Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Buxoroda reyd: noqonuniy ov va ilon bilan “sirk” tomoshasi aniqlandi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) hamda hududiy boshqarma hamkorligida o‘tkazilgan reydlarda Peshku tumanida ruxsatnomasiz 8 dona kulrang g‘oz ovlangani, Buxoro shahrida esa fuqaro yo‘lbarssimon bo‘g‘ma ilon bilan tomosha o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya), Buxoro viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida navbatdagi reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Reyd davomida Buxoro viloyati Peshku tumani cho‘l hududida 2 nafar shaxs tomonidan 8 dona kulrang g‘oz hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ovlangani aniqlandi. Holat yuzasidan huquqbuzarlarga hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar — 3 mln 296 ming so‘m, shuningdek BHMning 50 barobari miqdorida jarima tayinlandi. Noqonuniy ovlangan g‘ozlar olib qo‘yilib, hujjatlar sud organlariga yuborildi.

Boshqa bir holatda esa Buxoro shahri Markaziy bozori avtoturargohida fuqaro F.M. yo‘lbarssimon bo‘g‘ma ilon yordamida “sirk tomoshasi” o‘tkazayotgani ma’lum bo‘ldi. Reyd paytida ilonga tegishli hech qanday hujjatlar mavjud emasligi hamda saqlash talablari buzilgani aniqlanib, hayvon tegishli tartibda olib qo‘yildi. Ilon veterinariya ko‘rigidan o‘tkazilib, vaqtinchalik saqlash uchun Somoniy bog‘ida tashkil qilingan hayvonot bog‘iga joylashtirildi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 5 noyabrdagi 736-sonli qaroriga muvofiq, 2025 yil 1 yanvardan jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitda, sun’iy yaratilgan joylarda yoki tutqunlikda saqlash taqiqlangan. Shuningdek, ushbu hayvonlardan davlat va ko‘chma sirklarda tomoshalar uchun foydalanish ham mumkin emas.
Mazkur holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 92-1-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar tegishli chora ko‘rish uchun sud organlariga yuborildi.
Mavzuga oid
23:12 / 14.01.2026
Xivadagi Kongress markazi va Farg‘onadagi ekspomarkaz loyihasi prezidentga taqdim etildi
12:05 / 10.01.2026
Buxoroda bir guruh voyaga yetmaganlar ishtirokidagi janjal holati o‘rganilmoqda
14:48 / 08.01.2026
Buxorodagi yangi aeroport 2027 yilning birinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilyapti
17:28 / 02.01.2026