00 dan keyin taqiqlash;
  • bolalar muassasalari atrofida 100 metr radiusda spirtli ichimliklar sotishga qo‘yilgan taqiqni qayta joriy etish;
  • alkogol sotuvi bilan shug‘ullanuvchi savdo nuqtalari sonini cheklash taklif etilgan.

Shuningdek, deputatlar alkogol mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkaga ega tovarlar ro‘yxatiga kiritish, alkogolning onlayn savdosini taqiqlash hamda yoshlar o‘rtasida alkogolizmning zararli oqibatlarini oldini olish bo‘yicha raqamli va media platformalar orqali profilaktika dasturlarini ishlab chiqishni mas’ul vazirliklarga topshirishni taklif qilmoqda.

Mavzuga oid